O‘zbekiston | 13:05 / 31.01.2022
8524
3 daqiqa o‘qiladi

Ikkilamchi bozordan uy sotib olish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi moliyalashtirish manbalari aniqlangunga qadar ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni vaqtinchalik to‘xtatib turganini ma’lum qildi. 

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda ipoteka bozorini takomillashtirish maqsadida Moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi va uni 2019 — 2021 yillarda amalga oshirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan

Konsepsiyaga muvofiq, dasturning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 13 maydagi PQ-5715-sonli qarori ilovasi bilan belgilangan yo‘l xaritasiga asosan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi”ni ta’sis etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

Dasturga muvofiq, kompaniya faoliyatini boshlash uchun dastlabki bosqichda Osiyo taraqqiyot bankining 150 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari tijorat banklarining maqbul ipoteka kreditlari portfelini qayta moliyalashtirish uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu resurslarni bosqichma-bosqich 2023 yilning birinchi choragi yakuniga qadar o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

“Biroq, aholining ipoteka krediti hisobiga ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olishga bo‘lgan katta qiziqishi hamda tijorat banklari tomonidan aholining ushbu talabini qondirish maqsadida faol kreditlar ajratishi natijasida, dasturda nazarda tutilgan mablag‘lar muddatidan avval, ya’ni 2022 yilning birinchi choragi davomida o‘zlashtirib bo‘linishi kutilmoqda. 

Bu haqda tijorat banklari 2021 yilning dekabr oyida, dastur bo‘yicha qoldiq mavjud resurslar doirasida yetarlicha maqbul ipoteka krediti portfellari shakllantirishi lozimligi yuzasidan Kompaniya tarafidan yozma ravishda xabardor qilingan edi.

Bugungi kunda kompaniya Moliya vazirligi va boshqa institutlar bilan birgalikda, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan ham, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish maqsadida resurslarni jalb qilish bo‘yicha faol ravishda tegishli ishlarni olib bormoqda. 

Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, moliyalashtirish manbalari aniqlangunga qadar, kompaniya ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni vaqtinchalik to‘xtatib turibdi”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Bildirilishicha, banklar maqbul ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish ishlari tiklanganligi to‘g‘risida kompaniya tomonidan tegishli ravishda kelajakda xabardor qilinadi.

Mavzuga oid