Prezidentning “O‘zbekistonda qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qo‘l jangi sport turini rivojlantirish doirasida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar sifatida quyidagilar belgilanadi:
- qo‘l jangi sport turi bo‘yicha iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish faoliyatining samaradorligini oshirish va o‘quv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;
- qo‘l jangi sportini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, seksiyalari va to‘garaklariga keng jalb qilish hamda shu orqali sportchilarning jinoyatlarni sodir etish va jinoiy guruhlarga qo‘shilib ketishining oldini olish;
- qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun sifatli va samarali tayyorgarligini ta’minlash;
- xalqaro musobaqalarning g‘oliblari va sovrindorlarini rag‘batlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va qo‘l jangi bo‘yicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish;
- qo‘l jangi sport turini rivojlantirish maqsadida moddiy-texnik bazani mustahkamlash va infratuzilmani takomillashtirish.
Belgilanishicha, qo‘l jangi sporti o‘zida sambo, boks, kurash, karate, ushu, taekvondo, aralash jang san’ati kabi sport turlarini jamlaganini inobatga olib, qo‘l jangi sport turi bo‘yicha yaratilayotgan barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar ta’kidlangan sport turlarini rivojlantirishning asosiy mezoni hamda yo‘naltiruvchisi hisoblanadi.
Turizm va sport vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi va Qo‘l jangi federatsiyasining har bir bolalar-o‘smirlar sport maktabida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan maktablarda) hamda yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, qo‘l jangi sport turi bo‘yicha seksiya va bo‘limlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.
2023 yildan boshlab qo‘l jangi sport turi bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning to‘rt bosqichli tizimi joriy etiladi.
Bunda:
- birinchi bosqichda — ta’lim muassasalari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, shu jumladan yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari sportchilari o‘rtasida o‘tkaziladi;
- ikkinchi bosqichda — birinchi bosqich g‘oliblari va sovrindorlari o‘rtasida hududiy musobaqalar (tuman/shahar hokimi kubogi);
- uchinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari g‘oliblari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sportchilari o‘rtasida hududiy sport musobaqalari o‘tkaziladi;
- to‘rtinchi bosqich – hududiy musobaqalar g‘oliblari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sportchilari o‘rtasida respublika sport musobaqalari o‘tkaziladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning to‘rt bosqichli tizimini tegishli hududlarda to‘liq joriy qilish yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilanadi.
Turizm va sport vazirligi hamda Qo‘l jangi federatsiyasining 2023 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda qo‘l jangi sport turi bo‘yicha:
- Namangan viloyatida professional sportchilar o‘rtasida “Prezidenti kubogi” xalqaro turnirini;
- Samarqand shahrida “Amir Temur kubogi” xalqaro turnirini;
- Buxoro shahrida ayollar o‘rtasida “To‘maris kubogi” xalqaro turnirini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Toshkent shahar hokimligi Qo‘l jangi federatsiyasining ma’muriy ofisi va qo‘l jangi bo‘yicha milliy terma jamoa o‘quv-mashg‘uloti yig‘inlarini tashkil etishi uchun sport bazasini joylashtirish maqsadida Toshkent shahrining yangi hududlari hisobidan 1,5 gektar yer maydonini ajratadi.