Inflatsiya, monopoliyalar va davlat qarzi: 2022 yilgi davlat dasturining iqtisodiy maqsadlari

Iqtisodiyot 22:04 / 31.01.2022 33406

“Taraqqiyot strategiyasi”ning Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘limida kelgusi 5 yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni – 1,6 barobar (1750 dollardan 2800 dollarga) va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish uchun zamin yaratish maqsad qilingan.

Mazkur maqsadga erishish uchun, 2022 yilga quyidagilar reja qilingan.

Yalpi ichki mahsulot

Xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda kelgusi 5 yil uchun bir nechta ssenariyli makroiqtisodiy prognoz (makromodel) ishlab chiqiladi. Bunda:

  • yalpi ichki mahsulotni 100 mlrd AQSh dollariga yetkazish va aholi daromadlarining yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
  • tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda iqtisodiyotga ta’sirini baholash;
  • iqtisodiy o‘sish uchun zarur bo‘lgan energiya manbalari bilan ta’minlash;
  • tashqi bozorlardagi o‘zgarishlarni prognozlashtirish va iqtisodiy o‘sishga tashqi omillar ta’sirini yumshatish;
  • hududlar va tarmoqlarning iqtisodiy o‘sishdagi hissasini aniqlash orqali “o‘sish nuqtalari”ni belgilash va boshqalar.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov zimmasiga 2022 yil avgust oyigacha asosiy makroiqtisodiy yo‘nalishlar bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

2023-2025 yillar uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi ishlab chiqiladi, bunda:

  • iqtisodiy o‘sish darajasining o‘rtacha 6,5 foizdan yuqori bo‘lishi;
  • inflatsiyaning 2024 yildan 5 foiz target ko‘rsatkichi darajasida ushlab turish;
  • pul-kredit, budjet-soliq siyosatlari va tarkibiy islohotlarni o‘zaro muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Inflatsiya

Inflatsiyaning monetar omillarini pasaytirish hisobiga doimiy inflyatsion maqsadga (target) erishish bo‘yicha choralar ko‘rish ko‘zda tutilgan. Bunda:

  • qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish, shu jumladan, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari o‘sish sur’atini (16-18 foiz) yalpi ichki mahsulot nominal hajmi o‘sish sur’atlari bilan mutanosib bo‘lishini ta’minlash;
  • pul-bozoridagi operatsiyalar bo‘yicha 2-3 foizlik real ijobiy foiz stavkalari shakllanishini ta’minlash;
  • Markaziy bankning pul-kredit instrumentlarining inflatsiyaga ta’sirini kuchaytirish;
  • iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga qaratilgan kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish maqsad qilinmoqda.

Monopoliyalar

2022 yilda Iste’mol bozorlarida raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi ta’sirchan choralar ko‘rish ko‘zda tutilgan. Bunda:

  • ichki iste’mol bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish va importda konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish;
  • oziq-ovqat va nooziq ovqat mahsulotlari bozorlarida taklifni oshirish va mavsumiy taqchilliklarni bartaraf etish;
  • tarif va notarif tartibga solishning inflatsiya darajasiga ta’sirini hisobga olish va oqibatlarini yumshatish;
  • jahon bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni xorijdan olib kirishda ularga nisbatan maqbul bojxona stavkalarini qo‘llash choralari ko‘riladi va 2022 yil sentyabrga qadar Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Hududlarda savdo infratuzilmasi rivojlantiriladi

Bunda:

  • har bir hududda yirik ulgurji-savdo markazlari, jumladan logistika, muzlatgich, omborxonalarni tashkil etish;
  • yirik tuman/shaharlarda kamida 3 tadan zamonaviy savdo markazlarini tashkil etish;
  • qishloq joylarda ko‘chma savdo nuqtalarini ko‘paytirish;
  • aholiga erkin savdoni amalga oshirish imkonini beruvchi chegaraoldi hududlarda savdo markazlarini tashkil etishni nazarda tutilgan.

Ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” amalga oshiriladi.

Bunda hududlar kesimida:

  • oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish va ichki bozorda intervensiya qilish hajmlari ko‘rsatkichlari;
  • hududiy hokimliklarning ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash borasidagi vazifalarini aniq belgilash;
  • asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish zaxiralarni shakllantirish va ulardan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish (iste’mol bozorlariga intervensiyalar qilish) bo‘yicha choralarni nazarda tutish borasida 2022 yil aprelgacha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, Xalqaro moliya institutlarining tavsiyalarini nazarda tutgan holda “O‘rta muddatli daromadlar strategiyasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshlash va 2022 yil 1 sentyabrga qadar Strategiya loyihasini 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritish ham maqsad qilingan.

Tashabbusli budjet

Har bir tuman budjetining kamida 5 foizini “Fuqarolar budjeti” dasturi doirasida aholining takliflari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflash ko‘zda tutilmoqda.

Tuman va shaharlar budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish tartibini joriy etish joriy yil fevraldan boshlab amaliy choralar ko‘riladi.

Davlat qarzi

Davlat qarzini boshqarishda yiliga yangi jalb qilingan tashqi qarz miqdori 4,5 mlrd AQSh dollaridan oshib ketmasligi ta’minlanadi.

O‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya doirasida davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqiladi. Bunda:

  • davlat qarzining joriy holati va ko‘p prognoz ssenariylarni orqali o‘rta muddatda davlat qarzini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foiz darajasidan oshmaslik choralarini;
  • davlat qarzi portfelining strukturasida foiz xatarlarni samarali boshqarish choralarini nazarda tutish borasida 2022 yil davomida amaliy choralar ko‘riladi.

Davlat kafolati asosida qarz olishda, O‘zbekiston Respublikasi kafolatlarini berish tartibi takomillashtiriladi. Bunda:

  • loyihani amalga oshirish uchun qarz oluvchi korxonalarning moliyaviy holati, loyihaning hayotiyligi, pul oqimlari va loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xatarlar tahlili asosidagi davlat kafolatini berishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga Moliya vazirligining xulosasini kiritish;
  • davlat kafolati uchun to‘lovlarni qarz oluvchi korxonalarning moliyaviy holati bo‘yicha xatarlar darajasidan kelib chiqqan holda belgilash;
  • davlat kafolati taqdim etishda korxonalariga moliyaviy shart va talablarni belgilash tartibini joriy etishni nazarda tutishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi joriy yil sentyabrgacha ishlab chiqiladi.

Kelgusi yilda davlat qarzi va davlat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy kreditlar hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxatini tasdiqlashga oid Prezident qarori 2022 yil 15-dekabrgacha ishlab chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: