Bemorlar orasida bolalar soni ko‘paygan. Zangiotadan reportaj

Jamiyat 23:17 / 28.01.2022 16360

Sog‘liqni saqlash vazirligi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidan maxsus reportaj taqdim etdi.

Vazirlik yangi to‘lqinning avvalgilaridan asosiy farqli jihati infeksiya bolalar orasida ko‘payganini qayd etgan. Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi odatiy bemorlar bilan birga, bolalar va homiladorlar ham koronavirusga qarshi davolanadi. 

Kasallik iyul oyidagi kabi tez tarqalmoqda, ammo...

Muassasa mutasaddilari keyingi kunlarda murojaatlar soni oshganini tasdiqladi. Kasallik tarqalishi ancha kamaygan holatlarda ham 400-500 nafar bemor davolangan shifoxonada bugun bemorlar soni 2-3 barobar ko‘paygan. 

Bu yerdagi tug‘ruq majmuasi va bolalar bo‘limida umumiy bemorlarning uchdan bir qismi davolanmoqda. 

O‘tgan yili pandemiyaning yurtimizdagi eng yuqori cho‘qqisi iyul oyiga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda muassasada 2000 nafarga yaqin bemor davolangan. Hozirgi ko‘tarilish bilan o‘tgan yilgi to‘lqinni o‘zaro solishtirganda, asosiy farq endilikda og‘ir ahvoldagi bemorlar salmog‘i avvalgidan kamroq ekanida ko‘rinadi. 

Demak, Zangiota shifoxonalaridagi holat butun dunyo olimlari ta’kidlayotgan fikrlarni tasdiqlaydi: virusning yuquvchanligi oshib, og‘ir holatlar nisbatan kamayib bormoqda.

Murojaatlar ko‘payishi bilan shifokorlarning ish yuklamasi ham oshgan. To‘g‘ri, bemorlarning aksariyatiga ambulator yordam ko‘rsatilyapti. Lekin shuning o‘zi ham kasallikning yangi to‘lqini kuchayib borayotganini tasdiqlaydi.

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida 100 nafardan ortiq bemor kasallikka qarshi kurashayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bir qarashda 1000 nafardan ortiq kasalga nisbatan 100 dan ortiq og‘ir holat ijobiy ko‘rsatkichdek ko‘rinadi. Lekin mamlakatdagi eng yirik koronavirusni davolovchi shifoxonalardan birida shuncha bemor virus sabab o‘lim bilan olishayotgani siz-u bizni sergaklantirishi kerak.

Miks-infeksiya! Bu yangilikmi?

Kasallikning kechishi, uning namoyon bo‘lish belgilari haqidagi savollar bilan yana mutaxassislarga yuzlanamiz. Muassasa direktori o‘rinbosari Hilola Alimovaning ta’kidlashicha, koronavirusni davolash jarayonida mutaxassislar miks-infeksiya, ya’ni koronavirusning turli shtammlari simptomlarining o‘zaro birgalikda namoyon bo‘lishiga duch kelishmoqda. 

«Delta shtammida o‘pka zararlanishi yuqori ekani kuzatilgan edi. Omikronning esa yuqumlilik darajasi o‘ta baland, kasallikning kechuvi nisbatan yengil. Ana shu belgilarning birgalikda kechish holatlari amaliyotda tasdiqlanmoqda. Bu — ogohlik signali! Virus yashab qolish uchun kurashmoqda», deydi shifokor. 

«Ixtisoslashib» borayotgan koronaviruc

Omikronning avvalgi shtammlardan yana bir farqi ham bo‘lib, bu — bolalarda va homilador ayollarda ko‘p qayd etilayotganidir. Ammo kasallikning kechuvi bu ikki toifada ham o‘zaro farq qilayotganini ko‘rish mumkin.

Amaliyotda homiladorlarda o‘pka zararlanishi 5 foizga ham yetmasa, bolalarda 60-70 foiz holatlarda pnevmoniya belgilari namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, 1 yoshgacha bo‘lganlarda bu jarayon og‘irroq kechyapti.

Bolalarda diareya belgilari ko‘rinishi ham koronavirus yangi shtammining o‘ziga xosliklaridan deyish mumkin.

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida yotgan bemorlarning 90 foizi vaksina olmagan fuqarolar ekani ham xulosa qilish uchun yetarli asos.

Xo‘sh, qolgan 10 foizi-chi, axir, ular vaksina olgan edi-ku, desangiz, bu bemorlarning surunkali yondosh kasalliklari borligi ma’lum bo‘ladi. 

Shifoxonaga murojaat qilganlarning ham yengil holatdagilari, asosan, koronavirusga qarshi vaksina olgan fuqarolar bo‘lib, kasallik og‘ir kechayotganlar emlanmagan aholi vakillari bo‘lib chiqmoqda. 

Bemorlar quloq og‘rig‘idan ham shikoyat qilishgan...

Omikronning avvalgi shtammlardan ko‘ra yengil kechayotgani xotirjamlikka sabab bo‘la olmaydi, albatta. Yangicha virus yurak va buyrak sohalarida asorat qoldirishi ta’kidlanmoqda. Shunday xavf mavjud ekan, qanday qilib virusdan ehtiyot bo‘lmaslik kerak?

Tomoq sohasidagi qattiq og‘riq, burun oqishi, bosh og‘rig‘i, diareya hozirgi shtammning asosiy simptomlari ekani ko‘p marta ta’kidlandi. Ayrim holatlarda isitma chiqishi ham kuzatilmoqda. Ba’zida bemorning a’zoyi badani og‘riy boshlaydi. Hilola Alimovaning ma’lum qilishicha, koronavirusga chalingan bemorlarning ayrimlari quloq og‘rig‘idan shikoyat qilgan holatlar uchrab turibdi.

«Agressiv terapiya» o‘zini oqlamaydi

COVID-19ning avvalgi to‘lqinlarida aholi vahimaga tushib, kim nima tavsiya bersa, o‘shani sinab ko‘rishga kirishib ketgandi. Mutaxassis bo‘lmagan shifokorlar ham, kezi kelganda, ko‘chada yurgan oddiy fuqaro ham koronavirusni davolash bo‘yicha o‘z “tavsiya”larini qalashtirib tashlardi. Shu sababli ham uy sharoitida antibiotik va gormonlarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llash holatlari ko‘plab qayd etilgan.

Bunday holatlar bugun yuz bermayapti, deb ayta olmaymiz. Hozir asosan yengil ko‘rinishda o‘tayotgan kasallikka qarshi bunday agressiv muolajalar o‘zini mutlaqo oqlamasligi, to‘g‘ri va vaqtida qo‘llangan choralar bilangina virusni yengish mumkinligi o‘z isbotini topmoqda.

«Barcha yo‘llar vaksinaga olib boradi»

Virusga qarshi eng yaxshi profilaktika shaxsiy gigiyena qoidalariga muntazam amal qilish ekani qayta-qayta takrorlanishi ham kimgadir yoqmas, ehtimol. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, koronavirus tufayli bolalarning muntazam qo‘l yuvish qoidalariga amal qilishlari natijasida pandemiya davrida virusli gepatit va boshqa ichak kasalliklari tarqalishi keskin kamaygan.

Bugun shu kabi qoidalar bilan birga virusga qarshi emlanish ham COVID-19dan xalos bo‘lishning eng samarali chorasi bo‘lib turibdi. 

Kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan qatlam — bolalarning 12-18 yoshgacha bo‘lgan qismi ham emlanishga ruxsat berilgan.

Bolalarni koronavirusga qarshi emlashdan maqsad uchta:

  • kasallikning oldini olish;
  • virus tashuvchisi bo‘lib qolmaslik;
  • xastalikni asoratlarsiz o‘tkazish.  

Butun dunyoda bolalar o‘limining keskin kamayishiga aynan ommaviy vaksinatsiyalar sabab bo‘lganini eslasak, bu choraga yana bir bor ishonch bildirish kerakligi oydinlashadi. 

Bugun koronavirusning asosiy nishonlaridan biri bo‘layotgan homilador ayollar emlanishi mumkin emas. Bu ularning kasallikka chalinish ehtimolini yanada oshiradi. Xo‘sh, nima qilish kerak?

Mutaxassisning tavsiyasi quyidagicha: homiladorlar emlanishi mumkin emas ekan, uning atrofidagilar emlanishi, shu bilan bo‘lajak onalarni va tug‘ilajak chaqaloqlarni himoya qilish lozim.

«Koronavirusni davolash bo‘yicha tajriba barcha davlatlarda bir vaqtning o‘zida shakllanmoqda. Biz ham pandemiya davrida katta tajriba va milliy mutaxassislar zaxirasiga ega bo‘ldik. O‘zbekistonning bu borada o‘z maktabi paydo bo‘ldi, bu — Zangiota maktabi!» deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov.

Ko‘proq yangiliklar: