Surxondaryoda YPX inspektoriga 7 mln so‘m pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi ushlandi

Jamiyat 11:27 / 12.02.2022 2164

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 10 fevral kuni Termiz shahar Ibn Sino ko‘chasida xizmat olib borayotgan Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB 1-safarbar guruh YPX inspektori safdor R. Sh. davlat raqami 75 G 552 DA bo‘lgan Tico mashinasini to‘xtatgan. O‘zaro muloqot vaqtida inspektor haydovchi B.Z.dan spirtli ichimlik hidi kelayotganini sezadi.

YPX inspektori alkotestor moslamasi orqali tekshirib, haydovchining (0.318 mg/l) mastlik holatini aniqlaydi. Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi va mashinani vaqtinchalik saqlash jarima maydoniga joylashtiradi.

Shundan so‘ng fuqaro B.Z. YPX inspektori xizmat olib borayotgan joyga borib, unga nisbatan chora ko‘rmasdan, 7 million so‘m evaziga mashinani jarima maydonidan chiqarib berishini iltimos qiladi. YPX inspektori R. Sh. fuqaroga bu taklifi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishini, jinoyatga boshlamasligini aytib tushuntirishiga qaramay haydovchi B.Z. pora taklif qilishda davom etadi.

O‘z navbatida, YPX inspektori viloyat IIB boshlig‘i nomiga fuqaro B.Z.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab bildirgi bilan murojaat qiladi. Ushbu bildirgiga asosan 2022 yilning 11 fevral kuni soat 20:00 larda viloyat IIB ShXBB hamda prokuratura departamenti Termiz shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkaziladi. Tadbir davomida fuqaro B.Z. YPX inspektori safdor R.Sh.ga 7 million so‘m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan va holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: