Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda diniy masalalar bo‘yicha munosabat bildirishda demokratik tamoyillarni yodda tutishni hamda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmaslikni so‘radi.
«Afsuski, oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi mutaassib shaxslar, ayrim hollarda esa diniy soha vakillari tomonidan ham O‘zbekistonning din sohasidagi yagona davlat siyosatini noto‘g‘ri tushunish va baholash, yangiliklarni o‘z manfaatlariga moslab talqin qilish, voqelikni bo‘rttirib ko‘rsatish, insonlar fikrida noxolis munosabatni shakllantirishga bo‘lgan urinishlar kuzatilmoqda.
Birinchidan, shuni unutmaslik kerakki, biz dunyoviy, huquqiy demokratik, ko‘p millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.
Ikkinchidan, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda hech qaysi dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biror imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Uchinchidan, turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat, gap-so‘z va sa’y-harakat – turli dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga hamda diskriminatsiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi qo‘mita munosabatida.
Qo‘mita qonun ustuvorligi haqida eslatgan rasmiy shaxslarga diniy soha vakillari turli munosabat bildirayotgani, Adliya vazirligi O‘zbekistonda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish va qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha vakolatli organ ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning beshinchi va yettinchi moddasi talablari eslatilgan.
«Qonunning beshinchi moddasida quyidagilar keltiriladi: fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jamoat tartibiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, mazkur qonunning 7-moddasiga binoan, davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qo‘yish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar o‘rtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaydi.
Xulosa o‘rnida, fuqarolarimizdan diniy mavzu o‘ta hassos ekanini e’tiborga olib, internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozitsiyasiga munosabat bildirganda xolis bo‘lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat’iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi qo‘mita rasmiy munosabatida.
Joriy yil 7 fevral kuni jamoatchilikka yillik hisobot bergan adliya vaziri Ruslanbek Davletov diniy tashkilotlar ba’zi xodimlarining fikrlari jamiyatda muhokamalarga sabab bo‘layotgani haqida gapirgan edi.
[… Diniy tashkilotlarning ayrim vakillari chiqib u ishni qilsa bunday bo‘larkan, bu ishni qilsa bunday bo‘larkan, ma’lum bir viloyatdagilar bunday degan gaplariga huquq nuqtai nazaridan chidab turolmaymiz. Bu mumkin emas. Birinchidan, bu jamiyatimizda bo‘linishga olib keladi, ikkinchidan, diniy tashkilotlarning bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘q.
…Biz mana shu signal bilan barcha diniy tashkilotlarga, hamma domlalarimizga yetkazib qo‘ymoqchimizki, Adliya vazirligi sifatida bu faoliyatni nazorat qilamiz. Bu borada taqdimnomalar ham kiritib juda faol ishlaymiz. Chunki jamiyatimizni bu borada hech qachon bir joyga olib kelib bo‘lmaydi, hammaning o‘z fikri bo‘ladi, bu bo‘linishga olib kelaveradi. Shuning uchun qonunlarda «hamma o‘zi hal qiladi», deyilgan.
Mavzuni Devid Friman degan olimning fikri bilan yakunlamoqchiman. U «Odamlarga do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar» degan. Buni juda katta olimlar bekorga aytmagan, jamiyat rivojlanishi uchun juda katta ahamiyatga ega», degandi vazir.
Shundan so‘ng, uning gaplari ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ba’zi diniy ulamolar, xususan Mubashshir Ahmad va Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahmatulloh Termiziy vazirning so‘zlariga munosabat bildirdi.
Toshkent shahar bosh imomi xalq xudbinlik jamiyatida emas, davlat rahbarining siyosatiga asoslangan fuqarolik jamiyatida yashayotgani, bu jamiyatda yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu gaplar davlatning din borasidagi siyosati emas, balki bir vazirlikning pozitsiyasi ekanligini aytgandi.
Bunga qadar internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani aytilgan masjid imom noibi Solixon Ortiqxo‘jayev ishdan bo‘shatilgani xabar berilgan edi.