Kun.uz prezident stipendiyasiga nomzod talabalarning tanlov aniq baholash mezonlarisiz o‘tgani va hakamlar qo‘ygan ballar e’tirozlarga sabab bo‘lgani haqidagi murojaatini e’lon qilgandi. Mazkur murojaatga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati tomonidan raddiya e’lon qilindi.
Vazirlik ushbu maqolada ko‘rsatilgan vajlarni asossiz deb hisoblaydi va e’tirozlar yuzasidan quyidagi batafsil ma’lumotlarni keltiradi.
Dastlab, tanlov bosqichlari haqida qisqacha. Hujjat topshirish jarayonlarini raqamlashtirish orqali joriy yildan boshlab oliy ta’lim muassasalari tomonidan har bir nomzodga tegishli bo‘lgan hujjatlar to‘plami yangi ishlab chiqilgan stipendiya.edu.uz platformasi orqali qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Bu esa talabaning turli yig‘ma jildlar to‘plashi, ortiqcha xarajatlar qilishini batamom bartaraf etib, ularga qulaylik yaratdi. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, o‘tgan yillar davomida hujjat topshirishda inson omilining aralashuvi sabab ayrim talabalarda bu borada haqli e’tirozlar ham bo‘lgan.
Shundan so‘ng, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining tanlovni o‘tkazish bo‘yicha buyrug‘i qabul qilinadi. Ushbu hujjat bilan magistratura talabalari orasidan g‘oliblarni yopiq ovoz berish orqali tanlab olish bo‘yicha maxsus tanlov komissiyasi tarkibi hamda talabgorlarning ta’lim va ilmiy (ijodiy) tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha ekspertlar guruhlari tasdiqlanadi. E’tibor qaratish lozimki, tanlovlarning adolatli, yuqori mas’uliyat bilan va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida maxsus tanlov komissiyasi tarkibi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, vazirlik mas’ullari hamda boshqa idora va tashkilotlar mutasaddilaridan tuziladi. Joriy yilgi komissiya a’zolari orasida Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari (komissiya raisi sifatida) hamda Turizm va sport, Madaniyat vazirliklari, Fanlar Akademiyasining bir qator mas’ullari ishtirok etdi.
Raddiyaning to‘liq matni bilan mana bu yerda tanishish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan e’lon qilingan raddiyada Kun.uz orqali Prezident stipendiyasi tanlovi tashkiliy jarayonidagi kamchiliklarni tahlil qilib, e’tiroz bildirgan magistrlarning iddaolari asossizga chiqariladi. Biroq negadir vazirlik tanlov ishtirokchilari tomonidan sanab o‘tilgan ko‘plab kamchiliklar bo‘yicha munosabat bildirmagan.
Jumladan, raddiyada joriy yildan boshlab oliy ta’lim muassasalari tomonidan har bir nomzodga tegishli bo‘lgan hujjatlar to‘plami yangi ishlab chiqilgan stipendiya.edu.uz platformasi orqali qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgani, bu esa talabaning turli yig‘ma jildlar to‘plashi, ortiqcha xarajatlar qilishini batamom bartaraf etib, ularga qulaylik yaratgani ta’kidlanadi. Jarayon raqamlashtirilgani va inson omili aralashuvining oldi olingani tahsinga sazovor.
Biroq Kun.uz orqali tanlovni tashkillashtirish bilan bog‘liq e’tirozlari bilan bo‘lishgan talabgorlar platformaning ko‘plab kamchiliklari borligi, uning shoshilinch qilinganini bir qarashdayoq bilish mumkinligi, u Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori talablariga javob bermasligini aytgan bo‘lsa, TATU magistranti Sardorbek Salimov IT yo‘nalishidagi loyihalarni ilova qilish uchun alohida joy ajratilmagani bois amaliy ishlanmalarini boshqa hujjatlari orasiga qo‘shib, arxiv fayl sifatida biriktirgani, biroq tanlovdan so‘ng komissiya a’zolari va ekspertlar bilan suhbatlashganda ushbu fayllar ochib ko‘rilmagani va baholanmaganini aytgan edi.
Biroq raddiyada bu kabi e’tirozlar yuzasidan munosabat bildirilmagan.
Raddiyada ishtirokchilarning tanlovda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani haqidagi fikrlari asossiz ekani ta’kidlanarkan, komissiya ishida a’zo sifatida ishtirok etgan Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori M.Po‘latovning o‘zi rahbarlik qiladigan institut talabasining ishlarini baholashdagi ishtiroki yakuniy natijaga aslo ta’sir qilmagani, ya’ni “Iqtisodiyot” yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi emas, Toshkent moliya instituti talabasi g‘olib deb topilgani keltiriladi. Lekin negadir tanlov jarayonida Tibbiy fanlar yo‘nalishida stipendiyaga talabgorlarning ishini baholagan komissiya a’zolari safida O‘zMU rektori I.Majidov bo‘lgani va ushbu yo‘nalishda aynan u rahbarlik qilayotgan OTM, ya’ni O‘zMU talabasi g‘olib bo‘lgani haqidagi ma’lumot tushirib qoldirilgan.
Raddiyada I.Majidovning nafaqat o‘z bahosi bilan, balki boshqalarga ta’sir o‘tkazish yo‘li bilan tanlov natijasiga ta’sir qilgan-qilmaganiga oydinlik kiritilmagan.
O‘zbekistonda har bir yo‘nalish bo‘yicha malakali mutaxassislar yetarli bo‘lgan bir paytda nega O‘zMU va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektorlari o‘z talabalari qatnashgan yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalarga jalb qilinganiga to‘xtalib o‘tilmagan.
Vaholanki, oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘z talabalari qatnashgan yo‘nalishlar bo‘yicha komissiyalarga a’zo sifatida jalb qilinishi manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘lish ehtimolini inkor etib bo‘lmaydi. Bunday tajriba prezident stipendiyasi uchun tanlovning nufuziga soya solmay qo‘ymaydi.
Raddiyada agar bitta yo‘nalish bo‘yicha 10 ta nomzod hujjat topshirgan bo‘lsa, ular orasidan aynan test natijalari va ilmiy maqolalari salmoqli bo‘lgan eng kuchli 3 nafargacha nomzod keyingi bosqichga o‘tkazilishi, bunda xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega bo‘lganlarga ustunlik berilishi haqida so‘z boradi. Biroq talabgorlar Kun.uz’ga bergan intervyularida vazirlik mas’ul xodimi va komissiya a’zolari test hech qanday ahamiyatga ega emasligini, ekspertlar o‘zaro kelishuv asosida talabgorlarni suhbatga tavsiya etishlarini aytishganini ta’kidlashgan, buni Kun.uz muxbiri bilan suhbatda vazirlik boshqarma boshlig‘i ham tasdiqlagan, “agar faqat test natijasiga qarab nomzodlar suhbatga tavsiya qilinganda ishtirokchilarga nisbatan adolatsizlik bo‘lishi, sababi 70 foizdan ko‘p ishtirokchi testda umumiy ballning yarmidan kam ball to‘plaganini ma’lum qilgandi.
Ishtirokchilar va jurnalist bilan suhbatda boshqa, raddiyada boshqa ma’lumot berilayotganini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak.
Murojaatda talabgorlar ishtirokchilarning ishlari qanday baholanganini talab qilishganda bu rad etilgani, ishtirokchilarga hattoki o‘zlari topshirgan ishlari uchun qo‘yilgan baholar ham ma’lum qilinmagani aytilgandi.
Vazirlik raddiyasida negadir bu masalaga ham munosabat bildirilmagan.
Prezident stipendiyasi uchun o‘tkazilgan tanlovning barcha ishtirokchilari ishlari qaysi omillarga ko‘ra ular g‘olib deb topilgani, qaysi omillarga ko‘ra rad etilgani ham nomma-nom to‘liq ochiqlanmagan.
E’tirof etish joizki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov ushbu murojaatchilar bilan shaxsan uchrashib, ularning fikrlari va e’tirozlarini eshitishga tayyorligini aytdi. Kun.uz’ga murojaat qilgan talabalar vazir bilan uchrashish istagini bildirmoqdalar.
Garchi natijalari o‘zgarmasligi aniq bo‘lsa-da, Kun.uz nomli stipendiyalar uchun o‘tkaziladigan hamda to‘la shaffof bo‘lmagani uchun e’tirozlarga sabab bo‘lib kelayotgan saralash jarayonlaridagi muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratishda davom etadi.