Soliq muammolari: Tadbirkorlarga ayrim yengilliklar e’lon qilindi

Iqtisodiyot 13:26 / 27.01.2022 48691

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi soliq ma’murchiligidagi yangiliklar bo‘yicha e’tirozlardan so‘ng bu borada qator yengilliklar berilishi yuzasidan qo‘shma axborot tarqatdi.

I. Yangi avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini qo‘llash bo‘yicha

1. “E-aktiv” dasturiy mahsuloti

a) Tadbirkorlik sub’yektlarini dasturni qo‘llashga jalb qilish 2022 yilda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunda, 2022 yil 1 apreldan «E-aktiv» dasturidan majburiy foydalanish to‘g‘risidagi talab faqat 4 toifadagi tovarlarga tatbiq qilinadi (sement, shisha, yog‘och va paxta).

Dasturni tajribadagi 4 toifa tovarlar bo‘yicha qo‘llash natijalaridan kelib chiqib, tovarlar ro‘yxati Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bosqichma-bosqich kengaytiriladi.

Bunda, dasturni barcha toifadagi tovarlarga joriy etishni 2023 yil IV chorakda yakunlash rejalashtirilmoqda.

b) 2022 yil yakuniga qadar soliq to‘lovchilarning vakillari va ekspertlar bilan birgalikda tovar va xizmatlarning katalogini to‘liq shakllantirish, sodda hamda foydalanish uchun qulay shaklda ularning bazaviy shartli birliklarini aniqlash maqsadida tarmoqlar bo‘yicha ishchi guruhlar tuziladi.

“E-aktiv” dasturiy mahsulotidan foydalanmaganlik (tajriba tovarlari toifasiga kiritilgan tovarlar bundan mustasno) hamda haqiqatda yetkazib berilgan tovarga (xizmatga) mos kelmaydigan mahsulot va xizmat indentifikatsiya kodlarini ko‘rsatgani uchun soliq to‘lovchilarga nisbatan javobgarlik choralari 2022 yil 1 sentyabrga qadar qo‘llanilmaydi.

2. QQS to‘lovchilarining tahlika-tahlil avtomatlashtirilgan tizimi bo‘yicha

a) Avval taqdim etilgan uch oylik davrga (2021 yilning oktabr oyidan dekabr oyiga qadar) qo‘shimcha ravishda soliq to‘lovchilarning quyidagi soliq xavfi mezonlari (holatlari) qo‘llanishi 2023 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatib turiladi:

– rahbar shaxsining yoki moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirayotgan shaxsning YaMMT da tasdiqlanmagani (omil #1);

– o‘z ko‘chmas mulki, ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan ko‘chmas mulki yo‘qligi (omil #4);

– soliq to‘lovchining manzili nominal joylashgan joy manzili bilan to‘g‘ri kelishi (18 kvadrat metrdan kam) (omil #6);

– oxirgi o‘n ikki oy ichida soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaslik holatlari mavjudligi (omil #14);

– yollanma ishchilari yo‘qligi yoki 4 nafardan kamligi (omil #15).

Ushbu mezonlar yirik soliq to‘lovchilarga va QQS to‘lovchisi sifatida yangi ro‘yxatdan o‘tayotgan soliq to‘lovchilarga nisbatan to‘xtatilmaydi.

b) Soliq to‘lovchilarining vakillari va ekspertlar bilan birgalikda soliq xavfi mezonlarini (holatlarini) takomillashtirish va soliq to‘lovchilarga ularni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruhlar tuziladi.

II. Mol-mulk solig‘i

Soliq kodeksiga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan boshlab mol-mulk solig‘i hisoblanishi 1 kvadrat metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan eng kam qiymatni (soliq solinadigan baza sifatida) hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

1. Hududiy moliya va soliq organlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni yanada kengroq qo‘llash yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

2. Moliya vazirligida Davlat soliq qo‘mitasi hamda Kadastr agentligi vakillari ishtirokida baholovchilarning professional birlashmalari bilan uchrashuv o‘tkazilib, baholovchilar mustaqil baholash o‘tkazilishi yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni ma’lum qildilar. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha qarorlar qabul qilindi:

a) Soliq to‘lovchi tomonidan 2020-2021 yillarda o‘tkazilgan mustaqil baholash natijalari soliq bazasini aniqlash uchun qabul qilinadi.

Bunda, soliq to‘lovchilariga yagona mol-mulk majmuining bir qismi hisoblangan alohida (mustaqil) turuvchi bino yoki inshootlarni baholash huquqi berilgan;

Soliq kodeksiga asosan soliq to‘lovchilariga agar obektning 1 kv. metri qiymati belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lsa, soliq to‘lovchiga ko‘chmas mulk obektlari qiymatini baholashni o‘tkazish uchun mustaqil baholovchilarni jalb etish huquqi berilgan. Bunday hollarda mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida e’tirof etiladi.

b) Suv haydash minoralari, rezervuarlar, soyabonlar, beton maydonchalar va devorlar (bordyurlar) hamda boshqa shunga o‘xshash obektlar bo‘yicha soliq bazasini 2021 yildagi tartibga o‘xshash aniqlash tartibi saqlab qolinadi.

Baholovchilar bilan hamkorlikda ish olib borish jarayonida eng kam qiymat tatbiq qilinmaydigan ko‘chmas mulk obektlarining ro‘yxati to‘ldiriladi.

III. Biznes-hamjamiyat bilan muloqot

Biznes-hamjamiyat bilan muloqotni davom ettirish borasida qabul qilingan choralar va yangi dasturiy mahsulotlar bo‘yicha Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan professional tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlik sub’yektlari bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkaziladi, shuningdek tadbirkorlarning taklif va savollari, shu jumladan soliq organlariga Telegram-kanallari orqali kelib tushayotgan takliflari muhokama qilib boriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Jamoat kengashi ishni yanada faol davom ettiradi, unda ko‘rib chiqilayotgan masalalar, shuningdek ularning natijalari ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkazib boriladi.

Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, Soliq maslahatchilari palatasi, O‘zbekiston Auditorlar palatasi va O‘zbekiston Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi a’zolari bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur uchrashuvlarning maqsadi biznes, professional hamjamiyat va ekspertlar bilan ularni soliq qonunchiligi sohasida qiziqtirayotgan savollar bo‘yicha ochiq hamkorlik va muloqot qilish hisoblanadi.

Soliq to‘lovchilar buxgalter.uz sayti orqali ham o‘z taklif va savollarini taqdim etib borishlari mumkin, ular umumlashtirilgandan so‘ng Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ochiq muloqotga boshqa manfaatdor shaxslar ham taklif etiladi, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: