- Alloh taolo Qur’oni Karimda «Yer yuzida o‘rmalagan jon borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir», (Xud surasi, 6 oyat) deya marhamat qiladi. Inson hech narsa qilmasa ham rizqi kelaveradimi yoki rizq harakatga bog‘liqmi? Bu oyatlarni qanday qilib to‘g‘ri tushunishimiz mumkin?
- Inson hech qanday ish qilmasa ham Alloh uning rizqini yetkazishi mumkinmi, mumkin. Bunga dalil sifatida (Oli-Imron surasida) Maryam onamiz kichkinaliklarida oldilariga har doim Zakariyo alayhissalom kirganlarida, u yerda o‘sha mavsumda o‘smaydigan taomlar bo‘lgan. Alloh taolo Maryam onamiz hech narsa qilmay o‘tirsa ham rizqini oldiga yetkazib qo‘ygan. Alloh taolo biz hech narsa qilmay o‘tirsak ham rizqimizni berishga qodir. Lekin biz musulmonlarga chiqib mehnat qilish va hamma sabablarini ushlash buyurilgan.
Boshqa suralarda (Maryam surasida) Maryam onamizning qissalari davom etgan. Maryam onamiz homilador bo‘lib, shaharning chetiga chiqib ketadi. Daraxtning tagida o‘tirib, ko‘zlari yoriydi va Iso alayhissalom dunyoga keladi. O‘shanda Maryam onamizning ahvollari qiyin bo‘lsa-da, yurib daraxtni silkitishni buyurgan. Keyin, onamiz daraxtni silkitgan va xurmo daraxtining mevasi tushgach, shuni tanovul qilgan. Alloh taolo Maryam onamizga yoshligidagi kabi hech qanday harakatsiz ham taom berib qo‘yishi mumkin edi. Lekin hozir katta odam bo‘lgach, hech bo‘lmaganda qo‘lidan kelgan ish - daraxtni silkitishni, rizq talabi yo‘lida harakat qilishni so‘radi.
Xulosa qilib, aytish mumkin, Alloh taolo bizga hamma narsani berishga qodir. Lekin biz sabablarini ushlashga buyurilganmiz.
To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishish mumkin. Suhbat davomida, shuningdek, musulmon kishining pulga munosabati, biznesni boshlashda niyat, baraka omillari, qarz olish, ehson qilishga doir masalalar hamda barakali oyliklarga doir mulohazalar berilgan.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Muhiddin Nido.
Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli ekspertiza xulosalari asosida tayyorlangan.