Jizzaxda talonchilik qilgan andijonlik shaxs Qashqadaryoda ushlandi

Jamiyat 12:47 / 08.02.2022 646

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, 2022 yil 3 fevral kuni Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida yashovchi 18 yoshli U.M. Jizzax shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

U arizasida, 2022 yil 3 fevral kuni soat 19:30larda Jizzax shahar O‘ratepalik mahallasi hududida yolg‘iz ketayotgan vaqtida, noma’lum shaxs uni urib, tan jarohati yetkazib, 1,4 million so‘mlik “A10S” rusumli telefon apparati hamda 200 ming so‘m naqd pullarini talonchilik yo‘li bilan tortib olib, noma’lum tomonga yashiringanini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar davomida, ushbu jinoyatni Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan, 19 yoshli X.A. sodir etgani aniqlanib, u Qashqadaryo viloyatida ushlangan.

Dastlabki surishtiruvda qonunbuzar telefonni Samarqand viloyatidagi maishiy texnika do‘konlarining birida, o‘ziniki ekanini aytib 720 ming so‘mga sotib yuborganini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan X.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: