Ko‘zbo‘yamachilik va ura-urachilikka qo‘yilgan haykal: G‘ijduvon bozorida «uxlatilgan» va yig‘latilganlar

Jamiyat 13:51 / 07.02.2022 45573

O‘shanda ayrim do‘kondorlar o‘zlarini nimalar kutayotganini xavotir bilan gapirib berishgandi. Oradan 3 yil o‘tib, ular ko‘p masalalarda haq bo‘lib chiqqaniga guvoh bo‘lib turibmiz.

Bu orada G‘ijduvonda bozor butkul qaytadan qurildi, uning ochilish marosimi katta tantana bilan o‘tkazildi. Muammolar esa yechilmasdan qolib ketaverdi.

Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati fotosi

Bugun G‘ijduvon bozorida bir-biriga tanish yo bog‘liq bo‘lmagan murojaatchilarning arzini namoyish etamiz. O‘ylaymizki, bu manzara haqida to‘liq xulosa chiqarish uchun yetarli bo‘ladi.

Masalan, tadbirkor Ulug‘bek Ahmedov eski bozorda joylashgan do‘konlari buzilgani, o‘rniga va’da qilingan yer madaniy meros obekti hududida bo‘lgani sababli to‘siq qo‘yilgani, kompensatsiya to‘loviga esa prokuraturaga yoza-yoza erishganini, biroq uni to‘lab berishga hokimlik shoshilmayotganini aytmoqda. Uning do‘koni o‘rni allaqachon boshqa tadbirkorga berib yuborilgan. Bozorchilarning yeriga qurilish qilgan tadbirkor esa 3 yildirki, inshootni tugata olmayapti.

Ulug‘bek Ahmedov

«Bizga boshqa joydan emas, o‘z do‘konimizning joyi berilganda, o‘zimiz qurib olib foydalanayotgan bo‘lardik. Hozir ham menga puli ham, yer evaziga beradigan yeri ham kerakmas, agar do‘konimning o‘rnini qaytarib o‘zimizga berishsa shu yerdagi tadbirkorlar bilan 4-5 oyda qurib, foydalanishga topshiramiz», — deydi tadbirkor.

Ulug‘bek Ahmedovning aytishicha, bozor balansida bo‘lgan, 51 foizi davlatga qarashli bo‘lgan, 107 ta do‘kon bo‘lgan hudud bozordan ajratib olinib, yeri davlat zaxirasiga qabul qilinmasdan, xususiy tadbirkorga mulk qilib berib yuborilgan. Bugungi kunda esa u yerdagi qurilish «tuya go‘shti yeb yotibdi».

Ulug‘bek akaga-ku, buzilgan do‘koni evaziga kompensatsiya va joy va’da qilingan ekan. 2013 yilda vafot etib ketgan o‘g‘li Azamat Sharapovning nomida bo‘lgan do‘kon 2019 yilda buzilgani, ammo bir tiyin kompensatsiya to‘lanmaganini hikoya qilgan Zubayda Hamidova esa ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Zubayda Hamidova

Holbuki, tumanning sobiq hokimi Murod Umarov 2019 yilda biz bilan suhbatda hech kim norozi qilinmasligi, do‘koni buzilgan har bir tadbirkorga yer yoki yangi bozordan joy berishni va’da qilgandi.

Tuman hokimining bu va’dasiga ters o‘laroq, kompensatsiyasiz qolgan Zubayda Hamidova ro‘zg‘or tebratish uchun ijarama-ijara sarson. Onaxon turmush o‘rtog‘i, yetim qolgan uch nevarasi, kelini bilan istiqomat qiladi. Pensiyaga kun ko‘rishadi. Onaxon hokimlik binosiga qatnay-qatnay siqilib, insult kasaliga mubtalo bo‘lganini aytib, izillab yig‘laydi. Hokimiyatdagi mas’ullarni «Xudodan topsin», deb qarg‘aydi.

Bozor rekonstruksiya qilingach, undan katta ishonch va yaxshi niyatlarda do‘konlar xarid qilgan ayrim xaridorlar ham mavjud holatdan aslo xursand emas.

Do‘kondor Jamshid Husenovning aytishicha, u ataylab do‘konlar qatorida burchagidan qimmatroqqa — 170 mln so‘mga joy olgan. Bugungi kunda dastlabki loyihaga qarshi o‘laroq, ularning do‘koni yoniga 12 ta va burchaklarga yana qo‘shimcha 2 ta do‘konlar qurib, pullangan.

Jamshid Husenov

Jamshid Husenovning aytishicha, bu do‘konlar loyihada yo‘q. Ularning kadastr hujjati ham yo‘q. Rasmiylashtirilmagan. Keyin qo‘shimcha qurilgan 14 ta do‘konni rasmiylashtirishni mas’ullarga yuklash uchun 2021 yil mayida ma’muriy sudga murojaat qilgan «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJ direktori V.Sodiqov sudda yutqazgan.

Savdo bloklarining ikkinchi qavatidagi do‘konlar sotilmayapti. Qurilgan eskalator va liftlar biror marta ishlamagan. Shundoqligicha chiriyapti.

Avval faqat mahsulot va tovarlar uchun ombor bo‘lishi mo‘ljallangan bloklarning yerto‘la qismidagi do‘konlar ham tadbirkorlarga sotilgan. Bu do‘konlarning har birini 75 million so‘mdan sotib olgan tadbirkor Bobur Sa’dullayev ularni na ijaraga bera olyapti, na sota olyapti. 50 million so‘mga ham xaridor yo‘q.

Bobur Sa’dullayev

«Bozor ma’muriyati tadbirkorlarni yerto‘ladagi do‘konlarga olib tushish, bu yerni ham gavjum qilish o‘rniga, bloklarning birinchi qavatidan qo‘shimcha do‘konlar ochib berib, bizning ishimizni ham yurgizmayapti», — dedi B.Sa’dullayev

Bloklar orasidagi yo‘l bo‘yida yangi do‘konlarning qurilishi yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik reglamentlarga, eng asosiysi, boshlang‘ich loyihaga zid. Ammo bozor egalari ko‘proq daromad olish uchun shunday qilishmoqda. Buni ular bozorni qurgan quruvchilar oldida qarz borligi va ularni to‘lash kerakligi bilan tushuntirishgan.

Holbuki, quruvchilarga hanuz pul to‘lanmay kelinmoqda. Yopiq bozor korpusini qurishda ishtirok etgan 23 ta qurilish firmasining 18 tasi oldida 23,7 milliard so‘m qarzi bor.

Pulni to‘lash ikki yildan buyon paysalga solib kelinmoqda. Buxoro viloyat va G‘ijduvon tuman hokimliklari o‘rtasida «koptok» bo‘layotgan quruvchilar bu muammoga hukumat va jamoatchilik e’tibor qaratishini istamoqda.

Biz 2019 yilgi maqolada do‘konlarning ikki qavatli qilib qurilayotgani loyihaviy xato ekanligini ta’kidlagan edik.

Bugunga kelib, bu narsa o‘z isbotini topib o‘tiribdi.

«Bizga hokimlik majburlab, ikkinchi qavatni qurdirdi. Uni sota olmayapmiz. Vaqtida 2-qavatni qurmaslikni aytgan edik, ammo qurdirishdi. Endi sotilmasdan bo‘m-bo‘sh turibdi»,degan «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJ mutaxassisi Qahhor G‘afurov.

Xullas, asl maqsad xalq uchun, tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish deb rekonstruksiya qilingan G‘ijduvonning yangi bozori ko‘zbo‘yamachilik, ura-urachilik va korrupsiyaga atalgan ulkan haykal yanglig‘ qad rostladi.

Aslida, bozorni 2003 yilda o‘sha qadimiy joyi — Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohi oldidan siljitish eng katta xato bo‘lgani bugungi kunda ayon bo‘lmoqda. Shu bilan qadimiy shahar G‘ijduvonda jamoatchilik muhitiga ham putur yetgan.

G‘ijduvon yangi bozorining bu qadar abgor ahvolga kelib qolganiga sabab — bozor atrofidagi ayrim «yog‘li» hududlar ham snos qilinib, puli bor odamlarga do‘konlar qurish uchun sotilgan.

O‘zi loyihaga ko‘ra, uchta yopiq blok oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji bozori bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ammo oziq-ovqat sotuvchilar bozorga kirib chiqish noqulay bo‘lgani sababli bozor atrofidagi o‘sha «yog‘li» hududdagi do‘konlarga ko‘chishgan. Tabiiyki, bozor bloklari huvillab qolgan va u yerga sekin-asta kiyim-kechak bilan savdo qiluvchilar kelib joylashgan.

Bugungi kunga kelib bu mashmashani boshlaganlarning ayrimlari o‘lib ketdi, ayrimlari mansabdan ketdi. Lekin boshqalarga asabbuzarlik, boshog‘riq, dard-alam qoldirib ketishdi. Eng qizig‘i, bu ishlar uchun hech kim javob bermaydi. Hech kim so‘ramaydi ham.

Kun.uz’da G‘ijduvon hokimligidan pulini ololmayotgan quruvchilar haqidagi avvalgi reportaj e’lon qilingach, Buxoro viloyati prokuraturasi o‘z rasmiy munosabatini e’lon qildi.

«Maqolada qayd etilgan holatlar tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘rganilganda, 2019–2020 yillar davomida bozor hududida «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari davomida bir qator qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan.

Xususan, «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJ tomonidan 26 nafar pudratchi korxonalar jalb qilingan holda amalga oshirilgan 90,1 mlrd so‘mlik rekonstruksiya qurilish-montaj ishlari bo‘yicha aslida bajarilmagan 6,7 mlrd so‘mlik ishlar qo‘shib yozish orqali talon-toroj bo‘lganligi «Engineering calculations» MChJ mutaxassislarining xulosasida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, bozor hududida loyiha hujjatlarida nazarda tutilmagan 12 ta savdo do‘konlari asossiz ravishda qurilib, ularning 6 tasi aldov yo‘li bilan tadbirkorlarga sotilib, ularga huquqni tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilmasdan, 560 mln so‘mlik pul mablag‘i o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, «G‘ijduvon dehqon bozori qurilish» MChJ mansabdor shaxslari bozor faoliyatidan olinayotgan noqonuniy daromadlariga qonuniy tus berish va pudratchi korxonalar oldidagi qarzdorlikni to‘lashdan qochish maqsadida, «Barokat Al Saxiy» MChJni tashkil etib, ushbu jamiyat orqali bozor faoliyatini nazorat qilish va yig‘imlarni yig‘ish ishlarini tashkillashtirgan.

Jumladan, 2021 yilning dekabr oyida bozorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan 106,2 mln so‘mlik oylik to‘lovlari yig‘ib olingan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining G‘ijduvon tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov davomida bozor faoliyatida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho beriladi. Tergovning borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Ko‘ryapmizki, xayrli maqsadlarda qayta qurilgan bozorda bugungi kunda ishlar joyida emas. O‘z mulkidan ajralgan ayrim tadbirkorlar, ularning do‘konlarida ishlab, ro‘zg‘or tebratib yurgan yoshlar esa xorijga ish izlab chiqib ketishdi. Chunki rekonstruksiyagacha G‘ijduvon bozorida 344 ta do‘kon bo‘lgan. Rekonstruksiyadan so‘ng ularning soni 384 ta bo‘lishi va’da qilingan bo‘lsa-da, hozir faoliyat ko‘rsatayotganlari 250 taning nari berisida.

Mulklari buzilgan g‘ijduvonlik savdogarlar va ularning xaridorlari shuni kutganmidi?

P.S. Darvoqe, bozordagi do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga yer ajratish masalasida ham tumanning sobiq hokimi Murod Umarov katta qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan. Bolalar bog‘chalarining yerlari tuman zaxirasiga tortib olingan. Bu haqda alohida reportaj qilamiz.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: