O‘zbekning g‘ururini qanday ko‘tarmoq kerak? - Olimjon Davlatov bilan suhbat

Jamiyat 18:21 / 24.01.2022 21169

Navoiyshunos olim bilan suhbat g‘urur va o‘zbekning milliy g‘ururi, uni saqlash hamda ko‘tarish haqida bordi.

— Olimjon aka, dastlab bugungi suhbatimiz va unga sabab bo‘lgan mavzu – g‘urur va milliy g‘urur haqida gaplashsak? Xo‘sh, u aslida nima va ko‘rinishi qanday bo‘ladi?

Milliy g‘urur nimalarda aks etadi-yu, kategoriya sifatida uni jamiyatda kimlar o‘rganishi kerak?

— G‘urur – arabchada salbiy ma’noni bildiruvchi, lekin o‘zbek tilida takabburlikning antonimi sifatida, ijobiy ma’noda keluvchi bir so‘z.

Milliy g‘urur faqat bir qavm, birgina xalq yoki mintaqaning ishi emas. Bu savol, bu masala asrlar davomida dolzarb bo‘lib kelmoqda.

Ajdodlarimiz kimlar, biz kimning avlodlarimiz? Nima uchun asrlar davomida eng yovqur, jahongir, fotih, to‘g‘riso‘z, o‘z va’dasining ustidan chiqadigan, saxovatpesha, botir va ming yillik davlatchilikka ega bo‘lgan muzaffar bir xalq – turkiylar bugungi kunda mana shu sharafni qo‘ldan bermoqda?

Nega buyuk ajdodlarning avlodlari bugun turli qabih, nojo‘ya ishlar bilan band?

Ochig‘ini aytganda, bugun biz qo‘rqoq, olomonchilik kayfiyati ustun bir to‘daga aylanib qolayotgandekmiz. Bizning bugungi holatimiz chetdan qaraganda madadni o‘zidan emas, chetdan izlayotgandek taassurot qoldiryapti. Albatta, har bir xalq boshiga mana shunday sinovlar, og‘ir kunlar keladi.

Biz yuz yildan ortiq vaqt davomida mustamlaka bir xalq edik. Mustaqilligimizni qo‘ldan boy bergan bir qavm edik. Shukrki, Allohning inoyati, muayyan bir tarixiy sharoit va shaxslarning irodasi tufayli biz yana davlatni o‘z qo‘limizga kiritdik. O‘zbekiston degan bir davlat tarix sahnasida paydo bo‘ldi.

Xo‘sh, davlatchilik aslida qanday paydo bo‘ladi va kimlar hokimiyat tepasiga chiqadi?

Umuman odamlar qaysi qavm va millatga mansubligidan qat’i nazar, tabiatan ko‘chmanchi yoki o‘troqqa (ibn Xaldun buni badaviy yoki xazariy deydi) bo‘linadi.

Ko‘chmanchilar, ya’ni badaviylar tabiatan botir, yovqur, kengfe’l, andishasiz, to‘pori, ishning oqibatini o‘ylamaydigan, tavakkalchi, kechirimli, lekin g‘azabi kelsa, uni hech kim to‘xtatolmaydigan kishilar bo‘ladi.

O‘troqlar (xazariylar) esa ishbilarmon, xushmuomala, andishali, qo‘rqoq, manfaatparast, maydakashroq va fe’li tor odamlar bo‘ladi. Bularning tabiati shuningdek, ilm fan va madaniyatga o‘chroq bo‘ladi.

Bu tabiat odamning qayerda yashashiga unchalik bog‘liq emas. Ya’ni inson shaharda yashab turib ham badaviy bo‘lishi mumkin yoki qishloqda yashab turib ham xazariy bo‘lishi mumkin.

Tarixdan bir guruh odamlar muayyan bir g‘oyaning atrofida birlashib, hokimiyatga intiladi va bir hudud yoki mamlakatda siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritadi. Ular badaviylar bo‘ladi. Bu yerda jasorat lozim bo‘ladi.

Davlatni davlat qilib turadigan narsa – bu shijoat va jasorat. Bu – saxovat va ochiqko‘ngillik. Bu – adolat va kechirimlilik va bag‘rikenglik. Mana shu besh, olti xislat davlatni davlat qiladi. Bu xislatlarning barchasini birlashtiruvchi kuch esa biz davlat quramiz va rivojlanamiz degan g‘oya bo‘ladi. G‘urur va g‘oya davlatning qudratini bildiruvchi eng muhim omildir.

Tarixda Isroil va arab mamlakatlari o‘rtasidagi urushlarni ko‘z o‘ngingizga keltiring. Jamiki arab davlatlarining Isroilga qarshi kurashida arablar harbiy jihatdan ancha kuchli edi. Lekin isroilliklar ming yillar davomida ota-bobolari orzu qilgan vatan uchun kurashdi va juda tez g‘alaba qozondi. Chunki ularni birlashtiruvchi g‘oya bor edi. Lekin ayni o‘sha Isroil Livanda Hizbullohga qarshi urushda g‘alaba qozonolmadi. Sababiki, endi Hizbullohda mana shunday g‘oya bor edi. Ular bu safar o‘z vatanini himoya qilishga kirishdi.

Mana shu milliy g‘urur, milliy g‘oya davlatning iqtisodiy, chegaralari kengligi, aholi soni, boyliklari, geopolitik joylashuvi kabi barcha asoslarni birlashtiruvchi asosiy omil hisoblanadi. Birgina g‘urur bo‘lmas ekan, qolgan asoslar davlat qudratiga foyda bermaydi.

Davlatning millionlab armiyasi bo‘lsin, lekin unda g‘urur bo‘lmasa, u davlatni himoya qilmaydi.

Qaytaraman, davlatda odamlarning milliy g‘ururini ko‘tarish, saqlash juda muhim masala hisoblanadi.

— O‘zbek-chi, kim u? Ya’ni biz kimmiz o‘zi? Turkiy xalqlardan bo‘lgan bu millatni qaysi xususiyatlari bilan e’tirof etasiz?

— O‘ylashimcha, biror xalq haqidagi eng to‘g‘ri fikrni begonalar aytadi. Shunisi yaxshi. Agar biz o‘zimiz haqimizda bilmoqchi ekanmiz. Boshqalarning biz haqimizda aytganlarini eshitishimiz kerak.

— Bizga kimlar eng to‘g‘ri bahoni bera olgan, sizningcha?

— VII – VIII asrlarda Al-Johiz ismli dunyoga mashhur arab adabiyotshunos olimi yashab o‘tgan. U turkiy xalqlar haqida «Fazoiliy atrokiya» nomli asar yozgan. Shu asarida Al-Johiz «Turklar jasorat va yovqurlikni o‘z timsoliga aylantirdi. Ularning saxovatpeshaligi, kechirimliligi, botirligi va ilm-fanga chanqoqligi tillarda dostondir.

Kimningki turkdan bir do‘sti bo‘lsa, omonda qolibdi», deydi. U mana shu butun asari davomida turklarning mardligi, saxovatpeshaligi, bunyodkorligi haqida aniq-aniq hikoyatlar keltiradi.

Ikkinchi misol venger olimi Herman Vamberida bor.

Vamberi 1863–1864 yillarda darvesh qiyofasida O‘rta Osiyoga keladi va sayohatda ko‘rgan-kechirganlarini maxsus kitob holida nashr qildiradi. U sayohati davomida o‘lkamiz tarixi, xususan, adabiy-madaniy asarlari, xalq og‘zaki ijodi namunalariga ham qiziqadi.

Vamberi o‘z asarlarida o‘zbeklarga ham ta’rif berib, «o‘zbeklar juda andishali, og‘ir-vazmin, kamsuqum va sabrli xalq bo‘ladi. Bu odamlarda sabrning chegarasi yo‘qdek, lekin uning sabr kosasi to‘lsa, g‘azabi shunchalik kuchli bo‘ladiki, keyin to‘xtatib bo‘lmaydi», deydi.

Mixail Ivanin o‘zining ikki buyuk sarkarda Chingizxon va Amir Temur hukmronligiga bag‘ishlangan asarida o‘zbek xalqi haqida fikr bildiradi.

«O‘zbeklar go‘yoki tarqoq holda yashaydi, lekin ularni Amir Temurga o‘xshagan biror sarkarda birlashtirolsa, ular tezda birlashadi. Birlashgan o‘zbeklar esa tezda qudratli imperiyalar barpo etishga qodir bir xalq», – deydi.

Radiy Fish aytadi, «Forslar ilm-fan, san’at va madaniyatda mohir bo‘ladi. Greklar esa ajoyib binolar qurgan. Turklar ham bunyodkordirlar, ammo ularning bunyodkorligi ko‘zga ko‘rinmaydi. Chunki ular davlat quradi».

Xo‘sh, bugun-chi, bugun butun dunyoda o‘zbeklar haqida ijtimoiy tarmoqlarda qanday fikrlar yangramoqda?

Biz yana bir narsani hisobga olishimiz kerak, faqat o‘tmish bilan yashab bo‘lmaydi. Biz bugun haqida ham o‘ylashimiz, gapirishimiz kerak. Bu borada Fridrix Nitshe «qaysi millat faqat o‘z o‘tmishi bilan faxrlanadigan bo‘lsa, demak u millat qarib qolibdi va u tez orada halokatga mahkumdir, deydi.

Gilvetsiy esa «hali tarix kitoblarida yozilmagan ma’lumotlari ko‘p xalq naqadar baxtli», deydi.

Demoqchimanki, o‘zbek xalqining hali yozishi kerak bo‘lgan, dunyo sahifalarida oltin harflar bilan bitishi lozim bo‘lgan sahifalari ochiq turibdi. Biz ular haqida qayg‘urishimiz kerak. Bu haqda qayg‘urish uchun esa g‘ururimiz asosiy rol o‘ynaydi.

Biz faqat ajdodlar haqida gapiradigan emas, ajdodlarga munosib bo‘ladigan avlod bo‘lsak, ma’lum natijalarga erishishimiz mumkin.

— Millatning qiyofasini til, adabiyot, din va madaniyat kabi ustunlar saqlaydi. Bu qiyofa esa g‘urur o‘lganda yo‘qotiladi. Bugun bizda mana shu ustunlarga bo‘lgan munosabatdan xulosa qilinsa, millatimizning g‘ururida pasayish bordek. Unga putur yetgandek...

Xo‘sh, xalqning milliy g‘ururiga putur yetishi qachon boshlangandi, qanday boshlangandi? Nega biz g‘urursiz millatga aylana boryapmiz?

— Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap bor. Bugun biz faqat isitmani tushirish bilan bandmiz, kasalni davolash bilan emas.

Biz uchinchi renessans haqida ko‘p gapiryapmiz. Lekin prezident ham aytdiki, uchinchi renessansni barpo etishda birinchi va ikkinchi renessanslarning yutuqlari sababini jiddiy o‘rganishimiz kerak.

Birinchi renessans qachon va qanday paydo bo‘ldi? Abbosiylar zamonida arab xalifaligining harbiy va iqtisodiy qudrati juda yuksak darajaga chiqdi. Ammo dunyoning katta eng yirik imperiyalarini fath qilgan islom xalifaligi qaradiki, ularda (arab tilida) Qur’oni karim, Hadisi sharifdan boshqa maqtanadigan narsa yo‘q. Arablar baribir johiliyat zamonida yashagan bir xalq edi-da.

Lekin dunyodagi eng go‘zal til – arab tili edi. Xalifa Ma’mun esa mana shu eng go‘zal tilni eng qudratli tilga aylantirish uchun turli tillarda yozilgan ilmiy manbalarning barchasini arab tiliga tarjima qildirdi. Shu orqali arab tili faqat islom, din tili emas, balki madaniyat, san’at, ilm-fan va she’riyat tiliga aylandi.

O‘sha paytda birgina arab tilini bilgan odam dunyoning asrlar davomida yig‘ilgan ilm-fani bilan oshno bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Xo‘p, ikkinchi renessans zamoniga kelamiz. Mir Alisher Navoiy ham aynan shu ishni amalga oshirdi. Birinchidan, Alloh Navoiyga shunday bir qudrat bergan ediki, u qaysi fan, qaysi sohadan bormasin, u o‘sha sohaning eng yetuk namoyandasi bo‘lish imkoniyatiga ega edi. Lekin u adabiyotni tanladi. Nima uchun? Sababi, adabiyot va adabiy til milliy tafakkur va milliy g‘ururning asosini tashkil etadi.

Navoiy adabiy, ilmiy asarlari orqali o‘zbek tilining me’yor va mezonlarini ishlab chiqdi, amalga tatbiq etdi.

— Navoiyda o‘z asarlarini arab, fors tilida yozish imkoni bor edi va bu uning uchun osonroq ham edi, lekin Navoiy turk tilida yozdi. Bunga ham uni avvalo turkiylik g‘ururi yetaklagan bo‘lsa kerak.

— Ha, Navoiygacha ham turkiylarning bilimdon farzandlari, olimlar, shoirlari bor edi. Lekin ular o‘zining imkoniyatini yo arab, yo fors tilida namoyon eta oldilar.

Navoiy esa eng qiyin yo‘l – adabiy tilning mezon va me’yorini yaratish va islom sivilizatsiyasining kuchli uchinchi irmog‘i sifatida turkiy madaniyatga asos bo‘ladigan til yaratish yo‘lidan bordi. Hamma ham bunga jur’at qilolmasdi. Bu jur’atga esa Navoiyni millatga bo‘lgan muhabbati va g‘ururi, iftixori undadi.

Agar o‘zbek tilida nechta asar yozilgan, buyruq, qarorlar chiqqan bo‘lsa, barchasi Navoiyning xizmatidir.

Bu – ikkinchi renessansning holati. Endi bugungi kunga kelamiz.

Xo‘sh, bugun o‘zbek tilida qaysi soha bo‘yicha barcha kerakli adabiyotlar mavjud? Biz birgina o‘zbek tilini bilish orqali o‘z fikrimizni to‘la bayon eta olamizmi?

Siz bolangizga qo‘ng‘iroq qilasiz. «Kompyuterimni och, «rabochiy stol»dagi «moy dokument»da falon «fayl» turibdi, shuni menga jo‘nat», deysiz. Xo‘sh, bu o‘zbek tilidami? Sabab nima? Sabab, biz o‘sha Windows dasturini o‘zbekchalashtirmaganmiz.

To‘g‘ri, biz ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha juda katta resurslarimizni sarflayapmiz, lekin til o‘rganish – bu qobiliyat va hammada ham bu qobiliyat yo‘q. Biz 35 million odamga xorijiy tillarni o‘rgatib chiqolmaymiz.

Biz dunyodagi jamiki asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, o‘zbekchalashtirib, xalqqa yetkazishimiz kerak. Shundagina o‘zbekcha fikrlashni boshlaymiz. Va shundagina bizda g‘urur paydo bo‘ladi.

Biz o‘zbek tilida ilmiy ma’ruza qilolmasak, kimyo, fizika bo‘yicha ilmiy ma’ruza qilish imkoni bo‘lmasa, tilimiz bugungi holatida bunga qodir bo‘lmasa, atamalarning hammasi ajnabiy tilda bo‘lsa, biz qaysi g‘urur haqida gapirishimiz mumkin?

Tilimiz boshqa til ta’sirida bo‘lganidan keyin tafakkurimiz ham boshqa tafakkurning ta’sirida bo‘ladi. Ongimiz boshqa millat ongi ta’sirida bo‘ladi.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘rsatuvni yozib olishda ko‘rsatgan yordami uchun MFaktor jamoasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ko‘proq yangiliklar: