Surxondaryo viloyati Denov tumanida istiqomat qiluvchi ona-bolaning bir-biridan boshqa suyanchig‘i yo‘q. Hamma qatori baxtli bo‘lishni orzu qilib turmushga chiqqan Matluba o‘g‘il farzandli bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Ammo shuning ortidan turmushidan ayrildi, chunki farzandi Jasurbekka talassemiya tashxisi qo‘yilgani sababli turmush o‘rtog‘i ulardan voz kechdi.
Yolg‘iz onasi qaramog‘ida qolgan bolakay 6 oylik chog‘idan shu dardni yengishga harakat qilib kelmoqda. Bugun 7 yoshga to‘lgan Jasurbek Mingnorovda jigar sirrozi, gepatit S, taloq shishishi ham aniqlangan. Unga faqat xorijda o‘tkaziladigan ilik ko‘chirish operatsiyasi yordam berishi mumkin – unga onasi donorlik qilmoqchi.
“Kasalxona bizning uyimiz bo‘lib qolgan. Har oyda uch martalab shifoxonada yotamiz – bir hafta uyda bo‘lsak, qolgan 25 kunimiz kasalxonada o‘tadi. 7 yildan beri shu ahvolda yashaymiz. Bolamdan xavotirdaman: qancha umri qoldi bilmayman.
Yordam beradigan hech kimim: aka-ukam, otam yo‘q. Turmush o‘rtog‘im o‘g‘limning xastaligini eshitib bizdan voz kechdi. Shu bolam uchun yashayapman” deydi bemor bolaning onasi Matluba Nuriddinova.
Jasurbek yosh bo‘lsa-da boshidan o‘tayotganlarni his qilib turibdi – nigohlaridagi dard, o‘ksiklik, tortinish buni ifodalaydi. Bir boshiga shuncha tashvish yog‘ilgan yolg‘iz ayolning qalbiga malham bo‘lgan farzand yashashi uchun yaxshilarning madadi zarur.
Uzkard: 8600 3104 5410 8473 onasi Matluba Nuriddinova nomida
Sberbank: 4817 7603 2408 9659 qarindoshi Muzaffar Abdurahmatov nomida