Kun.uz saytida joriy yil 8 fevral kuni "6 sotix joyda 60 bosh novvos boqayotgan xonadon" sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda Baliqchi tumanining Tumor qishlog‘ida qoramol boqish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, shu mahallada yashovchi fuqaro Abdusamin Xusainov o‘zining 6 sotixli hovlisida 60 bosh zotli qoramollarni parvarish qilayotgani haqida so‘z yuritilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash, sohada ilg‘or texnologiyalarni keng qo‘llash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur masalaga e’tibor qaratdi.
“Yoki yer resurslari eng chegaralangan Andijon viloyatida, xususan Baliqchining Tumor qishlog‘idagi aholi xonadonlarida 20tagacha zotli qoramol boqish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mahallada yashovchi Abdusamin Husayinov 6 sotix hovlisida 60 bosh qoramol boqadi. Yerlari bepoyon bo‘lgan Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlarida bunday tajriba qachon paydo bo‘ladi degan savol meni qiynaydi", dedi prezident.
Yig‘ilishda Mirishkor va Chust tumanlari bilan bir qatorda yer resurslari cheklangan sharoitda xonadonlarda 20 tagacha zotli qoramol boqilayotgan Baliqchi tajribasini keng yoyish yuzasidan topshiriqlar berildi. Jumladan, 1 mayga qadar tomorqa xizmati korxonalari orqali Chust va Baliqchi tajribalarini barcha tumanlarda joriy etish va buning uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m ajratish, 1 sentyabrga qadar har bir viloyatda kamida 2 mingtadan xonadonga naslli chorva mollarini tarqatishni tashkil etish vazifasi mutasaddilar zimmasiga yuklandi.