Uy qurish uchun yer uchastkalari mulk huquqi asosida auksion orqali realizatsiya qilinadi

O‘zbekiston 07:43 / 28.01.2022 9658

Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarni xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Ishlab chiqilgan qaror loyihasi bilan quyidagilar tasdiqlanmoqda:

  • yuridik va jismoniy shaxslarga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
  • tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron-onlayn auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

“Yerxususiylashtirish” AAT yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoniga Davlat kadastrlari palatasining hududiy bo‘linmalari, tumanlar va shaharlar qurilish bo‘limlari, tuman va shahar hokimliklari, shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari ulanishi nazarda tutilgan.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini sotib olish qiymati Vazirlar Mahkamasi tomonidan xususiylashtirish kunida tegishli yer uchastkalari uchun belgilangan yuridik va jismoniy shaxslar uchun yer solig‘i stavkasining o‘n baravarida belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Bo‘sh turgan yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish to‘g‘risidagi nizom bo‘sh turgan yer uchastkalari bo‘yicha kadastr yig‘majildlarni tayyorlash tumanlar (shaharlar) hokimliklarining buyurtmanomalari asosida tuman (shahar) qurilish boshqarmalarining murojaatlariga binoan amalga oshirilishini nazarda tutmoqda.

Onlayn-auksion savdosiga qo‘yilgan bo‘sh turgan yer uchastkasining boshlang‘ich bahosi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi buyurtmanomasiga asosan mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, ushbu yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar, tegishli xarajatlar chegirib tashlangandan keyin davlat budjetiga keyinchalik maqsadli foydalanish bilan hududiy rivojlantirish va tegishli hududdagi aholi punktlarining bosh rejalari va ularni rivojlantirish va qurish to‘g‘risidagi boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda infrastrukturani rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

Shahar va qishloqlarni bosh rejalar bilan qamrab olishni tezlashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Qurilish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birga hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqqan holda aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish vazifasi yuklatilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: