Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida Toshkentda tramvay faoliyati tiklanishi borasida gapirdi.
2016 yil mayida Toshkentda 115 yillik tarixga ega tramvay faoliyati tugatilgandi. O‘tgan haftada faollar «tramvayning qaytishi»ni tarixiy yangilik deb baholashdi.
Toshkent tramvayi qanday bo‘lishi kerak?
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev qayta tiklanadigan tramvay qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlarini bildirib, xorij tajribasidan misollar keltirdi.
«Birinchi suratda — Neva elektr transporti zavodining «Vityaz» tramvayi. Ikkinchi suratda — xuddi shu zavodning «Lev» nomli tramvayi. Uchinchi suratda — Minskda shveysariyaliklar bilan birga yig‘iladigan Stadler «Metelitsa» tramvayi. To‘rtinchi suratda — Istanbuldagi Alstom Citadis'ning ikkitalik sostavi, Fransiya mahsuloti. Beshinchi suratda — Dubaydagi Alstom Citadis tramvayi. Oltinchi suratda — Pragadagi Skoda T15 tramvayi.
Qayta tiklanadigan Toshkent tramvayi ham mana shunday zamonaviy, katta sig‘imli, metrodan qolishmaydigan bo‘lishi, eng asosiysi, yo‘lovchilarning hozirgi, yangi shakllangan oqimlarini hisobga olib, metro, hatto avtobus uchun ham noqulay (yo qimmatga tushadigan), ammo aholisi jamoat transportisiz qiynalayotgan va yana 50 yildan keyin ham qiynalishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab olgan holda qurilishi kerak», – deb yozdi jurnalist.
«Shaharga 90 yillar oxiri – 2000 yillardagi jamoatchilik transporti o‘sish dinamikasini qaytarish kerak»
Bloger Shahnoza Soatova o‘z blogida A’zamxo‘jayevning Toshkent jamoat transporti nostalgiyasini qo‘llab, o‘z xotiralari haqida yozdi.
«Muhrimdan kattaroqman, men o‘sha qizil tramvaylarni ko‘rgan avlod vakiliman.
8-tramvay yurardi – Beshqayrag‘och – Vokzal marshrutida: 15-20 daqiqa, ba’zan 3-5 daqiqa kutardik, ya’ni vaqt oralig‘i yo reglamentlanmagan, yo unga rioya qilinmasdi – omadga bog‘liq. Ko‘pincha tiqilinch bo‘lardi, aytishlaricha, xolamning ikkita qilib o‘rilgan uzun sochlarining bitta o‘rimini bezorilar shu 8-tramvayda kesib olishgan. Xolam sezmaganlar, tushgach bilib qolganlar (bu naqadar tiqilinch bo‘lganini baholash uchun).
Ba’zan tok o‘chib, soatlab tramvay kelmay qolardi – bekatda bo‘lsak, sabr bilan kutardik, tramvayda bo‘lsak, o‘tirgandan ko‘ra yuraturaylik, tok kelsa yo‘l-yo‘lakay chiqib olarmiz deb piyoda ketardik. Bekatlar nomiga bekat, soyaboni ham yo‘q edi – nolimasdik. Avtobus esa...
12 yoshlarimda tog‘amnikiga boramiz deb 64-marshrutli avtobusni 50 daqiqa kutganimiz, baribir kelmagach, uyga qaytib kirib ketganimiz esimda (transport rejalarimizni o‘zgartirib yuborardi ba’zan).
Talabaligimda ham, uzoqdan shu oltmish to‘rtning qorasi ko‘rinsa, shoshib-yugurib qolardik – «shoshmishto‘rt» derdik hazillashib. Ulgurmasak, yo‘lchipta o‘tmaydigan «marshrutka»ga qimmatroq to‘lash kerak bo‘lardi-da.
Aytgancha, «vuzgorodok»da bir necha talabalar kayfda sho‘xlik qilib, oxirgi bekatda turgan trolleybusni haydab ketishgan ekan. «Ertasiga darsga minib kelishmoqchi bo‘lgandir-da maqtanib» deb rosa kulgandik.
Lekin bir jihati, eng yaxshi jihati shu ediki, variantlar ko‘p bo‘lardi. Avtobus kelmasa, tramvay, tramvay kelmasa, trolleybus... Biridan biriga sakrab ketaverardik, yo‘lkira ham qimmat bo‘lmagan, yo‘lchiptamizga ishonardik ham. Transport turlari esa ko‘p edi.
Taksi – hashamat edi, albatta. Bolaligimda «chiq-chiq» qilib har 100 metrga 2 tiyindan uradigan hisoblagichi bor taksida yurganim esimda. Juda kam chiqardik, taksida yurgan kunlarmiz bayram edi. Taksilar ham, mashina ham kam bo‘lardi».
Shahnoza Soatova shaharga 90-yillar jamoat transportini qaytarish kerakligiga urg‘u berdi.
«Bora-bora qulay «Shkoda» tramvaylari va trolleybuslari keldi, interval kamaydi, soni ko‘paydi, yangidan yangi marshrutlari ochildi, bekatlar soyabonli, do‘konli, reklamali bo‘ldi. Bolalarim mashinada emas, tramvay-metroda yuraylik deb talab qilishardi – parkdagi attraksiondan kam joyi yo‘q «kataysa». Ya’ni bir davr keldi, Toshkentda Muhrim aytganidek, jamoatchilik transporti ancha rivojlandi.
Keyin esa... trolleybus yo‘qotildi, so‘ngra tramvay... so‘ngra avtobuslar yona boshladi... Tramvay Toshkentda oxirgi kunlarni yashayotganda qizim dadasi bilan aylanib kelishdi, bolada yaxshi xotira qolishi uchun.
Muhrim Londonni tilga olibdi. Men Gaagani misol keltiray: u yerda tramvay va veloyo‘laklar shaharning asosiy qon tomirlaridir. Mashinalar kam, yashil hududlar ko‘p, tramvaylar zamonaviy, odamlar madaniyatli – veloyo‘lakda pista chaqib yurishmaydi, piyodalar yo‘lagidan yurishadi faqat. Xullas, jamoatchilik transporti borasida biz intiladigan marralar uzoq, lekin ularni egallashimiz shart.
Shaharga 90-yillar oxiri – 2000-yillardagi jamoatchilik transporti o‘sish dinamikasini qaytarish kerak!»
«Tramvayni qaytarish «qo‘l tegdi, chiqdi shimildiriq» bo‘lmaydimi?»
Bakiroo kanali muallifi Otabek Bakirov tramvayni qaytarish xushxabaridan keyingi tug‘ilgan savollarni o‘rtaga tashladi.
«Toshkentga tramvaylarning qaytarilishi to‘g‘risidagi xabar nafaqat doimiy navbatchi qarsakbozlarni, balki eng ashaddiy tanqidchilarni ham quvontirib yubordi. Voqelik butun dunyo bo‘ylab aks-sado berdi. Hukumat vaqti-soati bilan xalqning xohishlarga ham quloq tutib turishi shu o‘rinda ayniqsa bilindi.
Lekin baribir qator savollar paydo bo‘ldi.
Tramvay yo‘llarini qurish va tramvaylarni sotib olish loyihasi hech bo‘lmasa ochiq xalqaro tender shartlari orqali ma’qullanadimi? Yoki yana tendersiz va konkurssiz harakatlarga guvoh bo‘lamizmi?
Tramvayni qaytarish loyihasini tayyorlash tramvayni o‘ldirish orqali milliardlab pul ishlagan, haliyam transport tizimida qolayotgan shishib bo‘zargan o‘laksaxo‘rlarga topshirilmaydimi?
Oxirgi 5 yildagi reputatsiyasi hammaga ma’lum Ramatov va Artikxodjayev kabilarni, ularning tuzilmalarini tramvayni tiklashdek ezgu ishlardan chetroq ushlash mumkinmi?
Tramvayni qaytarish «qo‘l tegdi, chiqdi shimildiriq» qabilida bo‘lmaydimi? Qanaqadir uzoq Sergeli yo Qo‘yliqda 3 km tramvay yo‘li qurish bilan ish bitdiga chiqmaydimi?
Toshkentning asl tramvay ko‘chalari Lutfiy, Muqimiy, Shota Rustaveli, Usmon Nosir, Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ko‘chalarga tramvay qaytadimi?
Tramvayning qaytishi metro qurilishi orqali milliardlarni o‘g‘irlamoqchi bo‘layotgan muttahamlarga qo‘l kelib qolmaydimi? Masalan, TTZ yo‘nalishida ham metro, ham tramvay qurilishi megaproyektlari kun tartibiga chiqmaydimi?» – deb yozdi iqtisodchi.
«Puxta o‘ylanmasdan bir liniya ham barpo etilmasligi kerak»
Iqtisodchi Botir Qobilov ham tramvayning qaytishi fonidagi yangiliklardan keyin jamoat transporti bilan bog‘liq xavotirlarini bildirdi.
«Nimagadir xavotirdaman.
Umuman olganda, jamoat transportining rivojlanishi kattaroq jarayon – avtomobillashtirish siyosati va amaliyotining chekinishi bilan bir paytda bo‘lishi kerak. Aks holda, shartli 10 polosalik yo‘lni yanada kengaytirib, tramvay relslari uchun qo‘shimcha qatnov qismini ajratish muammosini yechmasdan uni badtar qilishi tabiiy. Shuning uchun tramvay qaytishi bilan tramvay qaytishining farqi bo‘lsa kerak.
Tramvay qaytishi bu aholining nafaqat romantizmi yoki uni sog‘ingani uchun emas, balki tramvay shaharlar uchun samarali, tejamli, qulay va atrof-muhitga xavfsiz transport turi ekanligini bilib va eng muhimi, uning 100 yillik tarixiga chek qo‘yib, avvalroq olib tashlangani noto‘g‘ri bo‘lganini tan olgan holda qaytishiga umid qilamiz. Bundan tashqari, avval mavjud bo‘lgan tramvay yo‘liga metro liniyasi qurilayotgani ham qanchalik to‘g‘ri ekanligi haqida o‘ylashimiz kerak (budjet nuqtayi nazaridan, isrofgarchilik nuqtayi nazaridan va logika nuqtayi nazaridan). Aynan 2016 yildan oldingi tramvay emas, zamonaviy LRT kerak. Puxta o‘ylamasdan bir dona liniya barpo etib «mana u rostdan ham hech kimga kerak emas ekan» degan xulosa paydo bo‘lishidan qo‘rqaman. Shaharlar qanday va kim-kimga ishlashi kerakligi haqidagi tushunchamizni hali umuman shakllantirmasdan qilingan har qanday loyihaga tabiiyki skeptizm bor.
Aslida Toshkent ko‘chalarini bir asrdan ko‘proq tarixga ega tramvay/trolleybuslar hech qachon tark etishi kerak emas edi. Tramvay vagonlari va relslari metallolomga, tramvay deposi esa ko‘ngilochar savdo markaziga aylanishi kerak emas edi. Tan olish joiz, men tramvay/trolleybus/jamoat bog‘lari ertaga emas, yaqin kelajakda qaytishiga umid qilgan edim. Boshqa avlod vakillari tomonidan. Avvalgi xatolar tan olinib, ochiq tender asosida pulni tejab, shaffof mexanizm bilan keng jamoatchilik muhokamasi va ovoz berish orqali, avtomobilchi byurokratlar emas, faqat mustaqil (ular faqat Turkiyadan bo‘lishi shart bo‘lmasa kerak?) va o‘z kasbining mutaxassislari fikrlari orqali va eng muhimi - saylangan vakillar/hokimlar boshchiligida bo‘lishiga umid qilgan edim. Meni biroz muddatdan beri kuzatayotgan bo‘lsangiz, tramvay/trolleybus va sog‘lom shaharsozlik uchun har doim ikki qo‘lim bilan «ovoz beraman». Hozir esa nimadandir men xavotirdaman…»
Botir Qobilov shaharsozlik progresida boshlang‘ich nuqtadan ortga chekinilgani borasidagi afsuslarini ham bildirgan.
«Toshkent hozirgi kunda nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun Osiyoning eng ekologik toza, yashashga, harakatlanishga qulay va xavfsiz shaharlaridan biri bo‘lishi mumkin edi. Aholiga zamonaviy va atrof-muhitga zarari kam transportlar – trolleybus va tramvaylarga ega, ko‘chalari piyodalar uchun xavfsiz, daraxtli va ko‘kalamzor ko‘chalari, parklari, ko‘llari bor, ariqlarida suv oqadigan, rayonlar/mahallalar ichidagi har bir santimetr yerga beton quyilmagan shahar kerak, xolos. Bizda bunga yaqin shahar bor edi. Rasmdagi 1988 yilgi Toshkentda masalan g‘arbdagi aksariyat shaharlar orzu qiladigan zamonaviy va namunaviy shaharsozlik belgilari bor ekan. Tramvay, trolleybus, keng bo‘lmagan yo‘llar, daraxtlar, rasmga tushmagan, lekin sal o‘ngroq tarafda sobiq milliy bog‘dagi ko‘l ham bor…
Xullas, 35 yillik vaqt o‘tsa ham progressda boshlang‘ich nuqtadan oldinga emas, balki ortga chekindikmi deb o‘ylayman, shaharsozlik va infrastruktura masalasida. Avval mavjud bo‘lgan narsani o‘z qo‘limiz bilan olib tashlab, shartli 30 yildan so‘ng uni yana qayta tiklashimiz bizni xursand qiladigan emas, balki kamida chuqur o‘ylantiradigan belgi. Maqolning teskarisini aytganda, yetti kesib, bir o‘lchaydigan bo‘lib qolganimiz biroz achinarli. Axir bu jarayonda biz nafaqat katta moddiy zarar qilgan bo‘lamiz (budjet rezina emas - banket kimning hisobiga?), balki qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlar bilan rivojlanishdan qolib ketgan bo‘lamiz», - deb yozdi u.