Ayol fojiasi, ayiq marhamati, qizaloq hayotidagi mo‘jiza... Shov-shuvli voqeadan qanday xulosalar chiqarish mumkin?

Jamiyat 19:58 / 03.02.2022 26405

Kun.uz bu voqeani atroflicha o‘rgandi (maqola 1, 2, 3, 4). Hozircha bu dahshatli voqeaning mantiqiy yechimi nisbatan eng yengil yo‘nalishda ketyapti – ayol ruhiy xasta, qilgan ishini idrok eta bilmagan. Bu insoniylik, ona maqomini soyada qoldirayotgan iztirobga, jamiyatning hamma qatlamida tug‘ilayotgan savollarga eng to‘g‘ri javob bo‘la oladi.

Ammo shu bilan birga qator tizimli muammolarni ham ochib beradi.

Ayol muammosi

Ayollar bilan, ayniqsa ruhiy xasta bemorlar bilan ishlash tizimi ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilmagan. Ruhiy xastalik biz yashayotgan jamiyatda insonni quvg‘indiga aylantiradi, hamma undan nari turishga intiladi, quda-anda bo‘lmaydi, hatto yaqinlari ham yordam berish o‘rniga bu holatni ommadan yashirishga urinishadi. Natija ko‘p kuttirmaydi – o‘z vaqtida malakali tibbiy yordamni olmaslik, “o‘tib ketadi” deya qarash, yagona maqsad – dard oshkor bo‘lmasligiga urg‘u berilishi kasallikning ortga qaytmas bosqichlarga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Ayni bu holatda barchasini faqat ruhiy holat bilan bog‘lab qo‘yish ham adolatdan bo‘lmaydi. Chunki yaqqol sezilib turibdiki, ayolda cheksiz isyon tuyg‘usi bo‘lgan. Chunki u kimgadir nimanidir isbotlash istagida yongan va buning uchun eng shafqatsiz yo‘lni tanlash bilan birga imkon qadar ko‘proq shov-shuv ko‘tarishni istagan. Chunki hatto eng aql bovar qilmas ish – o‘z bolasini o‘ldirish darajasiga borgan odam ham buni imkon qadar yashirib qiladi. Oshkora qildimi, demak isyon istaydi, intiqom istaydi. Lekin bu sabablarning birortasi bolaga nisbatan shafqatsizlikni oqlay olmaydi.

Uning oilaviy ahvoli, turmushiga oid ma’lumotlar buning sabablarini ochib beradigandek. Bolalar bilan yolg‘iz qolgan ayolda ruhiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Ammo bu o‘zgarishlar bolalardan va jamiyatdan ajratish darajasida deb hisoblanmagan. Voqea oramizda qanchalab har qanday aql bovar qilmas harakatga loyiq odamlar borligi, ular bilan ko‘ngildagidek ish olib borilmayotganini ko‘rsatib berdi.

“Hayvonot bog‘i” masalasi

Deyarli 100 yillik tarixga ega Toshkent hayvonot bog‘i yangi joyga ko‘chib o‘tganiga ham 24 yil bo‘libdi. Toshkentni aylanib ketadigan har bir oila albatta bu maskanni ham ko‘rib ketadi. O‘zi shundoq ham ko‘ngilochar maskanlar yetishmaydigan poytaxtda hayvonot bog‘iga raqobat yo‘q. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yillardirki bir maromda ishlab keladi. Davlat dotatsiyasi ajratilaveradi, 200 nafardan ortiq xodim maoshini olaveradi, ochdan o‘lmagudek, to‘yib semirib ketmagudek hayvonlar joylarida mizg‘ib yotaveradi. Tashrif buyurganlar o‘z holicha aylanishadi, hududda o‘rnashib olgan uddaburron tadbirkorlargina zo‘r berib o‘z mahsulot va xizmatlarini taklif etishadi. Qolgan hammasi xuddi tezroq kirib, tezroq aylanib chiqishga moslashganday.

Ayiq voqeasidan keyin hayvonot bog‘ining sokin hayoti to‘satdan buzildi, hech qachon hech kimning e’tiboriga tushmagan xodimlari birdan diqqat markaziga chiqishdi, OAV vakillari ayiq voleri fonida paydar-pay lavhalar olishdi. Bu voqealar ortidan hayvonot bog‘i rahbariyati ayolning ikki farzandiga butun umr bu muassasaga bepul kirish huquqi berilganini e’lon qilgan bo‘lsa, bir qator xodimlar jarohatlangan qizaloq holidan xabar olib kelganlari ma’lum bo‘ldi.

Albatta, xodimlarning bu harakatlarida insoniylik burchi birinchi o‘rinda turgan bo‘lishi mumkin. Ammo shu bilan birga xijolatlik, aybdorlik hissi ham borday. Chunki bola tushib ketishi yoki tashlab yuborilishiga imkon qoldirilgan. Aslida bunday imkon hatto nazariy jihatdan ham bo‘lmasligi shart edi!

Kreativ yondashuv

Bu voqeada ayolning, onaning o‘z bolasiga nisbatan shunday shafqatsizlik qilgani va tabiatning eng yirtqich jonivorlaridan biri ayiqning shafqatini chindan ham Allohning marhamati desa arziydi. Bu haqda kino ishlasa, kitoblar yozsa arziydi.

Bloger Qahramon Aslanov vaziyatdan kelib chiqib o‘ziga xos yechim taklif qiladi:

“Toshkentdagi hayvonot bog‘ida «ona»ning farzandini ayiq oldiga tashlab yuborishi, ammo yirtqich hayvon qizchaga tegmagani, xullas yaxshiyam voqea fojiali yakun topmadiki, butunlay boshqa mavzuga aylantirish mumkin.

Masalan, kreativ yondashilsa, Zuzuni qahramonga aylantirib, taqdim etish orqali ushbu hayvonot bog‘ini mashhur qilish mumkin. Aytaylik, bu ayiqni ko‘rish, yemak berish uchun keladiganlar ko‘payar, qiziqish oshar, balki keyinchalik uning haykalini, katta rasmini qo‘yib, tagiga uning hikoyasini yozib, alohida e’tirof orqali piar qilish mumkin. Albatta, axir hozirgi zamonda faqat hayvonlarni qafasda namoyish qilish bilan odamlarni jalb qilish qiyin.

Esingizda bo‘lsa, Rossiyada Amur laqabli yo‘lbars o‘ziga tashlangan echkini yemasdan, u bilan do‘stlashib olgandi. Odatda, bunday echkilarni ko‘pini yegan, och yo‘lbars nega bunday qilgan, echki unga “Shahrizoda ertaklarini” va’da qilganmi qorong‘i, lekin Amur va Temur (echkiga shunday nom berishgan) voqeasi ancha vaqt ko‘pchilik tomonidan kuzatilgan, tabiiyki, ularni ko‘rgani tashriflar soni ham sezilarli oshib ketgandi.

Bilmadim, bizning holatda yanada muhimroq va e’tiborga arzirli bir ayolning fojiasi ham turibdi, bundan foydalanish insoniylik tomondan qanchalik to‘g‘ri, bir narsa deyish qiyin, lekin buyam bir fikrda. Ayiq “malades”, – deya yozadi u.

Abror Zohidov.

Ko‘proq yangiliklar: