Farg‘onada is gazidan vafot etgan 3 kishidan 2 nafari harbiy xizmatchi ekani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat 18:37 / 18.01.2022 18959

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Farg‘ona shahridagi uylarning birida 14 yanvar kuni uch kishi is gazidan zaharlanib, vafot etgani holati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 14 yanvar kuni soat 13:00 larda shaharning «Istiqlol» mahallasida yashovchi ikki kishi hamda shu xonadonga mehmonga kelgan bir nafar fuqaro Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib borilgan. Tez tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, ular shifoxonada vafot etgan.

Vafot etganlarning ikki nafari harbiy xizmatchi ekani aniqlangan.

Gazeta.uz’ning aniqlik kiritishicha, ulardan biri 42 yoshli harbiy xizmatchi erkak, ikkinchisi 40 yoshdagi harbiy xizmatchi ayol bo‘lgan. Uchinchi qurbon 17 yoshli maktab o‘quvchisi.

Hodisa xonadondagi qo‘lbola usulida yasalgan isitish pechidan is gazi sizib chiqishi oqibatida yuzaga kelgan.

Hozirda holat yuzasidan Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avvalroq Farg‘ona shahridagi uylarning birida 14 yanvar kuni uch kishi is gazidan zaharlanib,vafot etgani, ulardan biri xonadon mehmoni bo‘lgani haqida xabar berilgandi. 

Ko‘proq yangiliklar: