Jirinovskiy kovidga chalinib shifoxonaga yotgan. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda

Jahon 18:15 / 09.02.2022 19498

LDPR partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy koronavirus infeksiyasiga chalinib, shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda «Interfaks» vaziyatdan xabardor manbasiga tayanib xabar berdi.

Jirinovskiy Prezident ishlari boshqarmasining Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Agentlik suhbatdoshining ma’lum qilishicha, 75 yoshli siyosatchining o‘pkasi jiddiy shikastlangan.

TASS agentligining «siyosiy doiralar»dagi manbasi u bir necha kun oldin shifoxonaga olib kelingani, uning aholi og‘ir deb baholanayotgani haqida xabar berdi.

Jirinovskiy shifoxonaga yotqizilgani haqida dastlab RIA Novosti xabar tarqatgan, ammo xabarda LDPR yetakchisi qanday dard bilan shifokorlarga murojaat qilganiga aniqlik kiritilmagandi.

Mash telegram kanali Jirinovskiyning o‘pkasi 50 foizdan 75 foizgacha zararlangani, shuningdek unda ikki tomonlama pnevmoniya rivojlangani haqida xabar qilgan.

O‘z navbatida, LDPRning Davlat dumasidagi fraksiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Vasiliy Vlasov Jirinovskiy «hujjatlar bilan ishlayotgani» va «o‘zini normal his qilayotgani»ni aytgan. U boshqa tafsilotlarga, jumladan Jirinovskiy aynan qayerda ekaniga oydinlik kiritmagan. 

So‘nggi vaqtlarda Jirinovskiy jamoat joylarida ko‘rinish bermagan. Uning jonli efirlari ham to‘xtab qolgan.

  • 2021 yil dekabrida Vladimir Jirinovskiy «Komsomolskaya pravda» radiosiga bergan intervyusida «bir yarim yil ichida sakkiz bor turli vaksinalar [koronavirusga qarshi] qabul qilgani» haqida aytgandi — ham bir komponentli, ham ikki komponentli vaksinalar.
Ko‘proq yangiliklar: