IIV YHXBBning ma’lum qilishicha, 2022 yil 15 fevral kuni soat 09:30 larda, Yakkabog‘ tumani, Amir Temur ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi B.Karimov tomonidan Nexia-3 mashinasining haydovchisiga xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtash ishorasi ko‘rsatilgan.
Haydovchi ishoraga bo‘ysunmasdan harakatda davom etgan. Ko‘rilgan choralar natijasida haydovchi to‘xtatilgan. YPX xodimlari tomonidan qoidabuzarlik bo‘yicha tushuntirish berilishiga qaramasdan haydovchi inspektorlarga faol qarshilik ko‘rsatgan va atrofdagilarning ham e’tiborini mazkur holatga qaratgan. Jarayon davomida atrofda bo‘lgan ayrim fuqarolar YPX xodimlarining o‘z xizmat faoliyatini bajarishiga xalaqit bergan.
YPX xodimlari tomonidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismi, 194- hamda 195-moddalari tartibida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, atrofda bo‘lgan, xodimlarning o‘z xizmat faoliyatini bajarishiga xalaqit bergan fuqarolar yuzasidan ham surishtiruv olib borilib, to‘plangan hujjatlarni o‘rganib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborish choralari ko‘rilmoqda.