2021 yilning 12 noyabr kuni Facebook orqali ichki ishlar vaziriga videomurojaat yo‘llagan, oradan ikki kun o‘tgach qamoqqa olingan profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev xizmat mavqeyidan foydalanib, firibgarlik jinoyati sodir etganlikda ayblanayotgandi.
13 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida Otaboyevga nisbatan sud jarayoni boshlandi. Namangan shahar prokuraturasi sobiq inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 6ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. U mansab vakolati doirasidan chetga chiqishdan tortib dalillarni soxtalashtirishgacha ayblanmoqda.
Ayblanuvchi ayblov xulosasi va ish hujjatlari bilan tanish emasligi sababli, sud ishi 24 yanvarga qadar tanaffus e’lon qildi. Kun.uz jamoatchilik diqqat-markazida turgan ushbu sud jarayonini yoritib boradi.
***
O‘tgan yilning 20 dekabrida Yangiyo‘l tumani 2-sonli IIB boshlig‘i profilaktika inspektorlaridan kuniga 2 nafardan fuqaroni jarimaga tortishni talab qilayotgani haqida material berilgandi.
Tahririyatga kelib tushgan audioda Yangiyo‘l tumani 2-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik Olim Sobirov ekani aytilgan shaxs qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik) va 187-moddalari (jamoat joyida algokol ichish) bo‘yicha ikkitadan ma’muriy bayonnoma tuzib, ertalabki yig‘ilishga olib kelish haqida topshiriq berayotgani aks etgan:
“Ertaga har bir xodim ertalabgacha ikkitadan, bitta 187, bitta 183, agar buning iloji bo‘lmasa, ikkita 187 yozib, olib kelishi kerak. Shart! Hozir Xayrulla aka [Yangiyo‘l tumani IIO FMB HPB boshlig‘i Xayrulla Boltaboyev] hammangni chiqarvordi “razvod” o‘nda deb. Hozir o‘nda telefon qilib, qani “protokol”, “nachalnik”ka nima deb javob beraman deyapti.
O‘shanchun kimni yozasan, kimni nima qilasizlar, har bir xodim ertalabki yig‘ilishga – “razvod”ga ikkitadan 187 opkelishi shart. Tuni bilan topib, yozdik 187 ikkitadan deb berish kerak. Bo‘lmasam ertalab “razvod”da “nachalnik” ****yets qiladi. Men kechqurun yozdiraman hammasiga, shettaman o‘zim, tekshiruvchiman deganman”.
Shuningdek, Sobirov qandaydir tadbir uchun qo‘l ostidagi barcha xodimlardan ertalabki yig‘ilishga 200 ming so‘mdan olib kelishni talab qilgan.
“Ertaga ertalabki yig‘ilishga hamma 200 ming so‘mdan olib kelsin. Tadbir bor. Tushunmaganlar nima ekan, nimaga degan savollaring bo‘ladigan bo‘lsa, ertalab Mirzo Ulug‘bekka borgan bo‘lsa biladi. Bilmaganlar menga telefon qilsa tushuntiraman. Hamma yuz foiz ikki yuz mingdan ertalabga olib kelishi shart.
Ertalabki yig‘ilishda hammadan olaman. Tushunganlar aloqaga chiqib, “otvet” beringlar. Tushunmaganlaring telefon qilib so‘ranglar, tushuntiraman har biringga alohida-alohida”, deyiladi audioda.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida Kun.uz’da chiqqan audiodagi ovoz podpolkovnik Olim Sobirovga tegishli ekani tasdiqlangan.
Ammo xizmat tekshiruvi davomida o‘zboshimchalik bilan pul yig‘ilgani yoki ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish bo‘yicha xodimlarga majburiy yuklama yuklatilgani tasdig‘ini topmagani aytiladi. Holbuki ovozli xabarda Sobirovning har bir xodimdan ikkitadan ma’muriy bayonnoma tuzib, ertalabki yig‘ilishga olib kelish haqida topshiriq bergani aniq-tiniq eshitilgandi.
Xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, 200 ming so‘m pul ikki nafar profilaktika inspektorining xonadonida bo‘layotgan to‘y uchun to‘yonaga sovg‘a olish maqsadida xodimlardan ixtiyoriy ravishda yig‘ilgan. Biroq xodimlardan ertalabki “razvod”ga 200 ming olib kelish talab qilingan audioda podpolkovnik Sobirov to‘y haqida lom-mim demagandi.
Audiolari internetga sizib chiqishi ortidan Olim Sobirovga fuqarolar va jamoatchilik ongida ichki ishlar organlari to‘g‘risida salbiy fikr shakllanishiga zamin yaratgani, bu orqali ichki nizom talablarini buzgani uchun “tanbeh” berilgan. Lekin tekshiruv davomida bu ishlarning eng boshida turgani aytilgan Yangiyo‘l tuman IIO FMB boshlig‘i Anvar Sultonov, Yangiyo‘l tumani IIO FMB HPB boshlig‘i Xayrulla Boltaboyevga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan.
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida ro‘y bergan shunga o‘xshash vaziyatda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Ahmadjonov lavozimidan olingan va boshqa bir tumanga profilaktika inspektorligiga tayinlangandi.
Yangiyo‘ldagi voqeadan keyin ham jamoatchilik podpolkovnik Sobirovning eng kamida vazifasidan ozod qilinishini kutgandi. Biroq rasmiylar qariyb 20 yillik xizmat stajiga ega rahbar-xodimdan voz kechishni istamagan ko‘rinadi.
Olim Sobirov bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarib, o‘zini o‘nglab olsa-ku, nur ustiga nur, ammo eski hunarini davom ettirsa, yangiyo‘llik “uchastkavoy”larga sabr tilashdan boshqa chora yo‘q.
***
Ijtimoiy tarmoqlarda “uchastkavoy”larning murojaatlari ko‘payishi ortidan Ichki ishlar vazirligi 24 soat ishlaydigan Profilaktika inspektorlariga huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tashkil etdi. Bundan maqsad – “uchastkavoy”lar qandaydir muammoga duch kelgan taqdirda uni zudlik bilan hal etishdan iborat.
Agar siz profilaktika inspektori bo‘lsangiz, “1286” qisqa raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zingizni qiynayotgan muammolar yoxud rahbarlarning qonunga zid topshiriqlari haqida xabar berishingiz mumkin. Vazirlik murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi, har bir murojaat vijdonan tekshirilishiga ishontirmoqda. Bundan tashqari, profilaktika inspektorlarining murojaatlari Telegram'dagi maxsus bot orqali ham qabul qilinadi.
“Ishonch telefoni va Telegram-bot ishga tushirilgan 10 yanvardan to 19 yanvargacha 300 ta murojaat qabul qilindi. Shundan 5 tasi profilaktika inspektori tomonidan yuborilgan. Xodimlarimiz o‘z murojaatlarida asosan huquqiy yordam so‘rab murojaat qilishgan. Hozircha rahbarlarning noqonuniy xatti-harakati yoki harakatsizligi bo‘yicha hech qanday murojaatlar kelib tushgani yo‘q.
Basharti bunday murojaatlar kelib tushgan taqdirda, murojaatni qabul qilib oluvchi operatorlarimiz zaruratga qarab xodimlarni yuqori turuvchi tizim rahbarlari, vazir o‘rinbosalarini ham bog‘lab berishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etishlari mumkin”, deydi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i, polkovnik Baxtiyor Berdialiyev.
Vazirlik mulozimlarining aytishicha, har ikki yo‘nalishdagi murojaatlar zudlik bilan ko‘rib chiqiladi, mas’ullar murojaat mualliflariga amaliy yordam berish tartibida ish olib boradi. Profilaktika inspektorlariga huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tizimdagi muammolarga barham berishi kutilmoqda.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido