Prezidentning “O‘zbekistonda surdotarjimonlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Turizm va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat muassasasi shaklida “Imo-ishora tilini rivojlantirish, surdotarjimonlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish” davlat markazi va uning mintaqaviy filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Quyidagilar “Imo-ishora tilini rivojlantirish, surdotarjimonlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish” davlat markazi va uning mintaqaviy filiallarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda respublikada imo-ishora tilini rivojlantirish choralarini ko‘rish;
- ilmiy asoslangan, zamonaviy atamalarning yangi imo-ishoralarini iste’molga kiritish;
- xalqaro imo-ishora tilida faoliyat olib boradigan surdotarjimon, surdopedagoglar malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
- surdotarjimonlar va surdopedagoglarni uzluksiz qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan ilg‘or mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga kiritish;
- imo-ishora tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
- surdotarjimonlar va surdopedagoglarning kasbiy mahoratini muntazam oshirish asosida ular faoliyatini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohalaridagi ko‘nikmalarini rivojlantirish;
- yuqori samarali zamonaviy ta’lim va innovatsion texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda surdotarjimonlar va surdopedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini doimiy yangilab borish, ular faoliyatini zarur darajada tashkil etish va samaradorligini ta’minlash choralarini ko‘rish;
- surdotarjimonlar va surdopedagoglarda internet axborot tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda, ilg‘or tarjimonlik, pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash, ularni o‘z faoliyatiga faol tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirish;
- surdotarjimonlar va surdopedagoglar uchun tabaqalashtirilgan uzluksiz malaka oshirish jarayonlarini rivojlantirish asosida malaka oshirishning muqobil shakllarini joriy etish;
- imo-ishora tilini rivojlantirish sohasida faoliyat olib boruvchi xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni tashkil etish, ularni doimiy ravishda rivojlantirib borish;
- xalqaro va xorijiy mamlakatlardan imo-ishora tili bo‘yicha yetuk mutaxassislar, olimlar va ekspertlarni jalb qilgan holda surdotarjimonlar va surdopedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, respublikada imo-ishora tilini rivojlantirish choralarini ko‘rish.
2022 yil 1 martdan boshlab:
- davlat notariuslari tomonidan kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulog‘i og‘ir, zaif eshituvchi) bo‘lgan shaxslar ishtirokida notarial harakatlarni amalga oshirishda surdotarjimonlar xizmatidan foydalanish;
- fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida kar-soqovlik nuqsoni bo‘lgan shaxslarga surdotarjimonlar xizmati ko‘rsatish;
- davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda kar-soqovlik nuqsoni bo‘lgan shaxslarga surdotarjimonlar xizmatini taqdim etish;
- davlat ulushi ishtirokidagi tijorat banklarida kar-soqovlik nuqsoni bo‘lgan shaxslarga bank xizmatlari ko‘rsatishda surdotarjimonlar xizmati taqdim etish tartibi o‘rnatiladi.
2022 yil 1 apreldan boshlab:
- Milliy teleradiokompaniya va mahalliy telekanallarning respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi yangiliklar, ta’lim, tarix, sport va turizm mavzulariga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlari surdotarjimonlar xizmatlari bilan birga efirga uzatiladi;
- kar-soqovlik nuqsoni bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda surdotarjimonning vakolati Karlar jamiyati tomonidan berilgan ishonchnoma va xizmat guvohnomasi orqali aniqlash tartibi bekor qilinadi.
2022 yil 1 maydan boshlab:
- davlat boshqaruvi organlari va davlat hokimiyati organlarining “Koll-markaz”larini bog‘lovchi;
- Prezident xalq qabulxonalari va bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalarida kar-soqovlik nuqsoni bo‘lgan shaxslarga surdotarjimon xizmatlari belgilangan tartibda taqdim qilinadi;
- mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida besh nafar surdotarjimonlar va surdopedagoglarni xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda ta’lim olishi va stajirovkadan o‘tishi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.