“Meni eshak o‘g‘risi deyishadi” - bir savdogar hikoyasi

Jamiyat 10:47 / 12.02.2022 38778

Kupe eshigidan choy olib kirishdi. Bu ichimlik dilkash suhbatga juda munosib. Qarshimdagi 43-45 yoshlardagi kishi bilan dastlab umumiy gaplardan nariga o‘tmadik. Gap orasida Mavlon akaning tadbirkorligini, dukkaklilarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanishini bilib qoldim.

“Ko‘p bolali, kambag‘al oilada ulg‘ayganman. Maktabni bitirdim, qobiliyatim bo‘lsa-da, o‘qishga kirishim to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Hali o‘quvchiligimdayoq og‘ir mehnat ostida edim, bitirganimdan keyin ham qishloqning mashaqqatlari kutib turardi. Ikki yil tinim bilmadim. Negadir shuncha urinsak-da, hech ro‘zg‘orimizga baraka kirmasdi. Bilmadim, o‘shanda o‘zi shunaqa qiyin yillar bo‘lganmikan...

Bir qarashda oddiy qishloqning oddiy hayoti, millionlab kishilar shunday yashashadi. Lekin mening qalbimda qandaydir intilish, nimanidir o‘zgartirishga urinish bor edi. Men-ku mayli, o‘zimdan keyin ulg‘ayayotgan to‘rt uka-singillarimning shunday qiynalib o‘tib kelishlarini tasavvur qila olmasdim.

Ishonsangiz, poytaxt tugul o‘zimizning viloyat markaziga ham tuzuk-quruq bormaganman. Lekin Toshkentda katta ishlar qilib yurganlarni, borib o‘z yo‘lini topib ketganlarni ko‘p eshitardim. Lekin menga katta shahar orzu ham emasdi.

Bir kuni qo‘shnimizning chaylasi yonida turgan eshagini minib bozorga yo‘l oldim. Qo‘shnichilik, eshaklar so‘ralmay minib ketilaverardi. O‘zi mollarga yem olish uchun borgandim, lekin negadir fikrim o‘zgardi, ko‘nglimda o‘zim kutmagan holda bir reja tuzildi. Mol bozoriga olib tushib eshakni ko‘targaniga sotdim va shu yerning o‘zida avtobusga o‘tirib, Toshkentga jo‘nadim. Bilaman, bu ishim o‘g‘rilikdan o‘zga narsa emas. O‘sha payt ham, hozir ham buning uchun vijdonim qiynaladi.

Qayerga borishni bilmayman, meni hech kim kutayotgani ham yo‘q. Faqat eshitganim, Qo‘yliq bozorida qo‘shni qishloqlik bir yigit aravakashlik qilishi. Bundan boshqa biror kishini bilmayman. Avtobus yarim kechasi olib kelib tashladi, buncha uzoq yo‘l yurmaganim uchun yo‘lda ham bo‘larim bo‘ldi. Qornim och, sillam qurigan. Qarasam bir joyda “perashka” sotilyapti. Biz maktabda yeydiganga o‘xshamaydi, dumaloq. Beshta olib yeb ko‘rdim, g‘alatiroq. Rosa ko‘nglim aynigan o‘shanda. Hozirgacha gummani yaxshi ko‘rib yeydiganlarni hech tushunmayman.

Xullas, o‘sha kech avtovokzalda yotib, so‘rab-surishtirib Qo‘yliq bozorini topib bordim. Bizning tuman bozori bu bozor oldida shunchaki bir rasta ekan. Kechgacha qidirib tanish aravakashni topa olmadim. Faqat bir kishi tusmollab “boshqa bozorga ketgandi ancha avval” dedi.

Eshakdan qolgan oxirgi pulimga non olib yedim. Bir chetda o‘tirdim va judayam ezildim. Qishloqqa endi qaytolmayman, pulim ham yo‘q, o‘g‘ri degan nom ham orttirdim. Ota-onam meni o‘ylab nima xayollarga borishgan bo‘lsa?.. Bir kishi “telefon-telefon” deb keldi. O‘sha paytlar uyali telefon xizmatini taklif qiladiganlar endi paydo bo‘lgandi. Qolgan pulimni berib tumanimiz markazida yashaydigan ammamga “Toshkentga ketdim, mendan xavotir olmanglar” deb aytib qo‘ydim.

Qornim och, ikki kundirki tayinli uxlamaganman, katta shaharning katta bozori ichida mitti zarra singari his qilardim o‘zimni. Qunishib o‘tirsam, kichkina arava ustiga ko‘pgina qutilarda banan ortgan men qatori yigitni ko‘rdim. Yuk og‘irligidan o‘zi ham, arava ham mayishib ketar, arang harakatlanardi. Burilishda yuk bir tomonga og‘ib ketdi va arava muvozanatni yo‘qotib, ag‘anay boshladi. Yugurib borib bir chetiga yelkamni tutdim. Butunlay ag‘darilishdan saqlab qolgan bo‘lsam-da, baribir 2-3 ta qutisi yerga tushib, loyga belandi.

Ikkovlashib aravani amallab to‘g‘riladik. Haligi yigit qo‘llari titrab bananlarni yig‘ishtira boshladi. Atrofdagilar ham yerda sochilgan bananlarga yopishishdi. Odamlarni to‘sib, terishga yordam berayotganimda aravakashning pichirlaganini eshitdim: “O‘ldim, endi qanday qutulaman...”

Loy bo‘lgan bananlarni yirtilgan qutilarga solib, ikki tomonidan surib bordik. 500 qadamgacha haligi yigit ko‘zlari qizarib pichirlab ketdi. Sababini tez orada bilib oldim. Yengil yuk mashinasi yonida kutib turgan mo‘ylovli odam buzilgan qutilarni ko‘rdi-yu, ko‘zi qonga to‘ldi. O‘sha payt banan ancha kamyob mahsulot edi. Tushuntirganimizcha bo‘lmay men yaqinroq turganim uchun avval meni gardanimga musht tushirdi.

– Tayinlab aytgandim-ku ehtiyot bo‘lib olib kellaring deb! Endi buni qanday sotaman, – dedi u g‘azab bilan.

Men bu ishga aloqam yo‘qligini aytgunimcha aravakash yigit o‘rtaga tushdi:

– Kechiring aka, qoqilib ketdim.

– Qoqilib o‘lib ketmaysanmi, mening molimni to‘laysan! – yuk egasi aravakashni ham ikki marta turtkiladi.

Indamay turaverdim. Ikkovimizni ham urib-so‘kib xumordan chiqqach, shunday dedi:

– Endi gap bundoq, shu moldan qancha zarar ko‘rsam, shunga yarasha ishimni qilib berasanlar. Qishlog‘imga qochaman deb o‘ylama, yerning tagidan bo‘lsa ham topaman.

Indamay turaverdik. Yukni yuklab yuborgandan keyin o‘zini Azamat deb tanishtirgan bola sekin so‘radi:

– Senga nima zarur edi?..

* * *

Azamat mendan juda minnatdor bo‘ldi. Chunki yukning hammasi ag‘darilib ketmasligiga sababchi bo‘lib qolgandim. Lekin o‘sha ozi ham anchagina ekan, Azamat bilan uch kun tinmay ishlagandan keyingina haligi yukning zararidan qutuldik. U meni yotog‘iga olib ketdi. Qornimni ham to‘ydirib turar, evaziga aytgan ishini qilardim. Bitta aravaning puli bilan ikki kishi tirikchilik qilishi qiyin bo‘lsa ham Azamat meni o‘zidan chetlashtirmadi, men ham sidqidildan ishlayverdim. U bozor oralab yuk topib to‘plab turishni, men aravada g‘izillab tashlab kelishni yo‘lga qo‘ydik, ko‘proq pul topa boshladik. Keyin Azamat menga eskiroq bitta arava topib berdi.

Ikki yil arava sudradim. Bu vaqt oralig‘ida biror marta qishloqqa bormadim. Bir marta otam kelib ketdi, o‘zim pul jo‘natib turdim. Bu davrning o‘ziga xos jihati shuki, shaharga qanday kelib qolganim tarixini aytib berib, butun umrli tamg‘aga ega bo‘ldim. Aravakashlar meni yarmi hazil, yarmi chin qilib Eshako‘g‘ri deb atashardi. Bu nom meni do‘konchiga yordamchilik qilganimda ham, o‘zim ijaraga do‘kon olib ishlatganimda ham ta’qib qilaverdi...” – sekin jimib qoldi Mavlon aka.

– Qishlog‘ingizga qaytib bordingizmi? – so‘radim undan.

– Bu ham o‘ziga xos tarix. Ishlarim yurishib, oilamga ham yordam berdim. Ukalarimni o‘qitdim. Pul to‘pladim va qishloqqa qaytdim. Mahallaga borishdan avval mol bozoriga tushib, zotdor ena-bola sigir oldim. Keyin men eshagini o‘g‘irlab sotib yuborgan haligi odamning uyiga olib bordim. Borsam, boboning kampiri chiqdi. Sigirning ipini tutqazsam hayron bo‘ldi. Shu payt ne ko‘z bilan qarayki boboning o‘zi ham xuddi men o‘g‘irlab sotib yuborgan eshakni minib kirib kelyapti. Shuncha yil o‘tsa ham o‘sha-o‘sha. Keyin bilsam, eshak men sotib yuborgan joydan qochib ketib, uyini topib kelgan ekan. Lekin shunga qaramay sigirni ularga hadya qildim. Sotib olgan odamni ham surishtira-surishtira topdim va bir eshakning pulini berib keldim.

Hozir poytaxtda yashayman, bir nechta do‘konlarim bor, asosan guruch sotaman. Haligacha do‘stlarim hazil qilib, begonalar pichirlab “Eshak o‘g‘risi” deganlarini eshitib qolaman. Bu nom endi menga abadiy sherik bo‘ldi shekilli...

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: