“Ijarada turib bo‘lsa ham bolasini bizda o‘qitishadi” - Sergelidagi maktabning qanday ohanrabosi bor?

Jamiyat 17:55 / 17.02.2022 44819

Yurt farzandlariga harf tanitib, ularni ilmga-nurga yetaklayotganlar – muallimlardir. Yaqinda O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi unvonini olgan Nigora Saidxo‘jayeva va Sergeli tumanidagi 300-maktab jamoasi ham bolalarni ilm-ma’rifatli qilishga bel bog‘lagan ustozlardan bo‘ladi.

“Farzandlarini xususiy maktablardan ham qaytarib olib kelishyapti”

Nigora Saidxo‘jayeva 5 yildan beri Sergelidagi 300-maktab direktori sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu maktabda 5,5 mingga yaqin o‘quvchi bilim oladi. Bunday raqam xalq ta’limidagi kamdan-kam maktablarda uchraydi. Buning sababi – Nigora Saidxo‘jayevaning aytishicha, 300-maktabdagi darslardan ota-onalarning ko‘ngli to‘ladi.

Hatto xususiy maktabga olib ketganlar ham bolasini qaytarib olib kelmoqda. Ota-onalar, bolasini shu maktabda o‘qitish uchun yaqin atrofdagi uylarga ataylab kelib, ijarada turishadi, deydi u.

“Mana, kechagi misol. Ota-ona boshqa joyga ko‘chgani uchun bolasini maktabdan olishga majbur bo‘lgandi. Lekin bolasi yangi maktabga o‘rganolmabdi. Qiynalsak ham bolamizni sizning maktabda o‘qitamiz, deb qaytib olib kelishdi. Bolani oldik, o‘zining sinfiga qo‘ydik, xursand, 2-sinf o‘quvchisi, rahmat aytib ketishdi”, – deydi Nigora Saidxo‘jayeva.

Nigora Saidxo‘jayevaga O‘zbeksiton xalq o‘qituvchisi unvoni topshirilmoqda.
Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

O‘qituvchi o‘quvchi ko‘nglini topishi uchun, avvalo ustozning ko‘nglini topish kerak: o‘ziga iliq munosabatni, rag‘batni sezgan o‘qituvchi bolalarga mehr bilan ta’lim beradi. Shu sabab bu borada 300-maktab qanday yo‘l tutishi bilan ham qiziqdik.

“O‘qituvchiga rag‘bat bo‘lmasa, ish bo‘lmaydi. Pedagogni rag‘batlantirish vazifasini asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz. Rag‘batlantirish uchun homiylar topamiz. To‘g‘ri, hammani ham birday rag‘batlantirolmaymiz, qaysi o‘qituvchini rag‘batlantirish yutuqlaridan bilinib boraveradi. Hozir juda ko‘p musobaqa va olimpiadalar chiqqan. Ishlaydigan o‘qituvchi natijasi shularda ko‘rinadi”, – deydi direktor.

O‘quvchilarni iqtidoriga qarab yo‘naltirish haqida

O‘quvchilar iqtidorini aniqlash uchun 300-maktabda o‘ziga xos uslub yaratilgan. O‘quvchi 5-sinfga o‘tganda uning qaysi sohaga qiziqishi maktab o‘qituvchilari, psixologlari va ota-ona yordamida aniqlanadi. Undan keyin o‘quvchi iqtidoriga qarab maktabda tashkil qilingan “Kichik akademiya”, ya’ni o‘quvchilarning ijodiy uyushmasiga taklif qilinadi.

“Kichik akademiya” ilmiy kengashidagi faol o‘quvchilarni rag‘batlantirish marosimi.
Foto: Nigora Saidxo‘jayevaning shaxsiy arxividan

2001 yildan beri o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Malika Abdullayevaning aytishicha, “Kichik akademiya” 5 xil yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Birinchisi – fanlar kesimida iqtidorli o‘quvchilar, ikkinchisi – ilmiy ish, tadqiqotlar qiladigan o‘quvchilar, uchinchisi – ijodiy ish qiladigan, to‘rtinchisi – sport va madaniyat yo‘nalishi va oxirgisi – robototexnikaga qiziqadigan o‘quvchilar. Har bir o‘quvchiga bitta o‘qituvchi biriktirilib, yakka tartibda shug‘ullaniladi.

“O‘quvchilarga oktyabrda vazifa berilib, vazifalar aprelda kichik akademiya ilmiy kengashiga taqdim qilinadi. Topshirilgan ishlar ichidan himoyaga loyiqlarini olib qolamiz va yil oxiridagi hisobot festivalida rag‘batlantiriladi”, – deydi u.

Buning natijasi maktab o‘quvchilari yutuqlarida ham ko‘rinadi. “Masalan, – deydi Malika Abdullayeva – yaqinda bir o‘quvchimiz matematika fan olimpiadasidan g‘olib bo‘lgani uchun shahar hokimi stipendiyasini oldi. Boshqa o‘quvchimiz “Milliy cholg‘u” xalqaro tanlovida rubob bo‘yicha 2 karra g‘olib bo‘ldi. Yan bir o‘quvchimiz AQShning Vebster universiteti talabasi bo‘lib, grant yutib oldi. Bu – shu kecha-kunduzdagi yutuqlarimiz”.

Malika Abdullayeva "Kichik akademiya" ilmiy kengashi faoliga medal topshirmoqda.
Foto: Nigora Saidxo‘jayevaning shaxsiy arxividan

“Biz oddiy xalq bolalarini o‘qitamiz, ular repetitorga doim ham borolmaydi”

Xalq ta’limi tizimidagi maktablarda olingan bilim bilan OTMga kirish qiyinligi sir emas. 300-maktab jamoasining aytishicha, maktab bitiruvchilarining ko‘pi maktabning o‘zida o‘tiladigan fan kurslariga qatnaydi va o‘tgan yili 82 foiz bitiruvchi OTMga qabul qilingan. Buning siri nimada ekani ko‘pchilikni qiziqtirishi turgan gap. Direktor darsdan keyingi kurslarga ko‘p o‘quvchi jalb qilinishi bunga sabab bo‘lsa kerak, deydi.

“To‘g‘ri, repetitorga boradigan bolalarim ham bor. Lekin biz oddiy xalq bolalarini o‘qitamiz. Kattakonlarning bolalari kelib, bizdan ta’lim olmaydi. Bu maktabimiz joylashgan hudud bilan ham bog‘liq. Bitta oilada 3-4 nafar farzand yashaydi. Ularning hammasi repetitorga pul berolmaydi.

Bilasiz, darsdan keyingi mashg‘ulotlar juda qimmat. Shuning uchun biz bolalarning iqtidorini vaqtli aniqlab, ularni qiziqishiga qarab yo‘naltiramiz. Bola 10–11-sinfga chiqqanida iqtidori aniqlanib bo‘ladi. Shunga qarab, darsdan keyingi fan kurslariga qatnaydi. Ularga oliy toifali o‘qituvchilar biriktirilgan”, – deydi Nigora Saidxo‘jayeva.

Nigora Saidxo‘jayeva faol o‘quvchilarga “Faxriy yorliq” topshirmoqda.
Foto: Nigora Saidxo‘jayevaning shaxsiy arxividan

“Zamon bilan hamnafas bo‘lish emas, undan bir qadam oldinda yurish kerak”

Nigora Saidxo‘jayeva – 3 nafar farzandning onasi, 6 nafar nabiraning buvisi hamdir. Ko‘rinib turganidek, u direktorlik qilayotgan maktab yutuqlari ham kam emas. Bularning bariga ulgurish uchun charchadim demaslikni, hammasiga harakat qilib erishish kerakligini aytadi qahramonimizning o‘zi.

“Avvalambor, oldimizga hammadan bir qadam oldinda yurish maqsadini qo‘yganmiz, ana shu maqsadga intilamiz. Agar zamon bilan hamnafas bo‘lsangiz, yangiliklarga yetib ololmaysiz, chunki zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Biror yutuqqa erishish zamondan bir qadam oldinda yurishni taqozo qiladi”, – deydi u.

Tajribali ustoz o‘qituvchilarga munosabat sabab shu kasbni tanlaganidan pushaymon bo‘lgan vaqtlari ham bo‘lganini aytadi.

“Oldin o‘qituvchilarga munosabat ham boshqacha edi. Ko‘cha supurishga olib chiqishardi. Shunaqa holatda rosa xafa bo‘lardim. Nega endi mana shu kasbni tanladim, singlimga, akamga o‘xshab bankda stolda o‘tirib ishlasam bo‘lardi, deb o‘ylaganman. Lekin mana, 5 yil bo‘ldi direktor bo‘lganimga, kollektiv oldida bemalol ayta olamanki, ko‘chaga chiqib biror marta supurtirmaganman. Buning uchun texnik xodimlarimiz bor. 7 gektar yerim bor. Shu texnik xodimlar bilan eplayapman, hamma joyim toza, obod”, – deydi u.

“Kichik akademiya” ilmiy kengashi a’zolari.
Foto: Nigora Saidxo‘jayevaning shaxsiy arxividan

Marhamatdagi voqea

Nigora Saidxo‘jayeva yaqinda Andijonning Marhamat tumanida o‘quvchilari o‘qishga kirolmagani uchun o‘qituvchilarning ota-onalardan kechirim so‘rattirilishidan qattiq ranjiganini aytdi.

“Andijondagi voqeadan xafa bo‘ldim. O‘qituvchini turg‘azib qo‘yib, ota-onadan kechirim so‘rattirishga hech kimning haqqi yo‘q. Necha yildan beri o‘qituvchilik qilib kelamiz, lekin o‘quvchi oliy ta’limga kirmagani uchun o‘qituvchi javob bermaydi-ku. Nega o‘qituvchi turib kechirim so‘rashi kerak? Balki u yerda muhitni o‘zgartirish kerakdir. Balki boshqacharoq yondashish kerakdir. Nega o‘shaning ichiga kirmay turib, o‘qituvchiga kechirim so‘ra deyishdi, mana shunga xafa bo‘ldim.

Kim bunga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, avvalo muhitning ichiga kirib, nega shuncha o‘quvchi o‘qishga kirolmadi, sabab nimada, buni aniqlash kerak edi. O‘quvchining kundalik hayotini o‘rganish kerak edi”, – deydi u.

Maktab jamoasi hozir respublikada brend maktab yaratish tajribasi ustida ish olib boryapti. Ya’ni respublikada 3ta yo‘nalishda – prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘lsa, ularning safiga to‘rtinchi bo‘lib brend maktab yo‘nalishi ham qo‘shilishi mumkin. Bu yo‘lda maktab jamoasiga kuch-quvvat tilab qolamiz.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: