Samarqandda taksi haydovchilardan «dolya» undirib kelgan jinoiy to‘da ushlandi

Jamiyat 17:25 / 19.02.2022 2672

Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Samarqand shahrida yashovchi, muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan 7 nafar shaxs “Samarqand-Navoiy” va “Samarqand-Buxoro” yo‘nalishida qatnovchi haydovchilardan zo‘ravonlik va tovlamachilik yo‘li bilan, doimiy yo‘nalishda taksichilik qilish uchun 300-500 dollar, kunlik qatnovchi haydovchilardan 30-50 ming so‘mgacha pulni tamagirlik yo‘li bilan undirib kelishgan.

Jinoiy guruh a’zolarining faoliyatiga qarshi chiqqan yoki so‘ralgan pul mablag‘larini bermagan fuqarolarga bir guruh uyushgan sportchilarni yollab, ular orqali jismoniy tazyiq o‘tkazib, zo‘ravonlik va og‘ir turdagi tan jarohatlari yetkazib kelishgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda guruh yetakchilari V.F. va E.D. tadbirga jalb qilingan fuqarolarga tovlamachilik qilayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan V.F. va E.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq huquqni himoya qilish organlari tomonidan Bulung‘ur tumanida litsenziyasiz kirakashlik qilib kelgan fuqarolardan pul undirish bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: