SSV: endi operatsiya uchun sun’iy navbatlarga chek qo‘yiladi

Jamiyat 11:07 / 15.02.2022 8166

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat bo‘ylab «Salomatlik kunlari» ijtimoiy aksiyasi boshlangani haqida xabar berdi.

«Yurtdoshlarimiz orasida og‘ir xastalikdan dard chekib, davolanishga imkon topolmay yurganlar kam emas. Respublika darajasida o‘tkaziladigan ba’zi murakkab operatsiyalar uchun poytaxtga kelishga ham qo‘li kaltalik qilayotganlar topiladi. Qolaversa, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida imtiyozli davolanish uchun yo‘llanma olgan, biroq navbati kelishini kutib turganlar ham bor.

Xastalik tufayli to‘shakka mixlanib qolganlarni uzoq masofadan Toshkentga olib kelishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Bundan tashqari, shifoxonada yaqinlari ularning holidan doimo xabardor bo‘lib turishlari kerak. Reabilitatsiya jarayonlari ham xuddi shunday e’tibor va parvarishni talab etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan ana shunday muammolarga yechim topish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab «Salomatlik kunlari» ijtimoiy aksiyasi e’lon qilindi.

Yetakchi shifokorlar bemorlar huzuriga keldi

Aksiya doirasida, avvalo, mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘magida xonadonma-xonadon o‘rganishlar olib borilib, yuqori texnologik operatsiyalarga muhtoj bemorlar ro‘yxati tumanlar kesimida shakllantirilmoqda.

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining bolalar urologiyasi, plastik va yuz-jag‘ jarrohligi, abdominal hamda intervension xirurgiya, kardioxirurgiya kabi o‘nga yaqin yo‘nalish bo‘yicha malakali shifokorlar, tibbiyot fanlari doktorlari va nomzodlaridan iborat guruhlar Jizzax viloyatida yashovchi bemorlar huzuriga keldi.  

Mutaxassislar dastlabki uch kunda qirqqa yaqin kishida murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishdi. Ba’zi operatsiyalar hududiy tibbiyot muassasalari moddiy-texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tumanlar kesimida ham bajarildi.

«Bu galgi «Salomatlik kunlari» avvalgi aksiyalarimizdan farq qiladi. Masalan, yurtimizda birinchi marta Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bemorlar operatsiyalari uchun zarur barcha sarflov vositalari oldindan olib berildi. Bu esa muolajalarga avvaldan puxta tayyorgarlik ko‘rish imkonini berdi.

Muhimi, barcha jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Hatto ba’zi operatsiyalar viloyatda ilk bor amalga oshirildi. Shu sababli bu yuqori texnologik muolajalar mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari ham bo‘lyapti. Kelgusida «Salomatlik kunlari» navbat asosida barcha viloyatlarda o‘tkaziladi», deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Umidulla Risqiyev.

«Farzandim qayta tug‘ilganday bo‘ldi»

Zominda yashovchi oila yetishmovchilik tufayli bemor farzandini Toshkentga olib kela olmagan.

«O‘g‘lim tug‘ma lab nuqsoni bilan dunyoga kelgan, 16 yildirki shu darddan aziyat chekadi. Bir necha marta operatsiya qildirdik. Lekin kutilgan o‘zgarishni sezmadik. Poytaxtdagi kuchli shifokorlarga ko‘rsatishga esa imkonimiz bo‘lmadi.

Shu sababli tuman tibbiyot birlashmasidan qo‘ng‘iroq qilib, bolangizni bepul operatsiya qilib beramiz, deyishganida quvonchim ichimga sig‘madi. Darhol viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yetib bordik. Poytaxtdagi Bolalar milliy tibbiyot markazidan kelgan malakali xirurglar shu yerda ekan.

Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozir o‘g‘limning ahvoli yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, endi uning yuqori lab va tanglay sohasidagi tug‘ma nuqson butunlay bartaraf etilib, yuz va jag‘idagi funksiyalar to‘liq tiklandi. Farzandim qayta tug‘ilganday bo‘ldi. Inson qadri uchun qilinayotgan xayrli ishlar, mana, xonadonimizgacha yetib keldi», deydi zominlik Nurali Esonboyev.

Xuddi shunday jarrohlik amaliyoti Jizzax shahrida yashovchi Gullola Oqilovaning 6 oylik chaqalog‘ida ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Qolaversa, respublika Bolalar milliy tibbiyot markazidan kelgan oftalmologiya va bolalar urologiyasi yo‘nalishlaridagi mutaxassislar ham jajji bemorlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarishmoqda.

«Operatsiya uchun to‘playotgan pensiyam yonimga qoldi»

Yillar davomida kasallik bilan kurashib, dardiga davo izlab yurgan bemorlar sanoqli soatlar ichida, beminnat va ortiqcha ovoragarchiliksiz xastalikdan forig‘ bo‘lmoqda.

Jizzax shahrida yashovchi 73 yoshni qarshilagan Zaynab ona Soatova shulardan biri. 

«To‘rt yil avval yurak xurujini boshdan kechirgandim. Shundan keyin ahvolim to‘liq o‘nglanmadi. Bir-ikki qadam bossam ham, hansirab, yurolmay qolardim. Ko‘krak qafasimda qattiq og‘riq paydo bo‘lardi. Muntazam dori ichib yurishim kerak edi. Shifokorlar kasalligimni davolash uchun operatsiya qilish kerakligini aytishdi. Lekin bunga iqtisodiy imkoniyatimiz yetmagan.

Mana, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan biz kabi ehtiyojmand bemorlarda bepul operatsiyalar amalga oshirilayotganidan xabar topdik. Shifokorlar yuragimga stend qo‘yishdi. Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman. Bir-ikki kundan keyin uyga javob berisharkan.

Darddan qutulganimdan xursandman. Operatsiya uchun to‘rt yildan beri pensiyamdan orttirib pul yig‘ayotgandim. Bu kutilmagan mo‘jizaday bo‘ldi. Toshkentdan shifokorlar kelib, meni o‘z shahrimda, buning ustiga, bepul operatsiya qilishini xayolimga ham keltirmagandim. Davlatimiz mehr-e’tiboridan chetda qolmayotganimiz shu-da...», deydi onaxon.

Jizzaxda «Salomatlik kunlari» doirasidagi operatsiyalar davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: