“O‘zbekneftgaz”: Prezident ta’lim muassasalari agentligi bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi

Jamiyat 16:30 / 18.02.2022 7454

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 iyundagi PQ–5188-sonli “Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida, talabalarni zamonaviy va istiqbolli korxonalar faoliyati bilan tanishtirish, zavodlardagi amaliy laboratoriya va malaka amaliyotlarini o‘tkazishni ta’minlash belgilab qo‘yilgan.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu Qaror ijrosini amalda bajarish maqsadida joriy yilning 17 fevral kuni “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev hamda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova tomonidan “Uzbekistan GTL” zavodida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi. 

Agentlik va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida imzolangan Memorandumda neft- gaz sohasida ta’lim sifatini oshirish, o‘zaro hamkorlik, nazariy hamda amaliy bilimlar almashish, tajriba almashinish, mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish sohasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash belgilab qo‘yildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish orqali nazariy va amaliy bilimlarni uyg‘unlashtirish, neft va gaz sohasi uchun zarur bo‘lgan yetuk kadrlarni birgalikda tayyorlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori boshchiligida, Agentlikning mas’ul xodimlari, “Yangi O‘zbekiston” universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, texnika fanlari doktori, professor Elyor Jumayev hamrohligidagi professor o‘qituvchilar, talabalar “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi “Uzbekistan GTL” zavodi faoliyati va Qashqadaryo viloyatida tabiiy gaz qazib chiqarilishidan qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq jarayon bilan yaqindan tanishdilar.

Foto: O‘zbekneftgaz

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad universitet talabalarining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlari hamda malaka amaliyotlari davlat organlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida o‘tkazilishini tashkil etishdir.

Memorandum doirasida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash maqsadida ixtisoslashgan fanlardan laboratoriya ishlarini “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarda tashkil etish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarni amalga oshirish, qisqa muddatli o‘qitish kurslari, konferensiyalarni tashkil etish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi “Uzbekistan GTL” zavodi ma’muriy binosida “Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun maxsus xonalar ajratilib, talabalarning amaliyot o‘tashlariga sharoit yaratilishi hamda zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan laboratoriya ajratilishini ma’lum qildi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: