Uzbek.life’ning bu galgi suhbatdoshi Germaniyadagi nufuzli Anaconda kompaniyasi muhandis dasturchisi Jahongir Rahmonov bo‘ldi. Qahramonimiz Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan.
“LinkedIn” orqali ish taklifi kelgan
Andijonda tug‘ilganman. Lekin, Namanganda yashab ulg‘ayganim uchun maktab va akademik litsey tahsili “gullar shahri”da kechgan.
Keyin Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida grant asosida o‘qidim. Ikki yil oldin Germaniyaga ko‘chib keldim.
Bu yerga kelish jarayoni qiziq bo‘lgan. Aniqrog‘i, Toshkentda ishlab yurgan paytlarim menga “LinkedIn” platformasi orqali Delivery Hero’da ishlash taklifi keldi. Hujjatlarimni onlayn ravishda taqdim qildim. Bir qator sinovlardan o‘tganimdan keyin ular menga ish taklifini yuborishdi va men uni imzoladim. Biroq o‘rtada viza olish jarayoni cho‘zildi. Nihoyat 2019 yil oxirida Germaniyaga, Delivery Hero kompaniyasining Bosh shtab-kvartirasida muhandis dasturchi sifatida ishlash uchun ko‘chib keldim.
Hozir esa Anaconda kompaniyasida ishlab kelyapman.
Jinoyat, o‘g‘rilik va korrupsiyaga guvoh bo‘lmaysiz
Germaniyaning ijobiy taraflari ko‘p. Masalan, birgina mamlakatning Yevropa qit’asida eng kuchli iqtisodiyotga ega ekanligini aytishim mumkin. Bu o‘z navbatida mahalliy aholining yashash sharoitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Qolaversa, bu yerda jinoyat, o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga deyarli guvoh bo‘lmaysiz. Nemislar ham ochiqfe’l, ko‘mak berishni yoqtiradigan xalq.
Transport sohasida ham infrastruktura juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Poyezdlar, metrolar, tramvaylar, avtobuslar, hammasi yaxshi ishlaydi. Ayniqsa, velosiped ishqibozlariga sharoit qilib berilgan. Shuning uchun aksariyat hamkasblarim ishxonaga velosipedda qatnashadi.
Shuningdek, Germaniyada charchagan paytingizda dam olish uchun yetarlicha parklar, manzarali maskanlar bor. Mavzudan chetga chiqsam-da, O‘zbekistonda bunday ko‘kalamzor hududlar tobora kamayib borayotganidan ko‘nglim xira tortadi.
Marketingda ayrim xatoliklar bor
Dasturchi bo‘lsam-da, “elektron qog‘oz qoralashni”, aniqrog‘i, tajribalarim va sohadagi yangiliklarni ulashishni yoqtiraman. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta blog sahifalar yuritaman. Ular orqali sohaga qiziquvchi va kirib kelmoqchi bo‘lganlarga o‘z tavsiyalarimni ulashib turaman. Masalan yaqinda menga IT o‘quv markazlari ochish va yuritish bo‘yicha maslahat so‘rab murojaat qilishdi. To‘g‘ri, bu sohada tadbirkor bo‘lmasam-da o‘zimning tasavvurlarim yetarli. Ya’ni marketing nuqtayi nazardan tavsiya bera olaman.
O‘zbekistonda aksariyat IT o‘quv markazlari o‘zlarini reklama qilishda “Bu o‘quv markazida siz Java, Python va boshqa tillarni o‘rganasiz!” mazmunidagi jumlalardan foydalanishadi. Agar men IT yo‘nalishida o‘quv markazi ochganimda, marketingni qaysi tillar va texnologiyalar o‘rgatilishiga qaratmagan bo‘lardim. Fikrimcha, qanday loyihalar qilish mumkinligi haqida ma’lumot ulashish samaraliroq bo‘ladi. Chunki, O‘zbekistonda dasturlash tillarini ko‘pchilik bilavermaydi.
Shundan kelib chiqib reklama bannerlarida “Bu o‘quv markazida siz Telegram Bot, Mikroservislar asosida yozilgan Web loyiha yozishni, o‘zi yuradigan avto-mashina qilishni o‘rganasiz” mazmunidagi gaplardan foydalanish kerak.
Dasturchilarda oylik yagona daromad manbayi emas
Ochig‘i, faoliyatim ortidan aynan qancha daromad topayotganimni ayta olmayman. Chunki oylik-maoshlarni aytish hozirgi ish joyim qoidalariga zid. Ya’ni NDA (non-disclosure agreement) orqali himoya qilinadi.
Dasturchilarda, umuman IT olamida, oyliklar boshqa sohalarga nisbatan yaxshiroq. Lekin oyliklar yagona daromad manbayi emas. Undan tashqari ham yaxshigina qo‘shimcha mablag‘ topsa bo‘ladi.
Bularni quyida aytib o‘taman:
Aksiyalar: IT kompaniyalar qaysidir darajaga yetgan ishchilarini hech ham qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Shuning uchun ham ularga oylikdan tashqari aksiyalarni ham beradi. Qo‘shimcha motivatsiya sifatida. Masalan, «sen biz bilan yana 4 yil ishlasang har yil senga 10 000 AQSh dollariga teng bo‘lgan aksiyalarni berib boramiz», deyishi mumkin. Masalan, Google’da 11 yil ishlagan Tilek Mamutovda shu aksiyalarning qiymati 1 million AQSh dollaridan oshgan.
Relocation bonus: siz masalan O‘zbekistondan turib aynan ish uchun AQSh yoki Germaniyaga ko‘chib o‘tayotgan bo‘lsangiz, sizning ish beruvchingiz shu ko‘chish xarajatlarini qoplash uchun sizga pul beradi. Masalan Delivery Hero’da bu summa uylanmaganlar uchun taxminan 4000 yevro, oilalilar uchun esa 5000 yevro edi.
Referral bonus: IT kompaniyalariga har doim ishchi kerak bo‘ladi. Shunday kerak bo‘lgan ishchilardan birortasini topishga yordam bersangiz, kompaniya sizga yordamingiz uchun bonus beradi. Masalan, Anaconda’da bu summa 5000 yevroga teng.
Sign-on bonus: Aytganimdek, IT kompaniyalariga ishchi har doim kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham zo‘r ishchilarni o‘zlariga o‘tkazib olish uchun bu kompaniyalar ko‘p narsaga tayyor. Shu narsalardan biri bu sign-on bonus. Ya’ni siz kompaniyaga ishga kirganingiz uchun va boshqa kompaniyaga kirmaganingiz uchun to‘lanadigan pul. Masalan men Anaconda’ga o‘tishim uchun 10 000 yevro taklif qilishgandi. Tanishlarim esa, 25 000 yevrogacha olgan.
KPI bonus: Kompaniyalar odatda o‘zlariga oylik/choraklik/yillik maqsad qo‘yadi. Shu maqsadlarga erishgan erishmaganligiga qarab har xil bonuslar berishi mumkin. Masalan Anaconda’ga hamma maqsadlarga erishsak yiliga 10 foiz bonus berishi mumkin. Bu degani masalan 100 000 AQSh dollari yiliga olsangiz, bu bonus bilan 110.000 AQSh dollari bo‘ladi, degani.
Bu sonlar va bonuslar turlari, albatta, kompaniyalarga qarab o‘zgarib turadi. Bu eng mashhurlari xolos.
Asosan Toshkentda deb bilaman
O‘zbekistonda ayniqsa matematika va boshqa aniq fanlar yaxshi o‘rgatiladi. Ingliz tilini biladiganlar ham tobora ko‘payib bormoqda. Bular esa birgalikda IT’ni o‘rganish uchun eng kerakli fanlar. Menimcha IT sohasini rivojlantirish uchun avvalo, elektr-energiya muammosini hal qilish lozim. Afsuski Toshkentdan tashqarida bu haligacha katta muammo. Internet qamrovi va tezligini oshirish ham kerak. Keyin IT sohasi haqida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish zarur. Albatta, bu borada ko‘p ishlar olib borilyapti, biroq asosan Toshkentda deb bilaman. Boshqa chekka viloyatlarga ham tajribali dasturchilarni jo‘natib, doimiy vorkshoplar uyushtirish zarur, deb hisoblayman. Vorkshoplarda har xil vebsaytlar, o‘yinlar qilsa bo‘ladi.
Menimcha, buning ortidan sohaga qiziqadiganlar albatta ko‘payadi.
Passiv daromadimni ko‘paytirmoqchiman
Kelajakda Stripe, Google, AWS kabi kompaniyalarda ishlab ko‘rish niyatim bor. Bu menga katta tajriba beradi va faol daromadimni oshiradi. Aktiv daromaddan tashqari, passiv daromadimni ko‘paytirish rejalarim ham bor. Buning uchun yana bir nechta onlayn kurslar tayyorlayman, blog va telegram kanalimni yuritaman. Yaqin orada o‘zbek tilida yoziladigan onlayn ta’lim platformasini ishga tushirmoqchiman. U yerda bepul blog postlar va kurslar bo‘ladi. Ular orqali o‘quvchilarni birinchi ishiga tayyor qilish niyatim bor. Aminmanki, men o‘zim xohlagandek qila olsam, bitirganlar nafaqat ish topa oladi, balki hamkasblaridan ma’lum darajada ustunroq ham bo‘lishadi.
Ufora Habibullayeva suhbatlashdi.