Kasallikni davolash uchun, avvalo, to‘g‘ri va tezkor tashxis zarur. Lekin joylarda bu borada ahvol hali ham qoniqarli emas. Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida zamonaviy laboratoriya-diagnostika xizmatiga ehtiyoj yuqori. Bu muammo SSV tomonidan qanday hal etilmoqda? Mazkur yo‘nalishdagi korrupsion holatlarga qanday chek qo‘yiladi? Vazirlikning yangi qabul qilingan buyrug‘ida ushbu og‘riqli masalalarning yechimi aks etgan.
«Aslida, bu og‘riqli masala yechimiga o‘z vaqtida e’tibor qaratilib, 2018 yil 17 avgustda Vazirlar Mahkamasining «Davlat-xususiy sheriklik asosida markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining tibbiyot tashkilotlari davlat-xususiy sheriklik konsession modeli bo‘yicha markazlashtirilgan klinika-diagnostika laboratoriyasi xizmatlari bilan qamrab olinishi kerak edi. Ammo, mana, uch yildan oshdiki, ushbu hujjat ijrosi ta’minlangani yo‘q.
To‘g‘ri, bu orada vazirlik hamda investor o‘rtasida 2020 yilning 10 fevralida «Toshkent shahrida namuna sifatida markazlashtirilgan klinik diagnostika laboratoriyasini tashkil etish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish to‘g‘risida»gi konsessiya shartnomasi tuzildi.
Unga ko‘ra, investor 9,5 mln AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritish sharti bilan zamonaviy markazlashgan tibbiy laboratoriya hamda loyhaga biriktirilgan poliklinikalarda biomateriallarni yig‘ish punktlarini tashkil etishi, kelishuv muddati tugaganidan so‘ng esa ularni to‘liq Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazib berishi lozim.
Binobarin, konsessiya shartnomasi tuzilgan xorijiy investor shartnomada ko‘rsatilgan faoliyatni olib borish vakolatini boshqa tashkilot, ya’ni operator zimmasiga yuklashi mumkin. Investor shu huquqidan foydalanib, operatorlik vazifasini bajarish uchun Toshkent shahrida joylashgan MChJ shaklidagi «Intermed innovation» qo‘shma korxonasini taklif etdi.
2021 yil boshida berilgan ushbu taklif natijasida operatorlikka nomzod — O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi bo‘lgan «Intermed innovation» MChJ Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma’qullanib, u bilan hamkorlikda laboratoriya faoliyatini yuritish uchun uch tomonlama operatorlik shartnomasi vazirlikning 2021 yil 24 sentyabrdagi 237-son buyrug‘i bilan tasdiqlandi.
Shartnomaga muvofiq, «Intermed innovation» ish faoliyatini Toshkent shahri va Toshkent viloyati poliklinikalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 12 turdagi laborator tekshiruv turlarini 2018 yilda hisoblab chiqilgan eng arzon narxlar asosida boshlashi belgilangan. Ushbu narxlar qat’iy ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda hamda asosli hisob-kitoblar taqdim etilgan taqdirdagina o‘zgartirilishi mumkin.
Biroq konsessiya shartnomasidagi talablarni bajarish uchun o‘tgan yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan 2 ta buyruq ijrosi hanuz qog‘ozda qolib ketmoqda. Xo‘sh, buning sababi nimada?
Gap shundaki, mazkur sohada korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilgan. Oqibatda qonuniy konsessiya shartnomasi tuzilgan loyiha operatori chetda qolib, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari o‘z ta’sischiligidagi ba’zi xususiy kompaniyalarga tibbiyot muassasalari hududida pullik laboratoriya xizmati ko‘rsatish uchun tegishli bino(xona)larni asossiz ravishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berib yuborgan.
Bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi buyrug‘i qabul qilindi. Unga ko‘ra, birinchi navbatda mazkur korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlar ishdan olinib, markazlashgan laboratoriya tizimini takomillashtirish choralari ko‘rildi. Xususan, poytaxt va Toshkent viloyatida davlat xususiy sheriklik tamoyillariga muvofiq markazlashgan laboratoriya tizimi joriy etish loyihasiga har ikki hududdagi jami 178 ta poliklinika biriktirildi. Sog‘liqni saqlash vazirining avvalgi, ya’ni 2021 yil 24 sentyabrdagi 237-sonli buyrug‘iga ko‘ra loyiha operatori deb belgilangan «Intermed innovation» qo‘shma korxonasiga tibbiyot muassasalaridan laboratoriya xonalari ajratiladigan bo‘ldi.
Ayni paytda mazkur MChJning eng zamonaviy laboratoriya uskuna va jihozlarini tegishli ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu korxona laboratoriya xizmati, uning axborot tizimlarini avtomatlashtirish bo‘yicha katta tajriba va salohiyatga ega. 700 dan ortiq turdagi tibbiy tahlillarni o‘tkazishga qodir. Muassasa faoliyatida analiz namunalarini yetkazib berishdan tortib, tahlil natijalarini olishgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatlashtirilgan. Korxona laboratoriyasi ISO 9001: 2015 xalqaro sertifikatiga ega.
Joriy etilayotgan yangilik aholiga nima beradi?
Avvalo, diagnostika-laboratoriya tizimi raqamlashtiriladi. Bemorlar sifatli va aniq tibbiy tahlil natijalariga ega bo‘lishi natijasida mablag‘ va vaqt sarflab, qayta analiz topshirishiga hojat qolmaydi. Chunki mazkur loyiha orqali olingan analiz xulosalari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro darajada ham tan olinadi.
Qolaversa, bu orqali bemorlarning vaqti tejaladi. Ya’ni aksariyat turdagi analiz xulosalari sanoqli daqiqalardan 4 soatgacha bo‘lgan muddatda tayyor bo‘ladi va parallel ravishda ham shifokor, ham bemorlarga elektron tarzda yuboriladi.