Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning SSSRning aksar davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ayni paytda Rossiya va Belarusdan iborat Ittifoq davlati tarkibiga qo‘shilishi haqidagi fikrlari internetning o‘zbek sigmentida navbatdagi muhokamalarni keltirib chiqardi. Kun.uz ulardan ayrimlarini jamladi.
«Lukashenkoning fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas»
«Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas, deb hisoblashini bildirdi.
Siyosatchi o‘zining ushbu ta’kidini quyidagicha dalillaydi: «Belarusda o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar Aleksandr Lukashenkoning siyosatchi sifatidagi reytingi 25−30 foiz atrofida ekanligini ko‘rsatgan. Shu bilan birgalikda, so‘rovda ishtirok etganlarning 46 foizi — «hech qachon Lukashenkoga ovoz bermasligi»ni ma’lum qilgan. Bugun ko‘plab rivojlangan davlatlar Lukashenkoni Belarus xalqi nomidan gapira olmaydigan shaxs deb hisoblaydi. Shuning uchun, bugungi kunda bu insonning O‘zbekiston haqidagi fantaziyalarini jiddiy qabul qilish shart emas», deya yozadi u telegramdagi kanalida.
«Zo‘ravonlik va tahdid ustiga qurilgan davlatlar qanchalar mustahkam ko‘rinmasin, mo‘rt bo‘lishini tarix ko‘p isbotladi»
Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov bu chiqishga munosabatida yaqin 15 yilda O‘zbekiston o‘z rejalarida nimalarga e’tibor qaratishi lozimligini ham prognoz qildi.
«15 yildan keyin sobiq sovet respublikalari Rossiya atrofida birlashib, 350−400 million aholiga ega birlik quradilar… degan xulosaga kelishmoqda videodagi ikkovlon. Zo‘ravonlik va tahdid ustiga qurilgan davlatlar qanchalar mustahkam ko‘rinmasin, mo‘rt bo‘lishini tarix ko‘p isbotladi. Ushbu rejalar teskari to‘lqin yaratishi va sovet imperiyasini tiklamoqchi bo‘layotganlar hududida yangi davlatlar paydo bo‘lishi ehtimolini kuchaytiradi. Bu esa, albatta, mintaqada jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy silkinishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yaqin 15 yillik rejalarimizda ushbu ehtimol ko‘zda tutilishi kerak», — deb yozib qoldirgan Alisher Qodirov.
«Boshqalarga kunimiz qolmasin»
Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev Belarus fuqarosining navbatdagi shov-shuvli bayonotini ham e’tiborsiz qoldirmadi.
«Ikkisi o‘tirvolib, O‘zbekiston taqdirini muhokama qilishibdi. Kun bo‘yi mahallani boshida o‘tirib, o‘tganni ham, ketganni ham muhokama qiladigan kampirlar bo‘ladi, bilasizmi? Ular mahalladagi hammaning oilaviy va shaxsiy hayotiga burnini tiqib, birovlar uchun qarorlar qabul qiladi, buni qilasan, uni qilasan, deb aql o‘rgatishadi, senlar uchun nima yaxshiligini biz bilamiz, deb da’vo ham qilib qo‘yishadi. O‘shanaqa kampirlarni ko‘rganda, odamning afti bujmayib, aylanib o‘tgisi keladi.
Vladimir Solovyov Belarus fuqarosi Lukashenkodan intervyu olibdi. Ikkalasi 10-15 yildan keyin Markaziy Osiyo davlatlari taqdiri nima bo‘lishini ham muhokama qilishibdi.
Solovyov oldindan rejalashtirilgan va aniq maqsad sari yo‘naltirilgan quyidagi savolni bergan: «O‘ylashimcha, kelgusida 350-450 mln odamdan iborat birlashgan davlat tuzishimiz kerak» degan. Aha, yoqmay qolsin. Gap yangi SSSR haqida ketmoqda. Bu Rossiyaning azaliy orzusi-ku.
Lukashenko ham shu savolni kutgan va bunga oldindan tayyor edi. Darrov bu fikrni qo‘llab-quvvatlagan. Belarus allaqachon qo‘shilib bo‘lgan. Qozoqlarga dars bo‘ldi, ular ham qo‘shiladi, yaqinda Ukraina ham qo‘shilmasdan iloji qolmaydi, degan.
Hammasi tushunarli. Ushbu 2 ta davlatda bo‘lgan/bo‘layotgan voqealar bejizga emasligining yaqqol isboti bu.
Lukashenko fikrini davom ettirar ekan, Armaniston ham hech kimga kerak emasligini tushundi, aniq bizga qo‘shiladi, Ozarboyjon sal so‘roq ostida, chunki uni Turkiya juda qattiq qo‘llab-quvvatlayapti. O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning ham qo‘shilmasdan boshqa iloji qolmaydi, degan.
Bu ikkovlon suhbat jarayonida yagona armiya, yagona pul birligi va yagona mudofaa chegarasi haqida ham gapirishgan. Eng kulgilisi, «biz bunga majburmiz, chunki g‘arb bizga umumiy dushman ekanligini ko‘rib turibmiz-ku», deyishgan. Rossiya va Belarus shaxsiy junni aralashtirib yubormayaptimi, mabodo?» deydi u.
U Lukashenko avvalroq ham shunday axborot hujumi uyushtirgani va unga munosib javob berilganini eslagan.
«Endi bular yana navbatdagi axborot hujumini uyushtirishibdi. Maqsad ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bir amallab eski imperiyani tiklab olish va hammani yagona davlatga birlashtirish.
Avval aytganimdek, ilgari bunga yashirin da’vatlar qilingan bo‘lsa, endi surbetlarcha ochiq targ‘ibot va ba’zi joylarida tahdidga o‘tishmoqda.
Ular tushunmayaptiki, O‘zbekistonning o‘z tanlagan yo‘li va prinsiplari bor. O‘zbekiston u xoh sharq bo‘lsin, xoh g‘arb bo‘lsin, boshqa davlatlar bilan teng sheriklikdagi o‘zaro manfaatlar yuzasidan hamkorlik qiladi. Xudo xohlasa, doim shunday bo‘lib qoladi.
Rossiya va Belarus esa o‘zining AQSh hamda Yevropa bilan bog‘liq muammolari, sanksiyalarini o‘zi hal qilsin. Bizni bunga aralashtirmasin. Va bizning taqdirimizni biz uchun hal qilishni ham yig‘ishtirishgani ma’qul. O‘zbekiston taqdirini o‘zbek xalqi hal qiladi, ilohim, boshqalarga kunimiz qolmasin», deya qo‘shimcha qiladi bloger.
«Ushbu masala bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirishi kerak»
Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova Lukashenkoning O‘zbekiston ittifoq davlat tarkibiga baribir qo‘shilishi haqidagi fikriga munosabat bildirar ekan, Belarus prezidenti yana «o‘sha hunarini qilayotganini» bildirgan.
«Bitta o‘zim bu yerda o‘tiraveramanmi, boshqalar ham kirsin ittifoqqa deyapti yonboshlavolib Kremlning propagandachisi Solovevga. U ham yayrab ketyapti. Aytishicha, biz baribir qo‘shilarkanmiz, «soyuz» tiklanarkan, bu kishimning to‘liq baxti uchun shu yetishmay turganmish.
Qachongacha «batka» Mustaqilligimizni tahqirlovchi, kamsituvchi, bizning davlatchiligimizga tahdid bo‘lgan bu kabi so‘zlarini aytaveradi va biz jim o‘tiraveramiz? Nimadir qilasizlarmi yo bo‘ynimizni egib, sukut alomati rizo deb o‘tiraveramizmi? O‘tgan gal gapirganida prezident aniq-tiniq qilib tashqi siyosatimiz yo‘nalishini ko‘rsatib berdi-ku, shunga tayanib nimadir qilish, norozilikni bildirish, bunday gaplarga toqat qila olmasligimizni aytish qiyinmi?
Ishonch kerak ertamizga, mustaqilligimiz bardavomligiga. Beringlar shu ishonchni, munosib diplomatik javob qaytaringlar bu odamga», deydi u.
«Rasmiy Toshkentga o‘ta jiddiy signal»
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kremlda sobiq ittifoqni yangi formatda qayta tuzish borasida yaxshi o‘ylangan loyihalar mavjudligi haqida ogohlantirdi.
«Belarus prezidenti Lukashenko Putin komandasining ancha yalqov «himoyachisi» edi. Lekin Belarusdagi ommaviy namoyishlar ko‘p narsani o‘zgartirdi. Keyingi bir-ikki yilda, Lukashenko asosiy «hujumchi»ga aylandi. Bugun Lukashenko, possovet hududidagi Putindan keyingi ikkinchi «integrator», «ittifoq mafkurachisi».
Lukashenko O‘zbekistonga «suvereniteting o‘zingda qolaversin – sening ichki ishlaring, iqtisodiyoting, ijtimoiy muammolaring bilan shug‘ullanishga toqatimiz yo‘q! Lekin, mustaqilliging bo‘lmaydi: tashqi siyosatda, geosiyosatda Putin nazoratida bo‘lasan!» demoqda. Ya’ni O‘zbekistonga murojaat qilib, «geosiyosatdagi sening ko‘p vektorli siyosatingning umri oz qolyapti! Qarshilik qilmay, bo‘ysunishga tayyor tur!» dedi.
Lukashenkoning bayonotidan bilish mumkinki, Kremlda sobiq ittifoqni yangi formatda qayta tuzish borasida yaxshi o‘ylangan loyihalar mavjud. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti emasligi, geosiyosiy nazorat va boshqalarga geosiyosiy qarshi turish loyihasi ekani oldindan ma’lum edi. Lekin Lukashenkoning oxirgi bayonotlari rasmiy Toshkentga o‘ta jiddiy signal bo‘lishi kerak. Illyuziyaga, o‘zini yupatishga mutlaq o‘rin qolmadi», deydi u.
Lukashenko nima degandi?
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Rossiya hukumati propagandachisi bo‘lgan jurnalist Vladimir Solovyov o‘rtasidagi suhbat YouTube'dagi Solovyov LIVE kanalida e’lon qilingan. Intervyuda Aleksandr Lukashenko 1999 yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati sobiq sovet respublikalari hisobiga kengayishi mumkinligini aytgan.
«Belarus allaqachon shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida]. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi dars bo‘ldi. Agar kelgusi 15 yilda deb oladigan bo‘lsak, ishonchim komil, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham shu yerda [Ittifoq davlati tarkibida] bo‘ladi», – deya gap boshlagan Lukashenko.
U so‘zi davomida Armaniston «hech qayerga bora olmasligi» sabab Ittifoq davlatiga qo‘shilishini taxmin qiladi. «Ular kimgadir kerak deb o‘ylaysizmi?» deydi Belarus prezidenti.
Sanoqda Ozarboyjonga kelgan Lukashenko bu mamlakat u nazarda tutayotgan uyushmadan chiqib ketgani, Ozarboyjonni Turkiya «juda jiddiy qo‘llab-quvvatlayotgani»ni aytadi. «Biz bu [Ozarboyjon] bo‘yicha ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, bu – alohida mavzu.
Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelsak, menimcha, avvalo iqtisodiy zarurat tufayli ular ham qo‘shilishadi», – deya ta’kidlagan Aleksandr Lukashenko.
Ma’lumot uchun, Belarus va Rossiya 1999 yilda Ittifoq davlati nomi ostida integratsiyaga kirisha boshlagan. Bu integratsiyaning rasmiy maqsadi – parlament, valuta va qonunchilikni umumlashtirish. Amalda 20 yildan ortiqroq vaqt davomida ikki davlat faqat soliq va bojxona qonunchiligini birlashtira olgan.
Bu birinchisi emas
Avvalroq Aleksandr Lukashenko Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining 10 yanvar kuni Qozog‘istondagi tartibsizliklar yuzasidan o‘tkazilgan sammitida bu voqealardan «eng avvalo O‘zbekiston saboq chiqarishi kerak» degani shov-shuv keltirib chiqargandi.
Lukashenkoning bu bayonoti O‘zbekiston jamoatchiligida keskin e’tirozlarni uyg‘otgan, faollar Belarusni qariyb 28 yildan beri uzluksiz boshqarib kelayotgan va oxirgi saylovdagi g‘alabasi ko‘plab davlatlar tomonidan tan olinmagan «Belarus fuqarosi»ning O‘zbekistonni ogohlantirishini bevosita tahdid sifatida qabul qilgandi. Siyosiy tahlilchi Anvar Eminov Belarus prezidentining chiqishi O‘zbekistonni KXShTga qaytarish harakati deb baholagandi.
O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni mamlakat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bu ogohlantirish asossiz ekanini aytgandi. «Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», – degandi Shavkat Mirziyoyev.