Qamoqxonadagi ishq: tergovchi ayol Toshkentda qo‘lga tushgan ashaddiy qotilning qochishiga yordamlashgandi

Jamiyat 09:53 / 22.01.2022 80041

SSSR «taxt»iga Mixail Gorbachyov kelgach, jinoyatchilik ham avj oladi. Mamlakat bo‘ylab bir-birini tan olmaydigan turli jinoiy to‘dalar urchib ketadi. Qotilliklar ko‘payadi. Ayniqsa 1989-90 yillarda holat juda og‘irlashadi. Militsiya jinoyatchilarga qarshi kurasholmay qoladi va ular oshkora harakat qilishga o‘tadi.

Ana shunday jinoyatchilardan biri ashaddiy qotil Sergey (Ali) Maduyev edi.

Foto: cleancopy.ru

Sergey Maduyev 1988-1990 yillar oralig‘ida ko‘plab talonchiliklar va qotilliklar qiladi. Toshkentda sodir etgan navbatdagi talonchilikdan keyin uni tutib olishadi. So‘ng Leningraddagi tergov izolyatoriga (SIZO) joylashtirishadi.

Maduyevga bir nechta qotilliklar uchun o‘lim jazosi berishlari aniq edi. Og‘ir holatga tushgan Sergey o‘zini so‘roq qilayotgan tergovchi ayolga sevgi izhor qiladi va ashaddiy qotil emasligiga uni ishontiradi. So‘ng u bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lib, ayol yordamida qochib ketishga urinadi. O‘z davrida bu ish sobiq ittifoq bo‘ylab katta shov-shuvlarni keltirib chiqargan va u haqda 1993 yilda film ham ishlashgandi.

Qamoqxonada tug‘ilgan jinoyatchi

Sergey Maduyevning otasi chechen, onasi koreys bo‘lib, ikkalasi ham Stalin davrida Qozog‘istonga deportatsiya qilingan edi. Ular qamoqxonada tanishib, oila qurishadi va 1956 yilda Sergey o‘sha yerda tug‘iladi. Uning go‘dakligi ota-onasining yonida, tikanli simlar ortida o‘tadi.

Sergey 6 yoshga to‘lganda otasi uydan ketib qoladi. Onasi esa ichkilikka ruju qo‘yib, turli erkaklar bilan yengil-yelpi hayot kechira boshlaydi. Ana shunda Sergey uydan chiqib ketadi va mahalliy o‘g‘rilar safiga borib qo‘shiladi.

1974 yilda, 18 yoshida u o‘g‘irlik uchun olti yilga qamaladi. Ozodlikka chiqqach, 10 oy o‘tib, kolxoz kassasidan 50 ming rubl o‘marib, u yana qo‘lga tushadi. O‘sha paytda bu juda katta pul edi. Shu sababli Sergeyni bu safar 15 yilga qamashadi.

Qonida chechen qoni oqayotgan yigit qamoqxonada tez hurmat qozonadi. U o‘zini «qonundagi o‘g‘ri» deb e’lon qiladi va qamoqxonadagi «ko‘zir»larga bo‘ysunishdan bosh tortadi. Shu tariqa uning qamoqdagi hayoti ham tinch kechmaydi.

1988 yilda, ozod bo‘lishiga bir yil qolganda u manzil koloniyadan qochib ketadi. Sergeyni qidiruvga berishadi. Ammo u tutqich bermaydi. Qolaversa, bu paytda militsiya jinoyatchilarga qarshi mutlaqo kurasha olmay qolgandi. Shu sababli Sergey Maduyev sherigi Roman Chernishev bilan butun mamlakat bo‘ylab — Sibirdan to Moskvagacha «gastrol»da yurib, ko‘plab talonchiliklar va qotilliklar sodir etadi.

Maduyev va ayollar

Maduyev odamlardan tortib olgan pullarini saxiylik bilan ishlatadi. Yo‘lida uchragan bolalarga muzqaymoq olib beradi, taksichilarga har doim oshiqchasi bilan pul to‘laydi. Aksariyat hollarda 10 rubllik banknot ishlatgani uchun u «Chervonets» laqabini oladi. (SSSR paytida 10 rubllik banknotni «Chervonets» deb atashgan).

Maduyev talonchilik bilan topgan pullarining katta qismini ayollarga sarflaydi. U doim qimmat kiyimlar kiyib, qo‘lida diplomat ko‘tarib yuradi. Cho‘ntagi pulga to‘la bu «boyvachcha» yigit ayollarni befarq qoldirmasdi. Bundan tashqari Sergey ularga nazokat bilan xushomad qilishni ham o‘rinlatardi va qimmatbaho sovg‘alar bilan siylardi.

Maduyev o‘zi bilan tanishgan ayollar bilan uzoq vaqt aloqada bo‘lmas, ularni tez-tez almashtirib turardi. U bilan birga bo‘lgan ayollar o‘zlariga saxiylik bilan pul sarflab, xushomad qilayotgan bu «jyentlmen»ning ashaddiy qotil ekanini bilishmasdi. Uni boy tadbirkor deb o‘ylashardi.

«Robin Gud»

Maduyev ba’zida jinoyat sodir etayotganda ham o‘zicha mardlik ko‘rsatgan. Bir marta u talonchilikka tushgan uyning egasi qo‘rqib, yuragi xuruj qilganda qo‘lga tushish xavfi bo‘lsa ham tez yordam chaqiradi. So‘ng shifokorlar kelguncha bemorning oldida o‘tiradi.

Yana bir marta shoshilinch tarzda talonchilikka borish uchun taksi to‘xtatadi. Taksida homilador ayol ham bo‘ladi va yo‘lda uning to‘lg‘og‘i tutadi. Maduyev taksichiga mashinani tug‘uruqxonaga haydashni buyuradi va ayolni shifokorlarga topshirib, so‘ng o‘g‘irlikka ketadi.

Bora-bora Maduyev shaxsi haqida xalq orasida turli gaplar tarqala boshlaydi. Emishki, u boylarni talab, pullarni kambag‘allarga tarqatarmish. Shu tariqa uning «Chervonets» laqabi «Robin Gud»ga o‘zgaradi.

Kriminal psixologlarning fikriga ko‘ra, aslida Maduyev odamlarni o‘ziga qanday qilib jalb qilishni va ularning mehrini qozona olishni biladigan shafqatsiz sotsiopat bo‘lgan. Aslida, unga boshqalarning his-tuyg‘ulari va hayoti mutlaqo ahamiyatsiz edi.

Qotilning qo‘lga tushishi

1990 yil 7 yanvar kuni Sergey Maduyev Toshkentga keladi. Sherigi Chernishev bilan mahalliy boylardan birining uyiga bostirib kirishadi. Uy egasi qattiq qarshilik ko‘rsatadi va Chernishevni yarador qiladi. 8 yanvar kuni Maduyev Toshkent–Moskva poyezdiga chiqmoqchi bo‘lgan paytda uni temiryo‘l vokzalida qo‘lga olishadi.

Tezkor xodimlar uni ushlab, darhol to‘pponchasini olib qo‘yishadi. Sergey payt poylab cho‘ntagidagi granatani oladi va zudlik bilan pul hamda mashina berishmasa uni portlatishini aytadi. Mergan uzoqdan Maduyevning qo‘lini nishonga oladi. Granata yerga tushib ketganda uning o‘yinchoq ekani ma’lum bo‘ladi.

Ilk so‘roqdan so‘ng Maduyevni Leningraddagi tergov izolyatoriga o‘tkazishadi va uni SSSR Bosh prokuraturasining Proshkin boshchiligidagi tergovchilar guruhi so‘roq qila boshlaydi.

Foto: pikabu.ru

Maduyevni 60ga yaqin talonchilik va qotillikni sodir etganlikda ayblashadi. Sergey o‘ziga o‘lim jazosi berishlarini bilib turardi. Shu sababli u tergovni cho‘zishga harakat qiladi: ko‘rsatmalarini o‘zgartiradi, yangi jinoyatlarni o‘ylab topadi. Oqibatda uning «delo»lari soni oshib, tergov cho‘zilib boraveradi.

So‘roq paytida Maduyev juda ustalik bilan rol o‘ynaydi. Tergovchilar bilan hatto falsafiy suhbatlar quradi. Tergov davomida ular bilan hazillashadi.

Hatto tergov guruhi boshlig‘i Proshkin ham Maduyev biroz ko‘ngilchan odam ekanini tan olgandi. Uning fikricha, Maduyev o‘ta jirkanch bandit emasdi. U so‘roqqa chaqirilgan Maduyev bilan qo‘l berib ko‘risha boshlaydi.

Ammo Maduyevning o‘ziga rahm qilishlarini xohlab qilgan harakatlari behuda ketadi. Orada uni so‘roq qilishni ayol tergovchiga topshirishadi va so‘zamol Maduyev uni o‘ziga rom qiladi. So‘ng ayolning yordami bilan tergov izolyatoridan qochishga urinadi.

Natalya Voronsova bilan tanishuv

Tergovchi Natalya Voronsova ichki ishlar tizimida o‘zini ko‘rsatib, bir qancha ashaddiy jinoyatchilarni fosh etadi va uni Bosh prokuraturaga ishga olishadi. U o‘sha paytda Bosh prokuratura tarkibidagi yagona tergovchi ayol sanalardi.

Foto: Rambler.ru

Natalya Voronsova so‘roq qilishni boshlaganida Maduyev shu ayol tufayli maqsadiga yetishi mumkinligini o‘ylaydi va bor mahoratini ishga solib, uni avray boshlaydi. Shuningdek, Vorotsovani ishontirish uchun shoshilmasdan, ehtiyot bo‘lib muomala qilishni ham unutmaydi.

U ilk so‘roq qilingan kundayoq ayolning «nozik nuqtasi»ni topadi – Voronsovada adolat tuyg‘usi kuchli edi. Maduyev so‘roq davomida ayolga avvalgi tergovchilar ochilmay qolgan turli jinoyatlarni unga «ilishmoqchi» bo‘lishayotganini aytadi. Yana otuv hukmi berilishini bilib, vaqtni cho‘zish maqsadida soxta jinoyatlarni o‘ylab topgani haqida gapiradi.

Tabiiyki, ayol Maduyevning soxta jinoyatlar haqidagi gaplarini tekshirib ko‘radi. Voronsova joylardagi militsiya bo‘limlaridan ma’lumotlar olganda Maduyev aldamagani, o‘sha hududlarda og‘ir jinoyatlar sodir etilmagani ma’lum bo‘ladi. Shu tariqa, bir paytlar Maduyev vaqtni cho‘zish uchun o‘ylab topgan soxta jinoyatlar Voronsova so‘roqni boshlagan vaqtga kelib, o‘zining foydasiga ishlab ketadi.

Shundan so‘ng, ayolda Maduyevga nisbatan ishonch uyg‘onadi. U Maduyev uncha ko‘p jinoyat sodir etmagan, aksariyat ochilmay qolgan jinoyatlarni uning gardaniga ilishmoqchi bo‘lishgan, deb o‘ylay boshlaydi.

Bundan tashqari Voronsova Maduyevga tegishli «delo»ni sinchiklab o‘rganar ekan, unda ko‘plab noaniqliklarni aniqlaydi. Ayol o‘zining shubhalari haqida tergov guruhi boshlig‘i Proshkinga xabar beradi. Proshkin esa bamaylixotir «Unga Leningraddagi ikkita dahshatli qotillik uchun baribir oliy hukm berishadi. Shunday ekan, Maduyevning bo‘yniga ilinayotgan jinoyatlarning sonini kamaytirish unga hech qanday naf bermaydi», deb javob beradi.

Ammo Voronsova baribir Maduyevning taqdiriga befarq ko‘z yumib keta olmaydi. Tergovchi ayolning o‘ziga hamdard bo‘layotganini payqagan Maduyev u bilan yanada yaqinlashishga harakat qiladi.

Shundan so‘ng, Voronsova va Maduyev o‘rtasidagi muloqot so‘roqdan ko‘ra o‘zaro suhbatga o‘xshab keta boshlaydi. Maduyev his-hayajon bilan ayolga og‘ir o‘tgan bolaligi, oilasi haqida gapirib beradi. Uni tinglagan ayol Maduyev unchalik yomon odam emas, shunchaki hayot unga nisbatan shafqatsizlik qilgan, deb o‘ylay boshlaydi.

«Meni sevsang, o‘zingni tamom qilasan» — tergovchi ayol bilan ishqiy munosabatlar

So‘roqlardan birida ayol jinoyatchining navbatdagi g‘amgin hikoyasini tinglar ekan beixtiyor Maduyev uchun hamma narsaga tayyorligini aytadi. Shu payt Maduyev unga jilmayib qaraydi va ayolni quchoqlab oladi. Uning qo‘lida «Meni sevsang, o‘zingni tamom qilasan» deb yozilgan tatuirovka bor edi. Maduyev maqsadiga erishgandi.

Foto: Rambler.ru

Shu tariqa, ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar boshlanadi va ancha payt davom etadi. Ayol qanday qilib bo‘lsa ham Maduyevga yengil jazo tayinlashlariga erishish yo‘lini izlay boshlaydi. Maduyev buning iloji yo‘qligini, faqat qochsagina jonini qutqarishi mumkinligini, aks holda unga o‘lim jazosi berishlarini aytadi. Oxiri ayol o‘z tuyg‘ulari oldida yengiladi va Maduyevga yordam berishga rozi bo‘ladi.

Muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan qochish

1991 yil 3 may kuni Maduyevni Moskvadagi tergov izolyatoriga ko‘chirishlari kerak edi. O‘sha kuni ertalab u Voronsovadan olgan o‘zining to‘pponchasi bilan qurollanib, tergov izolyatoridan qochishga urinadi. Qo‘riqchilardan biri unga qarshilik ko‘rsatganda otib yaralaydi va darvoza tomon yuguradi. Ammo chiqib ketishga ulgurmaydi, darvozani yopishadi. Biroz qarshilik ko‘rsatgach, jinoyatchi taslim bo‘ladi.

Shundan so‘ng Maduyevning tergovini KGB o‘z nazoratiga oladi. Hammani bir savol o‘ylantirardi: Maduyev qurolni qayerdan olgan? Ashyoviy dalil sifatida saqlangan to‘pponcha turgan xonaga faqat Proshkin boshchiligidagi tergov guruhi kira olgan, xolos. Shu sababli KGB bir tarafdan Maduyevni qistovga oladi, ikkinchi tomondan tergov guruhidagi barchani so‘roq qiladi.

Maduyev KGB xodimlari tomonidan berilayotgan savollarga javob berishdan bosh tortadi va to‘pponchani kim berganini aytmaydi. Faqat KGB polkovnigi asosiy gumonda Voronsova turganini aytganda biroz asabiylashadi va agar jazoni yengillashtirishga rozi bo‘lishsa, ular bilan hamkorlik qilishi mumkinligini bildiradi.

Tergovchi ayolning fosh bo‘lishi

Shundan so‘ng, Maduyev va Voronsova o‘rtasida uchrashuv tashkil etishadi. Undan avval esa uchrashuv bo‘lib o‘tadigan kamera devoriga yashirin kamera va mikrofonlar o‘rnatiladi.

Uchrashuv paytida Maduyev Voronsovaga pichirlab o‘ziga yaqinroq o‘tirishini so‘raydi. Ularni kuzatib o‘tirgan KGB xodimlari suhbatni eshita olmay asabiylasha boshlashadi. Shu payt kutilmaganda Maduyev va Voronsova bir-birini quchoqlab o‘pisha boshlaydi. Shunda ularning munosabati tergovchi va tergov qilinayotgan shaxs o‘rtasidagi munosabatlardan ko‘ra jiddiyroq ekani ayon bo‘ladi.

Ertasi kuni Voronsovani hibsga olishadi. Avvaliga u jinoyatchiga yordam berganini tan olmaydi. Unga Maduyev bilan uchrashuv paytidagi videoyozuvlar ko‘rsatilganda yig‘lab yuboradi va o‘z aybini tan oladi.

Voronsovani darhol ishdan bo‘shatishadi va ikki yil davom etgan tergovdan so‘ng, 1993 yilda yetti yilga qamashadi.

«Ayollarning xatti-harakatlarida mantiq yo‘q deyishadi. Ular eng yuksak tuyg‘u sevgi ekaniga ishonishadi. Hayotda ortga qaramaganman deya olmayman, menda faqat yomon xotiralar bor edi. Keyin bu yorqin dog‘ (Maduyev) paydo bo‘ldi va men unga yopishib oldim. Maduyev men baxtli kelajak sifatida xohlagan haqiqiy erkak edi. Afsuski, his-tuyg‘ularga buyurib bo‘lmaydi», degan edi Voronsova tergov tugagandan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

«Maduyevni qamoqdan qaytishini kutarmidingiz?» degan savolga u quyidagicha javob beradi:

«Agar inson sevib qolsa, u mo‘jizalar yaratishga qodir bo‘ladi. Men uning shunchaki qamoqdan qochish rejasi qurboni bo‘ldimmi? Bu savolga javob bera olmayman. Agar taqdir bizni birlashtirsa, uni yana jinoyat yo‘lidan ketmasligi uchun men bor kuchimni sarflagan bo‘lardim. Bu qo‘limdan kelarmidi, yo‘qmi, bilmayman. Ammo men unga sodiqman. Uni 15 yil kutish kerak bo‘lsa, ehtimol kutardim. Agar unga kerakligimni bilsam, albatta kutardim».

Voronsova Maduyevni kutmaydi. Chunki Natalya qamoqdan chiqishi arafasida Maduyev vafot etgandi. Voronsova qamoqdan chiqqach, ism-sharifini o‘zgartiradi va Ukrainaga ko‘chib o‘tadi. Turmushga chiqib, o‘sha yerda advokatlik bilan shug‘ullanadi. O‘zini izlab borgan jurnalistlarga intervyu bermasligini aytadi.

Maduyevning keyingi taqdiri

Qochish rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Maduyevning tergovi qaytadan boshlanadi. U avvaliga tergovchi ayolning aybi yo‘qligini aytadi.

«Ha, men Voronsovaning his-tuyg‘ularidan foydalandim, lekin bundan boshqa ilojim yo‘q edi. Qolaversa, u o‘zga sayyoradan tushgan emas, unga ham mehr kerak edi», deydi so‘roqlardan birida Maduyev.

Keyinroq esa u ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, ayolni ayblaydi. Maqsad yana tergov muddatini cho‘zish edi. Bu masalada u niyatiga yetadi. Uzoq davom etgan tergovdan so‘ng, 1995 yilda ikkita qotillik uchun unga o‘lim jazosi berishadi. Ammo bu paytga kelib, Rossiyada o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qilingandi. Shu tariqa Maduyev tirik qoladi va u o‘lim jazosi o‘rniga umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Foto: Moskva 24

Ammo Maduyevning peshanasida yosh o‘lib ketish bor ekan. U 2000 yilda qamoqda ekanida yurak yetishmovchiligi bilan og‘rib, 44 yoshida vafot etadi. O‘shanda u o‘z ajali bilan o‘lganmi yoki o‘ldirilganmi noaniq qoladi.

Maduyevning tergovchi ayol bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lib, qamoqdan qochishga urinishi o‘sha paytda juda katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Hatto, 1993 yilda, hali Maduyev va Voronsova tergov berib yurgan paytlardayoq ular haqida «Qamoqxona romantikasi» filmi ham suratga olinadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: