Oliy sud matbuot kotibining xabar berishicha, 2021 yil avgust oyida Urgut tumanida yashovchi M.J. o‘zi qurilish qilayotgan joyda do‘sti O‘.J. va pochchasi bilan birga o‘tirib spirtli ichimlik iste’mol qilishgan. So‘ng o‘rtada janjal kelib chiqqan.
Oqibatda M.J. hasharga kelgan do‘sti bilan birga o‘z pochchasini do‘pposlagan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxona yotqizilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramasdan jabrlanuvchi kasalxonada vafot etgan.
Shundan so‘ng hodisa yuzasidan Urgut tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi yigit va uning do‘stini JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan aybli deb topgan. Ularga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.