Ko‘cha poygalari: Samarqand shahridagi chorrahalarga qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar qachon o‘rnatiladi?

O‘zbekiston 21:17 / 28.01.2022 9237

So‘nggi yillarda Samarqand shahrida mashina boshqarish qiyin va xavfli bo‘lib qoldi. Ko‘chalardagi chorrahalarda o‘rnatilgan kameralar qoidabuzarliklarni qayd etmasligi tufayli aksariyat haydovchilar mashinalarni o‘zlari istagandek, boshqalarga xalaqit bergan holda boshqarishmoqda.

Qolaversa, Samarqandda ham mashinalar oqimi juda zichligi sababli tartibli haydovchilar qoidabuzarlarning kutilmaganda to‘qnashuv sodir etishidan cho‘chib rulga o‘tirishadi.

Qoidabuzarligi uchun jazolanmasligini biladigan haydovchilar qizil chiroqda mashinalar to‘xtash chizig‘ini bosib to‘xtaydi. Ayrimlari hatto boshqalarga xalaqit bergan holda chorrahaning o‘rtasigacha chiqib boradi.

Bundan tashqari, boshqalarning hayotiga xavf tug‘dirgan holda svetoforning qizil chirog‘idan oshkora o‘tib ketayotgan haydovchilar soni ham ko‘p. Buni ijtimoiy tarmoqlarga yuklanayotgan ayrim videolardan ham bilsa bo‘ladi.

1-misol. 2021 yil yanvar oyida Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari chorrahasida Lacetti mashinasi boshqa transport vositalarining harakatiga xalaqit bergan holda qizil chiroqdan o‘tadi. Oqibatda, yashil chiroqda chorrahaga chiqqan, oraliq masofasi yaqin bo‘lgan avtobus va Matiz mashinalari keskin tormoz bosilishi natijasida o‘zaro to‘qnashadi.

Qizig‘i, ana shu hodisa ortidan Samarqand viloyat IIB situatsion markazidagi kuzatuv kameralarining arxiv fondi ko‘zdan kechirilib, aybdor topiladi.

Ya’ni chorrahalarda kuzatuv kameralari bor. Situatsion markaz tashkil qilingan va u yerda chorrahalardagi transport vositalari oqimi kuzatiladi va videotasvir yozib olinadi. Ammo qoidabuzarlik qayd etilmaydi.

2-hodisa. 2021 yil yoz oylaridan birida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab tez harakatlanib kelgan Spark boshqaruvni yo‘qotib, yo‘ldan chiqib ketdi. Oqibatda Mirzo Ulug‘bek va Mir Said Baraka ko‘chalari kesishgan chorrahaga o‘rnatilgan svetoforning ustunini ag‘darib yubordi.

3-hodisa. 2021 yil yoz oylarida avvalroq Spark svetofor ustunini ag‘darib yuborgan joyda boshqa bir Spark tez harakatlanib kelib, boshqaruvni yo‘qotdi va o‘sib turgan daraxt bilan to‘qnashdi. Oqibatda daraxt sindi. Mashina esa pachoq bo‘ldi.

4-hodisa. Tez harakatlanib kelgan Lacetti svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib, yo‘lni ikkiga ajratib turgan kichik beton bo‘lagi ustiga chiqib qoldi. Agar u beton to‘siqni oshib yo‘lning qarama qarshi tomoniga o‘tib ketganda ro‘paradan kelayotgan mashinalar bilan to‘qnashishi aniq edi. Ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan bu hodisa avvalida ikkita mashina o‘zaro poyga uyushtirib kelayotgandi.

5-hodisa. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan kelib Mir Said Baraka ko‘chasiga qayrilmoqchi bo‘lgan Damas mashinasini Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida ro‘paradan tez harakatlanib kelayotgan Captiva urib yubordi. Oqibatda Damas haydovchisi jiddiy tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqiziladi.

Qizig‘i shundaki, yuqoridagi hodisalarning to‘rttasi bir joyda, tunda sodir bo‘ldi. Bu biz bevosita guvohi bo‘lgan «avariya»lar. Guvohi bo‘lmaganlarimiz va shaharning boshqa joylarida sodir bo‘layotganlari qancha ekan?!

So‘nggi paytlarda odamlarni boshqa bir jiddiy masala o‘ylantiryapti. Samarqand shahridagi markaziy ko‘chalarida tunda uyushtirilayotgan avtopoygalarga qachon barham beriladi? Yoki chorrahalarda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kameralar yo‘qligi va ishlamayotgani uchun katta tezlikda harakatlanayotgan haydovchilarga qachon chora ko‘riladi?

Tungi ko‘cha poygalarini yoki shunchaki katta tezlikda harakatlanadigan boshqa haydovchilarni inson omili bilan tartibga olib bo‘lmaydi. Shu uchun ham bu muammoning eng to‘g‘ri yechimi — qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralarni tezroq ishga tushirish.

Misol uchun, bir paytlar Toshkent shahri chorrahalaridagi holat hozirgi Samarqanddagiga juda o‘xshash edi. Qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar yo‘qligi uchun haydovchilar chorrahalarda «stop-liniya» bosib to‘xtardi.

O‘shanda svetoforda to‘xtab turgan haydovchilar svetoforning ogohlantiruvchi sariq chirog‘i yongandayoq «yur» degan ma’noda o‘zidan oldingi mashinaga signal chalardi. Shuningdek, ayrimlar namoyishkorona chorraha o‘rtasiga chiqib ketardi. Bundan tashqari, svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib ketish ham odat tusiga kirgandi.

Shundan so‘ng holatni tartibga solish uchun chorrahalarda qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar o‘rnatildi. 2017 yil 15 mart kuni Toshkent shahridagi 115 ta chorrahada kameralar ishga tushdi. Shundan so‘ng poytaxt chorrahalarida qizil chiroqda o‘tib ketish, «stop-liniya»ni bosib to‘xtash va piyodalarni o‘tkazmaslik kabi qoidabuzarliklar keskin kamaydi.

Samarqand va boshqa viloyatlar markazlarida chorrahalarni, qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar bilan jihozlab, shu yo‘l bilan qoidabuzarliklarni keskin kamaytirish shunchalik qiyinmi? Yoki buning odamlarga noma’lum bo‘lgan boshqa sabablari bormi?

Toshkentda jami 115 ta chorrahaga qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar o‘rnatilgan bo‘lsa, viloyat markazlari ancha kichik. Ularda chorrahalar soni kamligi sababli poytaxtdagidan ancha kam pul sarflab kameralarni o‘rnatsa bo‘ladi

Agar chorrahalarni kamera bilan jihozlab chiqishga budjetdan pul topilmasa, bu ishni xususiy tadbirkorlarga topshirish va shu yo‘l bilan shahar ko‘chalarida tartib o‘rnatish ham mumkin.

Yaqinda, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Facebook'dagi sahifasiga joylashtirgan postida «O‘zbekiston yo‘llarida yurganda, o‘zimni kamikadzelar orasida yurgandek his qilaman» yozdi. Siyosatshunos bu gaplari bilan bizdagi holatga aniq baho berdi.

Umuman olganda, YTHlarning oldini olish uchun hali juda ko‘p ishlar qilinishi kerak. Ammo hozir eng birinchi navbatda zudlik bilan viloyat markazlaridagi chorrahalarni qoidabuzarliklarni qayd etadigan kameralar bilan jihozlash kerak. Shu ish bajarilsa yirik shaharlarda sodir bo‘layotgan YTHlarni keskin kamaytirish mumkin.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha Samarqand shahri chorrahalarida o‘rnatilgan kameralardan qoidabuzarliklarni qayd etishda foydalansa bo‘ladi. Buning uchun monitoring markazi tashkil etilsa bo‘ldi. Demak, Samarqand ko‘chalaridagi qoidabuzarliklarni tartibga olish unchalik qiyin emas. Shunchaki, mas’ullarda xohish uyg‘onishi kerak, xolos.

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: