Boshsiz va qo‘lsiz murda
2000 yil 27 sentyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Navro‘z” shirkat xo‘jaligi hududidan oqib o‘tuvchi kanaldan 40-50 yoshlardagi noma’lum ayol kishining murdasi topildi. Murdaning noodatiyligi shunda ediki, uning boshi va ikkala qo‘li mavjud emas edi.
Hodisa joyi Zangiota tumani va Toshkent viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari, kriminalist prokuror va sud-tibbiy ekspertlardan iborat maxsus tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirildi.
Holat yuzasidan JK 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlab yuborildi.
Keyinchalik jinoyat ishi bo‘yicha tergov Bosh prokuraturaga o‘tkazildi.
Dastlab, ayolning shaxsini aniqlash choralari ko‘rildi. Ekspertiza marhumning rus millatiga mansubligini qayd etdi. Shunga asosan, yaqin oradagi hududlardan rus millatiga mansub, 40-50 yoshlardagi ayolning bedarak yo‘qolishi holatlarini aniqlash harakatlari olib borildi.
Shuningdek, keng ko‘lamli surishtiruv ishlari ham tashkil etildi. Jabrlanuvchi boshqa davlat fuqarosi bo‘lishi mumkinligi ehtimoli ham inobatga olinib, mehmonxonalarda yashab turgan ayol kishilardan yo‘qolib qolish holatlari bor-yo‘qligi o‘rganildi. Lekin bu kutilgan natijani bermadi.
“Jasur 222-12-42”
Jasadning egnida bo‘lgan kiyimlari atroflicha o‘rganilganida, shimining cho‘ntagida “Jasur 222-12-42” yozuvi tushirilgan qog‘ozcha aniqlandi.
Bu katta ehtimol bilan telefon raqami edi.
222-12-42 raqamli telefon Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanida yashovchi fuqaro B.Hamidov uyida o‘rnatilgani aniqlandi. Fuqaro so‘roq qilinganida, u telefon raqamini 40-50 yoshlardagi ayolga bermaganini ma’lum qildi.
Tekshirish jarayonida ushbu fuqaroga qo‘shni hovlida Andijondan ikki aka-uka kelib, ijarada yashaganligi, ularning kichigining ismi Jasur ekani, ba’zida ular shu xonadonga kelib, telefondan foydalanib turishgani, keyin ko‘chib ketishgani ma’lum bo‘ldi.
Jasurning shaxsi aniqlanib, tergovga jalb etilganida, u rostdan ham Toshkentda ijarada yashaganini, ba’zan o‘sha xonadonning telefonidan foydalanganini tasdiqladi. Biroq jinoyat haqida hech narsa bilmasligini ta’kidladi.
To‘g‘ri yo‘lga tushgan surishtiruv
Jasur so‘roq jarayonida o‘zi anglamagan holda bir muhim ko‘rsatma berdi. Ya’ni u bir safar uy bozoriga borganini, o‘sha yerda uyini sotmoqchi bo‘lgan biror shaxsga o‘zida telefon bo‘lmagani sababli qo‘shnisining telefon raqamini yozib bergan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Shundan so‘ng, tezkor-tergov guruhi Toshkent shahrida yashovchi, uyini sotmoqchi bo‘lib yurib, bedarak yo‘qolgan ayolni qidirish kerakligi to‘g‘risidagi to‘xtamga keldi.
Keng ko‘lamli qidiruv jarayonida Chilonzor tumani, 5-mavzeda yashovchi fuqarolar shu hududda Oksana Maksimova o‘zi yashab turgan xonadonini sotmoqchi bo‘lganini, 2000 yil sentyabr oxirlaridan ko‘rinmay qolganini bildirishadi. Tekshirish jarayonida Maksimova o‘ziga tegishli uyni sotmagani, boshqa joyga ham ko‘chib ketmagani aniqlandi.
Kanaldan topilgan murdaning belgilari ekspertiza natijasida O.Maksimovaning shaxsiy belgilari – yoshi, bo‘yining uzunligi, oyoq kiyimining o‘lchami, qon guruhi bilan bir xil bo‘lib chiqdi. Shu tariqa, 2000 yil 27 sentyabr kuni topilgan jasad 1954 yilda tug‘ilgan Oksana Maksimovaga tegishli ekani to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.
Tanishlarining so‘zlariga ko‘ra, O.Maksimova so‘nggi 2 oy davomida uyini Pyotr ismli shaxsga sotmoqchi bo‘lganini, pul topguniga qadar erkakka uyida yashab turishga ruxsat berganini aytib yurgan. Shuningdek, ayolni 2000 yil 23 sentyabrda ko‘rganlaridan so‘ng, to‘satdan ishga ham chiqmay qo‘ygani va umuman ko‘rinmasdan qolgani oydinlashdi. Tanishlarining aytishicha, ular O.Maksimova uyini sotib, boshqa joyga ko‘chib ketdi, deb o‘ylashgan.
Somon ichidan igna qidirish
Shu tariqa O.Maksimova bilan yaqin munosabatda bo‘lgan insonlar, xususan, Pyotrni aniqlash ishlari olib borildi. Qo‘shnilarning ko‘rsatmalari asosida Oksananing uyida yashab kelgan va so‘nggi vaqtlarda yo‘qolib qolgan Pyotrning fotoroboti tayyorlandi.
Olib borilgan keng qamrovli tadbirlar natijasida Yakkasaroy tumani, Yoqubov ko‘chasida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan va muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlangan Pyotr Pavlov aniqlandi. Uning fotosurati Maksimovaning qo‘shnilariga ko‘rsatilganda, qo‘shnilari uni ayolning uyida yashab kelgan shaxs sifatida tanib olishdi.
Tergov va tezkor-qidiruv harakatlari davomida P.Pavlov gumon qilinuvchi sifatida ushlanib, tergovga jalb etildi.
U so‘roq qilinganda, O.Maksimovaning uyida jazman sifatida yashab kelganini, haqiqatan ham uning uyini sotib olish niyati bo‘lganini, ammo 23 sentyabrdan so‘ng u boshqa joyga ketib qolib, uyiga qaytib kelmayotgani sababli uyiga bormay qo‘yganini va hozirda uning qayerdaligini bilmasligini ta’kidlaydi.
Gumon qilinuvchi tariqasida ushlangan P.Pavlov bilan birga yurgan shaxslar o‘rganib chiqilganida, so‘nggi vaqtlarda Vlad Chegorin ismli shaxs u bilan doimo birga yurgani aniqlandi.
V.Chegorin tergovga jalb etilib, so‘roq qilinganda, dastlab O.Maksimovaning o‘limiga aloqador emasligini aytgan bo‘lsa-da, keyinchalik mohirona tergov natijasida u jinoyatda ishtirokchi ekanini tan oldi.
Chegorin “tilga kirdi”
V.Chegorin atroflicha so‘roq qilinganda, u tanishi P.Pavlov 2000 yil sentyabr oyining oxirgi o‘n kunligida uni kafega taklif qilib, o‘sha yerda Chilonzorda yashovchi Oksana ismli tanishi borligini, uni o‘ldirib, uyi, mol-mulkiga ega bo‘lishi haqida gapirganini, bu rejani amalga oshirishga yordam bersa, 500 dollar berishini aytganini bildirdi.
Shundan so‘ng, jinoiy rejaga ko‘ra, P.Pavlov Oksanani uyidan 24 sentyabr kuni kechqurun soat 21:00larda olib chiqib, uni go‘yoki uyiga xaridor bo‘layotgan shaxs bilan uchrashtirish vaji bilan Zangiota tumaniga olib borgan. Xilvat joyga borishganda V.Chegorin O.Maksimovani chalg‘itib turgan vaqtida P.Pavlov yonidagi pichoq bilan ayolning bir necha joyiga urib, uni o‘ldirgan. Keyin esa uning boshi va qo‘llarini bilagigacha kesib olib, sellofan paketga solib, jasadni shu yerdan o‘tgan suvga cho‘ktirib yuborishgan. Nariroqqa borib, jasadning qo‘l va boshini ham suvga tashlab yuborishgan. Hodisadan so‘ng, ayolning uyiga qaytib, uning ayrim buyumlarini olib chiqib sotishgan.
V.Chegorinning ko‘rsatmalari hodisa joyiga chiqib tekshirilganda, o‘z tasdig‘ini topdi. U tergov guruhiga qotillik joyini ham ko‘rsatib berdi.
Jinoyat tafsilotlari to‘la aniqlanganidan so‘ng, P.Pavlov ham inkor qilib bo‘lmas dalillar qarshisida ojiz qolib, o‘z aybiga iqror bo‘ldi.
Bundan tashqari, tergov davomida P.Pavlov O.Maksimovaga tegishli uyni ikki marta aldov yo‘li bilan boshqa-boshqa shaxslarga sotmoqchi bo‘lib, ularning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani ham aniqlandi.
Jinoyat va jazo
Shu tariqa jirkanch niyatda amalga oshirilgan qotillik tergov va tezkor guruh tomonidan to‘la fosh etildi.
Tergov mustahkam dalillar asosida P.Pavlovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 164-moddasi 4-qismi “a” bandi, 97-moddasi 2-qismining bir necha bandlari, V.Chegoringa esa 241-modda 2-qismi, 164-modda 4-qismining “a” bandi, 97-moddasi 2-qismining bir necha bandlari bilan ayblov e’lon qilib, ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudiga yubordi.
Toshkent viloyat sudining hukmi bilan P.Pavlov va V.Chegorin yuqorida ko‘rsatilgan moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilib, ularga uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Abbos Salaydinov tayyorladi.