SSV: O‘zbek shifokorlari Markaziy Osiyoda ilk bor qizilo‘ngach atreziyasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda tig‘siz jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi

Jamiyat 14:06 / 18.02.2022 9385

Muassasada xuddi shunday jajji bemorlarning ikki nafari o‘ta murakkab jarrohlik muolajasidan so‘ng sog‘ayib, hayotga qaytdi. Ularning ikkisi ham tug‘ma qizilo‘ngach atreziyasi bilan dunyoga kelgan. Avvallari bunday operatsiyalar chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilar edi. SSV matbuot xizmati xabar berishicha, bu gal qizilo‘ngach atreziyasining torakoskopik amaliyoti mahalliy shifokorlar tomonidan ilk bor mustaqil o‘tkazildi.

«Ayrim chaqaloqlarda qizilo‘ngachning berk bo‘lishi, umuman bo‘lmasligi yoki o‘pkaga borib ulanishi kabi holatlar uchraydi. Yaqin yillargacha yurtimizda qizilo‘ngach atreziyasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni saqlab qolish imkoni bo‘lmagan. Keyinchalik bunday dard bilan tug‘ilgan go‘daklarni operatsiya orqali davolay boshladik. Ammo o‘sha paytda bunday amaliyotlar kesish yo‘li bilan bajarilgan.

Yaqindan boshlab Rossiyaning Irkutsk bolalar klinik shifoxonasi xirurgi Yuriy Kozlov bilan hamkorlikda qizilo‘ngach atreziyasini torakoskopik usulda, ya’ni tig‘ tekkizmasdan operatsiya qilishni boshladik. O‘tgan yilning 29 va 31 dekabr kunlarida xuddi shu xastalik bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni operatsiya qildik. Qariyb 4 soat davom etgan murakkab amaliyot natijasi nafaqat bemorning oilasi, balki biz, shifokorlar uchun ham juda muhim edi. Chunki yuqori texnologik noyob operatsiyani ilk bor mustaqil amalga oshirgandik», deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev.

Ta’kidlanishicha, torakoskopik usuldagi xirurgik amaliyotdan so‘ng chaqaloqlarning to‘liq sog‘ayishi juda tez kechdi. Shu sababli qashqadaryolik M. Ravshanova va namanganlik N. To‘ychiyeva tug‘ma kasallik bilan dunyoga kelgan farzandlarini qisqa muddatda bag‘riga oldi.

«O‘g‘limga Rahmatullo deb ism qo‘ydik. Uzoq davom etgan jarrohlik amaliyoti natijasini hadik bilan kutdik. Endigina dunyo yuzini ko‘rgan farzandining operatsiya stoliga yotqizilishi ona uchun og‘ir. Bu sinov hech kimning boshiga tushmasin. Amaliyotdan keyin kelajakda hech qanday asorat qolmas ekan. Qo‘li yengil shifokorlarimizdan minnatdorman», deydi N. To‘ychiyeva.

Professor Baxtiyor Ergashevning ta’kidlashicha, bunday murakkab kasalliklarning tug‘uruqdan oldin aniqlanishi undan xalos bo‘lishning asosiy omilidir. Neonatal xirurgiyaning mohiyati shundaki, u xastalikni bola dunyoga kelgan ilk kunlardayoq oldini oladi. 

«Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘zbek neonatal xirurgiyasi Markaziy Osiyo davlatlaridan, hatto Rossiyaning ayrim hududlaridan ham yuqori saviyada ekani e’tirof etilmoqda.

Xususan, qizilo‘ngach atreziyasining torakoskopik operatsiyasi dunyoning sanoqli davlatlarida, faqatgina o‘ta malakali xirurglar tomonidan amalga oshiriladi.

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazi mutaxassislari esa o‘tgan yilning o‘zida 6 ta ana shunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘zlashtirdi. Bu esa nafaqat markazning, balki milliy tibbiyotimizning katta yutug‘idir», deya qayd etiladi SSV xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: