AQSh xorijliklar uchun kovidga qarshi emlanish talabini bekor qildi

Jahon 13:56 / 12.05.2023 5878

12 may kuni Qo‘shma Shtatlar mamlakatga havo yo‘li orqali kelayotgan xorijlik fuqarolar uchun koronavirusga qarshi majburiy emlash talabini bekor qildi. "Biz ma’muriyat federal xodimlar, federal ishchilar va xalqaro havo yo‘lovchilari uchun majburiy COVID-19 emlash talabi 11 maydan keyin bekor qilinishini bildiramiz", deyiladi Oq uyning 11 may, payshanba kuni e’lon qilingan bayonotida.

AQSh hukumati mamlakatga kiruvchi xorijliklardan 2021 yil noyabr oyidan boshlab to‘liq COVID-19 vaksinatsiyasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlarini talab qilgan. Shu bilan birga, faqat AQSh tibbiy regulyatori yoki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tasdiqlangan vaksinalar bilan emlash sertifikatlari qabul qilindi.

11 may kuni AQShda koronavirus pandemiyasi sababli sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat rasman tugatildi. Bu ayrim toifadagi shaxslar uchun bir qator juda muhim oqibatlarga olib keladi.

Favqulodda holat bekor qilinishi bilan AQSh hukumati muhojirlarni koronavirus pandemiyasi davridagi og‘ir vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatdan tezda chiqarib yuborish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Markaziy va Janubiy Amerikadan kelgan minglab muhojirlar endi AQShga ko‘chib o‘tish imkoniyatlari yaxshilanganiga umid qilmoqda. AQSh ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas muhojirlarning yolg‘on umidlarini yo‘qqa chiqarishga urindi. “Chegara ochilmagan”, dedi u.

AQShda sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat rejimining bekor qilinishi avtomatik ravishda ijtimoiy nafaqalarning keng miqyosda qisqarishini anglatadi. Bu, ayniqsa, kam ta’minlangan odamlar va muhtoj oilalar farzandlari tomonidan qo‘llaniladigan Medicaid davlat tibbiy sug‘urta dasturiga ta’sir qiladi. Kaiser Family Foundation tadqiqot markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, 24 millionga yaqin odam tibbiy sug‘urtasidan mahrum bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: