Avval yirik shaharlarda, keyinchalik tumanlarda va qishloqlarda shunday savdolar ko‘p kuzatildi. Maqsad oddiy va tushunarli: tashlandiq binolar ishlatish istagida bo‘lganlarga bepul beriladi, yagona sharti — ma’lum miqdorda mablag‘ kiritish va ish o‘rinlari yaratish lozim. Lekin qarovsiz yotganida hech kimga kerak bo‘lmagan binolar tadbirkor epaqaga keltirganidan keyin byurokratiya obektiga aylanib qolishi va xususiylashtirib berilmasligi holatlari ham uchramoqda.
Jizzax viloyati Zarbdor tumani Shodlik mahallasidagi eski omborxona binosi ko‘p yillar davomida egasini topmay tashlandiq holda yotdi. Nihoyat binoni kimgadir ishlatish uchun berish va obod qilish fikri tug‘iladi va ma’lum shartlar asosida «0» qiymatda sotuvga chiqariladi.
«Golden Key Material» MChJ muassisi, 25 yoshli tadbirkor Anvar Burhonov xaridor bo‘lib, bu binoni sotib oladi. Investitsion majburiyat sifatida bir yil davomida 650 mln so‘m miqdorida investitsiya kiritish, mazkur binolarning 60 foizini ishga tushirish va kamida 6 ta ish o‘rni yaratish yuklanadi.
Hammasi kelishilganidan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jizzax hududiy boshqarmasi, «Golden Key Material» MChJ va obekt joylashgan Zarbdor tumani hokimligi o‘rtasida 2020 yil 22 oktyabrida 143-sonli uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Anvar Burhonov ishga kirishadi va bir yil muddat ichida belgilangan jadvalga muvofiq zarur mablag‘ni kiritadi, qator qurilishlar qiladi va tashlandiq joy tuppa-tuzuk ishlab chiqarish obekti shakliga kiradi. Xaridor «Golden Key Material» MChJ negizida bu yerda qurilish materiallari, jumladan, suyuq gulqog‘ozlar va turli bo‘yoqlar ishlab chiqarishni rejalashtirgandi.
Suratlardan ko‘rinadiki, binolar ishlab chiqarish uchun mos holatga keltirilgan. Chunki qurilish mollari ishlab chiqarish uchun hashamdor va chiroyli inshootlarning hojati yo‘q, odatda chang bo‘ladigan va tozalikni saqlash qiyin bo‘lgan jarayonga mana shunday kirchimol binolar zarur.
Xullas, yil ham yakuniga yetadi, Anvar Burhonov o‘z zimmasidagi mas’uliyatni bajargan investor sifatida obektga to‘laqonli egalik huquqini rasmiylashtirish uchun harakat boshlaydi. Mana shu nuqtada yosh tadbirkor muammolarga duch keldi.
«Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasiga zarur hujjatlarni topshirdim. Lekin Davlat arxitektura-qurilish nazorati (GASN) hududiy inspeksiyasi inspektori kelib, arzimas muammolarni ko‘rsatgan holda obektni tayyor emasga chiqaryapti. Bittasi hudud maydonini shag‘albeton yersuvoq (styajka) qilib chiqish. Holbuki, bu majburiyat shartnomada ko‘rsatilmagan. Ikkinchisi — devorlarning bo‘yalmaganligi. Chindan ham devorlarni bo‘yaganimiz yo‘q, chunki umuman o‘zi bizning ishlab chiqarishimizga bo‘yalgan devorning keragi yo‘q. Endi chiroyli bo‘lsin deyiladigan bo‘lsa, uni ham vaqti kelib qilaman. Kelajakda nafaqat bo‘yash ishlari, balki hududda qo‘shimcha qurilishlar qilishni ham rejalashtirganman. Faqat hozir keyingi bosqichlarni qilish uchun egalik huquqini qo‘lga kiritishim lozim.
Yosh tadbirkorman, o‘zi investitsiya majburiyatlarini bajarguncha juda qiynaldim. Hozir menga har qanday xarajat ortiqcha. Tezroq obektimga egalik huquqimni qo‘lga kiritib, ishlab chiqarishimni xotirjam rivojlantirsam deyman. O‘zingiz tushunasiz, mulk egasi bo‘lib ishlash boshqa, ertaga nima bo‘larkin», — deydi yosh tadbirkor.
Tanganing ikkinchi tomonini o‘rganish uchun tegishli tashkilotlar bilan ham bog‘landik. Davlat aktivlari agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Kun.uz bilan suhbatda «Golden Key Material» MChJ investitsiya majburiyatlarini deyarli bajarib bo‘lgani, jumladan, belgilangan qiymatdagi mablag‘ sarflangani, ish o‘rinlari yetarli darajada yaratilgani va ishlab chiqarish jarayonlari boshlab yuborilganini bildirdi. Tadbirkor mas’ul idoralardan tegishli xulosalarni olib kelib, taqdim etganidan so‘ng xususiylashtirish jarayoni belgilangan tartibda yakuniga yetkazilajagini aytdi.
Ya’ni amalda masala taqalib turgan tashkilot — Davlat arxitektura-qurilish nazorati (GASN) hududiy inspeksiyasi xulosasi olinsa, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishda muammo yo‘q. Lekin GASN vakillari tashqi bezaklar uchungina obekt hujjatlarini rasmiylashtirishdan bosh tortib turibdi. Xo‘sh, vaziyat teskari ketsa va tadbirkor tashqi devorlarga lozim darajada pardoz bermasa, shartnoma shartlarini bajarmaganlik da’vosi bilan obekt qaytarib olinadimi?
Bu savolga Davaktiv vakili ancha bosiqlik bilan va murosa ohangida javob berdi: «Binoga egalik huquqini berish faqat bizning tashkilotga bog‘liq emas. Barcha ishlar bajarib bo‘linganidan keyin komissiya shakllantiriladi va unda bir nechta tashkilotlar, hokimlik vakillari bo‘ladi. Ana shu komissiya xulosasiga ko‘ra hujjatlar rasmiylashtiriladi. Agar shartnoma shartlarini bajarmaslik holati qayd etilsa, sudga obektni qaytarib olish bo‘yicha da’vo arizasi kiritiladi.
Bu tadbirkorning harakatlaridan xabarim bor, ancha ishlarni bajarib qo‘ydi. Hozir tadbirkorlarga barcha sharoitlar yaratilyapti. Menimcha, bu holatda ish bungacha bormasa kerak».
Davlat arxitektura-qurilish nazorati (GASN) hududiy inspeksiyasi vakili Ixtiyor Isaqulov esa Kun.uz bilan suhbatda mazkur obektda investitsiya shartlari to‘liq bajarilmaganini aytmoqda.
«Bu yerda qurilish yakunlanmagan. Qolaversa, tadbirkor 200 mln so‘mlik loyiha boshlagan. Lekin ishlarni loyiha bo‘yicha bajarmagan, holatni o‘rganganimda loyihadagidan farq aniqladim va tegishli ko‘rsatmalar berdim. Chunki zilzila bo‘lishi mumkin, boshqa holatlar kuzatilishi mumkin. Bino 100 foiz tayyor holatga keltirilmaguncha ijobiy xulosa berish – biz tomonimizdan kamchilikka yo‘l qo‘yish hisoblanadi», — dedi u.
Bir qarashda hamma o‘zicha haq. Lekin bu yerda boshqalarda, ayniqsa davlat tashkiloti mas’ullarida tavakkalchilik yo‘q, mol-mulk yoki mablag‘i mavhumlik ostida qolmayapti va tabiiyki, ular uchun gapirish, talab qo‘yish oson. Yosh tadbirkor esa shuncha ishni bajarib turib ham mulkiga egalik qila olmayapti. Hali egalik huquqi berilmagan mulkni qo‘ying, bunday huquq o‘nlab yillar amal qilgan obektlar ham yaqin tariximizda ayovsiz buzib tashlangani yoki olib qo‘yilganini hisobga olsak, tadbirkorning hadigi sababini osongina tushunish mumkin.
Abror Zohidov
P.S. Xuddi shunga o‘xshash holat Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan DXSh shartlarida tenderga chiqarilgan yer maydonini yutib olgan yosh tadbirkor Alisher Hotamov Buxoro viloyat shaharsozlik kengashining ijobiy xulosasini ololmay sarson. Saytda bu masala bo‘yicha alohida reportaj tayyorlanishi rejalashtirildi.