G‘ijduvonda yerlari «tuya» qilingan bolalar bog‘chasi: Bu ishlar qonunga to‘g‘ri keladimi?

Jamiyat 14:35 / 11.02.2022 12120

Xo‘jai jahon — bu Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi. U alohida e’tiborga molik madaniy meros obekti bo‘lgani sababli yerlari bo‘lib berilmagan. Lekin tumandagi bolalar bog‘chalariga qarashli yerlar tumanning sobiq hokimi qarori bilan tadbirkorlarga ajratib berilgan. Endi tashkilot rahbari va tadbirkorlar yoqa yirtishib yurishibdi.

Gap G‘ijduvondagi 10- va 13-maktabgacha ta’lim muassasalari haqida bormoqda. Hozir bog‘chalarning bolalar maydonchasiga tutash qismida qurilish ishlari olib borilmoqda.

13-bog‘cha mudirasi Shoira Majidova ushbu yer maydonini qaytarib olish uchun tadbirkorlar bilan sudlashgan, biroq sudda yutqazgan. Boz ustiga, qurilish ishlariga qarshilik ko‘rsatmasligi uchun tadbirkorlar mudira bilan sudlashgan va sudda yutib chiqishgan.

13-bog‘chadan tadbirkorlarga ajratib berilgan joyda avval bog‘ va bolalar o‘yingohi bo‘lgan. Bog‘cha qorovulining aytishicha, bu yerdagi daraxtlar ichkariroqqa ko‘chirib o‘tqazilgan.

Tadbirkorlarga ushbu yer maydoni 2020 yil 5 martda tuman hokimi Murod Umarov tomonidan imzolangan 221-sonli qarori bilan G‘ijduvon dehqon bozori hududida do‘konlari buzilgan tadbirkorga kompensatsiya tariqasida ajratib berilgan ekan.

Tumandagi 10-bog‘chada ham hududning bir qismi kesib olinib, tadbirkorlarga berib yuborilganiga guvoh bo‘ldik.

Guvohlarning aytishicha, yer maydonlari bozordagi do‘konlari buzilganlar bilan bir qatorda, umuman hech qanday mol-mulki buzilmagan ayrim shaxslarga ham ajratib berilgan.

Tahririyatning G‘ijduvon tuman hokimligi axborot xizmatiga tegishli qaror va qarorosti hujjatlarini taqdim etish borasida qilgan murojaati javobsiz qoldirildi.

Ayni masalada Buxoro viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasida ham bo‘lib, ishga taalluqli ayrim hujjatlarni oldik.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil 27 yanvarda Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi bog‘chaning yerlari Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishilmagan holda olinib, qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani borasida tumanning o‘sha vaqtdagi hokimi Murodjon Umarovga taqdimnoma kiritgan.

Buxoro viloyati prokuraturasi 2021 yil 5 aprel kuni hokimning 2020 yilgi 221-sonli qarori ustidan protest kiritgan.

Biroq tuman hokimligi taqdimnoma va protestlarni e’tiborsiz qoldirgan.

Shundan so‘ng Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tuman hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sudga ariza kiritgan. Buxoro tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil 18 maydagi hal qiluv qarori bilan bu ariza qanoatlantirishdan rad etilgan.

G‘ijduvon tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Zokir Qurbonov bilan ham uchrashdik. Mudir bu masalada kameraga intervyu berishni istamadi. Ammo bu mashmashalardan charchaganini, 1 yildan buyon sudma-sud qatnab, tegishli idoralarga xat yozaverib charchaganini bayon etdi.

G‘ijduvonda bozordagi «snos» uchun kompensatsiyaga yer ajratib berishda bolalar bog‘chasi, ko‘p qavatli uylar orasidagi bog‘lar, maydonlar, hattoki madaniy meros obektlari hududlari ham ajratib berilavergan.

Savol tug‘iladi: nega do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga o‘sha bozor hududidan yer ajratib berilmagan? Nega bozordagi do‘kondorlarning buzilgan do‘konlari o‘rni umuman boshqa tadbirkorlarga berib yuborilgan?

Prezidentning 2018 yil 30 sentyabrdagi PQ-3955-sonli qarorida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulkni olib qo‘yish faqat Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Ammo na hokimlik va na sud buni inobatga olgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi G‘ijduvondagi bu holatlarga qanday munosabat bildiradi?

Endi mushohada qiling: Bolalar bog‘chasining bolalar o‘ynaydigan maydonlari o‘rnida do‘konlar qad rostlamoqda. Ertaga ular bitgach, tegishlicha rasmiylashtiriladi. Ko‘chmas mulkka aylanadi. Boshqa birovga sotib yuborilishi ham mumkin. Kim kafolat beradi, aytaylik, bu do‘konlarda spirtli ichimliklar sotilmasligiga? Do‘konni qurib, xatlashtirib olgan odam «do‘kon meniki, pulim kuygan, istagan narsamni sotaman», demaydimi?

Biz masalani boricha ko‘rsatdik. Muxtasar qilib aytganda, G‘ijduvon tumanida respublika darajasidagi mas’ul organlar o‘rganishga arziydigan savollar ko‘p. Aybdorlar ham aniq. Jazolar ham kodekslarda tayin. Lekin ularda o‘rganishga, aybdorlarni topib jazolashga jur’at, xohish bormikan?

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: