Ushbu tanlovni tashkil etishdan maqsad innovatsion, ratsionalizatorlik va ixtirochilik g‘oyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish, yangi mahsulot chiqarish, mahsulot sifatini oshirish, yoqilg‘i va yoqilg‘i tejashga qaratilgan dolzarb vazifalarni hal etishda ijodiy salohiyat va resurslardan samarali foydalanishdan iborat. Bundan tashqari zavoddagi energiya resurslari, xomashyo, materiallar, mehnatni muhofaza qilish holati va boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarni faollashtirish ham ko‘zlangan.
Tanlovda ishtirok etish uchun 2020 yilning 1 dekabridan 2021 yilning 1 dekabrigacha 22 ta ratsionalizatorlik taklifi kelib tushdi. Tanlov natijalari sarhisobi ratsionalizatorlar tomonidan g‘oyalar taqdimoti shaklida namoyish etish va muloqot tarzida muhokama qilish formatida o‘tkazildi.
Taqdim etilgan takliflarda zavod faoliyatining turli yo‘nalishlari – jarayonlarni mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish, ikkilamchi resurslardan foydalanish, yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash, chiqindilarni qayta ishlash, xavfsizlik va atrof-muhit muhofazasini takomillashtirish, energiya samaradorligini oshirish va energiya xavfsizligini ta’minlash, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va sifatini oshirish, jarayonlarni raqamlashtirish mavzulari qamrab olingan.
Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra, K.R. Safarovning “21–Ye-20 issiqlik almashinish qurilmasi liniyasida filtr o‘rnatish” taklifi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa B.A. Haydarovning “Oqava suvlarni tozalash jarayonida qo‘llaniladigan alyuminiy sulfatni foydalanilgan adsorbentni qayta ishlash yo‘li bilan olish” va “Suyuq uglevodorodlar olish maqsadida neft shlamini piroliz yo‘li bilan qayta ishlash” taklifi munosib ko‘rildi. A.Sh. Saidov o‘zining “Vodorod liniyasida yangi issiqlik almashtirgichni o‘rnatish” taklifi bilan uchinchi o‘rin g‘olibi bo‘ldi.
B.Bahronov hamda X.Baqoyev “Buxoro NQIZning eng yaxshi yosh ratsionalizatori” nominatsiyasi bo‘yicha g‘alabaga erishdilar. G‘oliblar moddiy rag‘batlantirildi.
Ma’lumot uchun: Ta’kidlash joizki, zavod ishchi-xodimlari o‘rtasida ijodiy salohiyatni oshirish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish allaqachon yaxshi an’anaga aylangan. 2019 yilda “Eng yaxshi innovatsion g‘oya”, 2020 yilda “5 ta eng yaxshi innovatsion va investitsion g‘oya” tanlovlari o‘tkazilgan edi. Bunday tanlovlar xodimlarning yangi g‘oyalar yaratish va ularni hayotga tatbiq etish ishtiyoqini oshiradi.
“Buxoro NQIZ” MChJ Matbuot xizmati Ⓣ