Namanganlik «uchastkavoy» ishini ko‘rib chiqayotgan sud raisi lavozimidan bo‘shatilishi mumkinligi aytilmoqda

Jamiyat 19:55 / 14.02.2022 15971

Baxtiyor Tavakkalov ichki ishlar vaziriga murojaat qilgani ortidan qamoqqa olingan namanganlik sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev ishini ko‘rib chiqayotgan edi.

Manbaga ko‘ra, Baxtiyor Tavakkalovning nafaqaga chiqishiga atigi 6 oy muddat qolgan bo‘lgan.

Uning vakolati muddatidan avval tugatilishiga shu sudning sobiq sudya yordamchisi 700 AQSh dollarini pora tariqasida olayotganda qo‘lga olingani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Kun.uz ushbu masala yuzasidan Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari Tursunali Akbarov bilan bog‘landi. U Baxtiyor Tavakkalovning faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini tasdiqladi. 

Qayd etilishicha, yaqin vaqt ichida Sudyalar oliy kengashida xizmat tekshiruvi natijalari ko‘rib chiqiladi. Sud raisiga nisbatan qanday chora ko‘rilishi Kengash yig‘ilishi qaror qabul qilganidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq JIB Namangan shahar sudida ishi ko‘rilayotgan sudlanuvchining otasiga shu sudda 2021 yil dekabr oyiga qadar sudya yordamchisi lavozimida ishlagan shaxs taklif bilan chiqib, ish bo‘yicha “yengillik qilib berish” evaziga 1 000 dollar so‘ragani, kelishilgan puldan 700 dollarini olayotganda qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida 13 yanvardan boshlangan sobiq profilaktika inspektori ishi sud majlislarida guvohlar va jabrlanuvchilar bergan ko‘rsatmalar eshitilib shu kunga qadar sud jarayoni davom etayotgan edi. Sobiq sudya yordamchisining pora bilan qo‘lga tushishi voqeasi ortidan sud majlisi bir necha marta qoldirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: