«Bu yerda faqat boylarning bolalari o‘qishi haqidagi gaplar xato» - Eng yosh prezident maktabi direktori bilan suhbat

Jamiyat 15:42 / 18.01.2022 25771

«Osmondagi bolalar» loyihasining 20-soni mehmoni Qashqadaryo viloyatidagi Prezident maktabi direktori va bir qator loyihalar muallifi Sardor Sodiqov bo‘ldi. U Toshkent shahrida tug‘ilib, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida katta bo‘lgan, avval Qarshi shahridagi 11- sonli maktabda, keyin esa Qarshi tumanidagi iqtidorli bolalar litseyida tahsil olgan. Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti iqtisod fakultetini tamomlagan.

Suhbat davomida oliy ta’limdagi kamchiliklar, o‘quv markazlari faoliyati, Prezident maktabidagi holat, ingliz tilining ahamiyati va jamiyatdagi muammolar haqida fikrlar bildirilib, ota-onalarga va yoshlarga tavsiyalar berib o‘tildi.

Faoliyatning boshlanishi

— Vestminster universitetida 3-kursligimda aynan hayotimni o‘zgartirgan bir voqea bo‘lgan. Ko‘pchilik talabalar ishlardi. 3-kursda men ham qayerda ishlasam bo‘ladi, qo‘limdan nima keladi, deb o‘yladim. Qo‘limdan keladigani – ingliz tilini o‘qitish edi.

Hozirgacha bir o‘quv markazi bor. Avaz aka rahbarligidagi «Registon» o‘quv markazi. Shu kishining oldiga borganman va ingliz tilidan dars berishni boshlaganman. Shu voqea sabab men yuragim jiz etgan sohani topganman va doim vatanimga yordam berishni xohlaganman.

Universitetni tugatgach, Qarshi shahriga qaytib, bir o‘zim repetitorlik qilishni boshlaganman. O‘quv markaz deb yurar edim, lekin xodim bitta o‘zim. Farrosh ham o‘zim, o‘qituvchi ham o‘zim, bankka borishga ham o‘zim, soliqqa ham, hammasiga o‘zim. Tong saharda turib reklamalar yopishtirib chiqqanman. Ayni paytda Qarshi shahrida 50 dan ortiq xodim ishlaydigan, 3000 dan ortiq o‘quvchi o‘qiydigan «Global Education» markaziga rahbarlik qilyapman.

Nega Toshkentda qolmagansiz?

— Universitetni bitirgan paytimda ko‘plab katta-katta joylardan takliflar bo‘lgan, lekin men Qarshi shahriga qaytganman. Sababi, Toshkentda kadr yetarli, hammamiz Toshkentda qolib ketaversak, shuncha yil Qarshi tumanida velosipedda qatnab, oq non tuzini yeb, qanday qilib viloyatimga qaytmayman. Toshkentga keldik, bilim oldik, endi yana qaytib, u yerni gullatishimiz kerak, degan niyatda o‘qish tugagan kuni Qarshiga qaytganman. Menda kelajakda O‘zbekistonning kelajagini yaratadigan yoshlar armiyasini barpo etishga o‘z hissamni qo‘shaman, degan qat’iy qaror bo‘lgan.

Foto: YouTube/Osmondagi bolalar

— Boshqa davlatlarni ko‘rgan odam sifatida ayta olasizmi, nima uchun bizda aynan o‘quv markaz sohasi rivojlanib ketdi? Boshqa davlatlarni ko‘rsangiz, u yerda ko‘proq kasbiy ta’limgina o‘quv markazlarida o‘rgatiladi. Xorijiy tillar bo‘yicha juda kam, lekin bizda abituriyent sohasi hamda xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv markazlari juda ilg‘or, bu bir tomondan xursand qiladi, bir tomondan xafa qiladi. Ya’ni tabiiy ravishda davlat ta’limida qaysidir darajada bo‘shliq borligi shu soha rivojlanishiga sabab bo‘lyapti. Fikringizcha, nima uchun o‘quv markazlari rivojlanib ketdi va ular ta’limga yordam berdimi?

— 2018 yil Isroilga borganmiz. «Ta’lim sohasida innovatsiya va tadbirkorlik» bo‘yicha Isroil tajribasini o‘rganib kelganmiz. Qiziq bir ma’lumot aytaman, u yerda birorta ham o‘quv markaz yo‘q ekan. Ingliz tilini qayerda o‘rganishlarini so‘radim. Maktabda deyishdi. IT sohasini qayerda o‘rganishlarini so‘radim. Maktabda deyishdi, matematikani qayerda o‘rganishlarini so‘radim, yana maktabda deyishdi.

Men asli o‘quv markazi sohasidan boshlagan bo‘lsam-da, kelajakda o‘quv markazlari bo‘lmasligini xohlardim. Ya’ni fanga o‘qitadigan. Buni maktablarning o‘zi to‘lig‘icha to‘ldirib berishi kerak,aslida, lekin bu bo‘shliq bor ekan, ushbu soha kengayib boraveradi. Bu bo‘shliqni to‘ldirib berishni esa, o‘quv markazlari eplayapti. Sababi, bu yerda o‘quvchilar oylik to‘lovlar to‘lashadi va o‘quv markaz yana ham rivojlanishga, yana ham sifatli ta’lim berishga harakat qiladi. Bu borada O‘zbekiston muvaffaqiyatli tarzda o‘quv markazlarini yurityapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kelajakda o‘quv markazlar ishsiz qolmaslik uchun o‘zining kasbini zamonaviylashtirsin, ingliz tili orqali o‘quvchilarga kasb o‘rgatsin. Qaniydi, hozir ingliz tili o‘qituvchilari call-center’ga tayyorlash kurslarini o‘qitishsa yoki «logistika» kurslarini o‘qitishsa, hozirgi paytda ushbu soha juda ommalashib boryapti.

Nima deb o‘ylaysiz, xalq ta’limida bo‘shliq nimadan hosil bo‘ldi va uni qanday qilib to‘ldira olamiz?

Biz hozirgacha universitetga kirish mezonlarini biroz noto‘g‘ri qo‘yib qo‘ydik. Keling, o‘z sohamdan olib gapiraman. Ingliz tilini o‘rganish bir necha yildan beri faqatgina nazariy jihatdan o‘rganish bo‘lib qoldi. Siz faqat grammatikani o‘rganasiz va titulda to‘g‘ri javoblarni belgilaysiz. Bu xuddi avtomaktabga borib, barcha belgilarni o‘rganib, biror marta ham mashina haydamasdan haydovchilik guvohnomasini olgan kabi. Ingliz tilida ham biz faqatgina nazariy jihatni o‘rgatdik, amaliy jihatga kelganda, hattoki maktab o‘qituvchilari suhbatlasha olmayapti ingliz tilida.

Statistika keltiraman, Xalq ta’lim tizimidagi xorijiy til o‘qituvchilari 53 ming nafardan ko‘proq, shuning 4 foizigina ingliz tilini bilish darajasini ko‘rsatib bera olgan, xolos. Ya’ni qo‘lida sertifikati bor. Aynan ularga kasbiy jihatdan, malakaviy jihatdan baho bermayapman, balki ularning qaysidiri yaxshi o‘qitishi mumkin, juda ham yaxshi o‘qitishi mumkin, lekin «Ingliz tilingiz qanaqa?» degan savolga «Uzr, bugun faqatgina grammatika o‘tamiz», «Uzr, har kuni grammatika o‘tamiz», «Men so‘zlarning tarjimasini so‘rayman»

Amaliy jihatdan ishlatilishida hatto o‘qituvchining o‘zida ham kamchiliklar bor. 4 foiz javob beryapti, qolgan 96 foizini o‘quv markazlari qoplab beryapti.

Nima uchun bolalar o‘quv markazlariga ketib qolyapti desa, chunki u yerda yaxshi o‘qituvchilar bor. Nima uchun u yerda yaxshi o‘qituvchilar bor, deyilsa, o‘quv markazlari yaxshi oylik maosh beradi. Agar biz oylikni oshirmas ekanmiz, ta’limni yaxshilanishi haqida gapirishga biroz erta emasmikin?

— Xalq ta’lim vazirligiga, adashmasam, budjetdan har yili 10 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Aynan, xalq ta’limida vazir bo‘lib ishlagan Sherzod Shermatov o‘qituvchilarning oyligini ko‘taraylik, deb juda ham qattiq harakat qildi. Lekin, rostdan ham bu muammo bor. O‘quv markazlarida ishlayotgan o‘qituvchilar oyiga eng kamida 5 million so‘mdan 20 million so‘mgacha oladi. Nega endi 3 million oylikka maktabga borsin?

Muammoni eng boshidan boshlaydigan bo‘lsak, kadrlar tayyorlash bo‘yicha universitetdagi o‘qituvchilar talabalarga berayotgan bilimini mustahkamlamas ekan, ertaga ishga borganida ularning ingliz tilisi sayoz ekanligi bilinishi tabiiy.

Faqatgina moddiyat bilan bu muammoni yecha olmaymiz. Agar Xalq ta’limi vazirligi xohlasa, ingliz tili o‘qituvchisining oyligini 10 million so‘m qilib qo‘ya oladi, lekin endi 53 mingta xorijiy til o‘qituvchisidan nechtasi shu oylikka arzirli bo‘ladi? Bu bo‘yicha islohotlar qilinyapti, ya’ni o‘qituvchi til sertifikatini ko‘rsatsa, 50 foizgacha ustama belgilash bo‘yicha qaror chiqdi. Xorijiy tillarni ommalashtirish agentligi bu ish bilan shug‘ullanyapti, maktab o‘qituvchilari endi 5 milliongacha oylik olishi mumkin. Men ham ingliz tili o‘qituvchilari eng kamida 10 million so‘m oylik olishlarini xohlar edim, chunki hozir ko‘p narsa ingliz tiliga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Biz boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lmoqchimizmi, butun dunyo bozoriga kirmoqchimizmi, ularga nimalarga qodirligimizni ko‘rsatmoqchimizmi, ularga o‘zlari tushunadigan tilda gapirishimiz kerak, bu - ingliz tili hisoblanadi.

Muammo universitetlarda ekan, nima deb o‘ylaysiz, aynan universitetlarda ta’limning sifatini oshirish uchun biz nima ishlarni amalga oshirishimiz kerak?

— Universitetlarning ayni paytdagi kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yondashuvi yetarli darajada emas. Bu borada biz, jamiyat, davlat yoki o‘quv markazlari qanday yordam bera oladi, degan savolga keladigan bo‘lsak, o‘quv markazlar ushbu universitetning talabalarini otaliqqa olib, talabalar praktikant sifatida kelib, shu o‘quv markazida amaliyot qilishini ta’minlashi kerak. Xuddi, men 3-kursligimda o‘quv markazga borganim kabi. Shu tomonlama yordam berishimiz mumkin. Bu yerda, bu universitetning ishi, bu mening ishim, degan narsa yo‘q, bu hammamizning dardimiz, bu barcha jamiyatning dardi. Bu borada hammamiz yordam berishimiz kerak.

Universitet ko‘pincha talabalarni amaliyot uchun maktabga yuboradi, birortasi o‘quv markaziga yubormaydi. Bu narsa byurokratiyaning sarqiti bo‘lib qolgan, aynan davlat muassasalari bilan ular amaliyot o‘tashi kerak. Vaholanki, u yerda kimlardir rostdan ham amaliyot qilyapti va ish o‘rganyapti, kimlardir faqatgina kun oxirida imzo va muhr qo‘ydiryapti-da, universitetga olib borib beryapti.

Shuning uchun, ular o‘quv markazlariga ham amaliyotga yuborsa, bu maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shu bilan biz universitetlarga yordam bera olamiz.

2020 yil siz va jamoangiz tomonidan tayyorlangan ilova 75 ming dollar grand yutib oldi, o‘zi ilova nima maqsadda yaratilgan va qanday imkoniyatlari bor?

— Ilovani yaratish 2018 yilda boshlangan. Men bir vaqtning o‘zida ko‘pchilikka dars bera olmasdim, shuning uchun bilimimni raqamlashtirmoqchi bo‘lganman. Telegramda bir bot yaratib, darslarni audio, video va matnli qilib joylashtirganman. Unda har bir darsni ochish uchun to‘lov qilishingiz kerak. Keyin, buni yanada rivojlantirmoqchi bo‘lganmiz, sababi, bilasiz telegramda ma’lumotlarni ulashish mumkin, mening darslarim tarqalib keta boshlagan. Buni yanada rivojlantirib, tarqalib ketishining oldini olish maqsadida mobil ilova ishlab chiqamiz deganman.

2019-2020-yillarda ilovani ishlab chiqayotgan vaqtimizda IT-Park tomonidan «Eng yaxshi mobil ilova» degan tanlov e’lon qilingan. Shunga ariza topshirdik. Saralash bosqichi 9 oy davom etib, 264 jamoadan oxirida 7 jamoa qoldi. Mening ilovam ishlab chiqilishidan maqsad ingliz tilini sifatli va arzon narxda hammaga o‘rgata olish bo‘lgan. Agar umrim sinfxonada o‘tsa, ko‘pi bilan 100 ming o‘quvchiga dars bera olaman, lekin video darslarim 1 kun ichida yuz minglab o‘quvchiga ilm bera olishi mumkin. Mana shu maqsadda yaratilgan ilova yettilikka kira olgan va ovoz berish natijalariga ko‘ra «Roboteach» ilovasi birinchi o‘rinni olgan.

Taqdirlash marosimidan so‘ng, Toshkentda yaqinlarim va jamoa a’zolari bilan g‘alabani nishonlayotganimizda, onajonim xursand bo‘lib «Ilohim Allohning nazari tushgani rost bo‘lsin, ilohim davlat rahbarimizning ham nazarlariga tushgin», deb duo qilganlar.

Yarim soat o‘tib Qashqadaryo viloyati hokimligidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. «Tezda yetib kelinglar, ertaga davlat rahbarimizning rasmiy tashrifi bo‘ladi, 12 noyabr kuni ertaga sizlarni uchrashtirib, muvaffaqiyatilar bilan tanishtiramiz» deyishgan. Kechqurun soat 12 da kirib kelganmiz. Qarang, onamning duosi kuchi sabab ertasi kuni davlat rahbari bilan uchrashib, ilova taqdimotini qilib berganmiz. Xursand bo‘lib jamoada necha kishi ekanimizni so‘raganlar, jamoada 5 kishi edik va har birimizga 5 ming AQSh dollaridan mukofot berganlar.

Shunda bir narsaga amin bo‘lganman. Insonning niyati xolis bo‘lsa, shu narsaga qattiq harakat qilsa, ilmning ortidan, xolis niyat ortidan halol tarzda hech qanday korrupsiyaga aralashmay, 2 kunda 75 ming dollar topish mumkin ekan.

— Prezident maktabi qanday maktab va o‘ziga xosligi nimada?

— Prezident maktabi haqida qisqacha tafsilot beradigan bo‘lsam, bu maktabning yotoqxonasi bor. Bolalar haftada 5 kun o‘qishadi, asosiy korpusda darslar bo‘ladi, shanba va yakshanba kunlari uylariga ketishadi. Maktabda hozir 144 nafar o‘quvchi o‘qiydi. O‘quvchilarni qabul qilish mezonlari 2 bosqichli imtihondan iborat. Bu imtihonda birinchi matematikadan, so‘ngra mantiq, ingliz tili fanlaridan imtihon topshirishadi. Shu imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar maktabga qabul qilinadi.

O‘quvchilarga barcha qulayliklar yaratib berilgan va bu narsalar to‘liq davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu yerda yillik to‘lov, forma, 5 mahal issiq ovqat va boshqa to‘lovlar – hammasi davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Prezident maktabining o‘ziga xosligi – bitta sinfda 12 nafar o‘quvchi, 12 nafar o‘quvchiga ikki nafar ustoz – bittasi xorijiy va bittasi mahalliy.

Shu yerda farzandlarini o‘qitmoqchi bo‘lgan ota-onalarda maktabda faqat boylarning bolalari o‘qiydi, degan turli fikrlar bor. Biz kichik so‘rovnoma o‘tkazdik. Maktabga kirgan o‘quvchilarning ota-onalari qayerda ishlashi bilan qiziqdik. 60 foizdan ko‘p o‘quvchilarimizning yo otasi yoki onasi o‘qituvchi kasbida ekan.

Bu bilan faqat o‘qituvchilarning bolalari o‘qiydi demoqchi emasman, o‘qituvchilar farzandlarining ta’limiga ko‘proq e’tibor beradi. Prezident maktabiga qaysi o‘quvchining ota-onasi bolasining ta’limiga ko‘proq e’tiborli bo‘lsa, aynan o‘sha o‘quvchi kiradi. Qashqadaryo viloyatidagi Prezident maktabiga kirgan o‘quvchilar Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlaridan kirgan. Bu degani barcha tumanda, u yerdagi chekka qishloqlarda ham salohiyat bor. Prezident maktabiga kira olishgan. U yerlarda qo‘shimcha repetitorlar bo‘lmasligi mumkin, lekin farzandga ota-onaning yordam berganligi, ular bilan suhbatda yaqqol bilindi. Ota-onalar, allaqachon, Prezident maktabi ta’lim tizimi haqida va undagi qabul imtihonlari haqida to‘liq tushunchaga ega va farzandi bilan shug‘ullangan.

Ota-onalarga murojaat

— Hurmatli ota-onalar, farzandingizga yoshligidan chiroyli tarbiya bering. O‘ziga ishonchi oshsin, matematika va ingliz tilini o‘rgansin, mantiqiy fikrlashi va shu bilan birga dunyoqarashi kengayishi uchun farzandingiz bilan ko‘proq gaplashing. Savol so‘rasa, ilmingiz, bilimingiz yetganicha javob berishga harakat qiling. Farzandingiz shaxsiy fikrini aytishga tortinmasin, farzandingizning o‘zidagi ishonchi baland bo‘lsin. Agar Prezident maktabida o‘qitmoqchi bo‘lsangiz, yaxshi niyat qilib, farzandingizga yordam bering, birgalikda dars qiling, birgalikda suhbatlashing, ko‘nglini ko‘taring, qaysidir joyda qiynalib qolsa, yordam bering. Shunda, albatta, farzandingiz Prezident maktabi o‘quvchisi degan nomga sazovor bo‘ladi.

 Ustoz sifatida bugun shogirdlaringiz kelajakda kim bo‘lishini xohlardingiz?

Foto: YouTube/Osmondagi bolalar

— Keling, ularning ham ustozi, ham ota-onasi sifatida gapirsam, chunki maktabda 144 nafar farzandim bor. Ularga har kuni eshigim ochiq, o‘quvchilar bemalol taqillatib kira oladi. Takliflar, savollar bilan kelishadi. Hech qachon ularni qaytarmaganman, ofisda o‘tirib suhbatlashamiz. Farzandlarimiz kelajakda qaysi kasbni egallamasin, ularga doim aytaman: yaxshi o‘qing, ilm oling, Top-50 talik, Top-100 talik xorijiy ta’lim muassasalariga kirishga ilmingiz yetadi.

Albatta, siz u yerning bilimini oling, xorijliklar sizga kerak bo‘lsa katta-katta grantlar berishsin, chunki bunga arziysiz. Ertaga kuchli shifokor bo‘ling, mayli qancha davr o‘tmasin, qancha xorijiy tajriba kerak bo‘lmasin, sohangizning ustasi bo‘ling, kuchli darajadagi qiymatga ega bo‘ling. Albatta, ertaga xorij bilimini, xorij tajribasini O‘zbekistonga yo‘naltiring.

Ular bilan birgalikda kelishib olganmiz. Ular O‘zbekistonning rivojlanishi uchun harakat qilishadi va butun dunyoga o‘rnak bo‘lishadi.

Bugun Prezident maktabini bitirgan o‘quvchi birorta xorijiy universitetda o‘qidi va u yerda ishlashni boshladi. Tabiiy ravishda taqqoslash boshlanadi. Men chidolmaydigan ba’zi narsalar bor, ya’ni huquqsizlik, biror bir narsani sudsiz bo‘lishini qabul qila olmayman. Ertaga chetga ketgan o‘quvchilar eng yaxshi joylarda o‘qiydi, eng yaxshi joylarda ishlaydi va ularda qonun ustuvorligini ko‘radi va taqqoslashni boshlaydi. O‘z-o‘zidan u joy uning uchun qulay bo‘lib qoladi. Nima uchun u yerdan yana qaytib kelishi kerak? Bu bilan ular qaytib kelishmasin demoqchi emasman, biz ko‘proq ularga sharoit yaratishga harakat qilishimiz kerak emasmi?

— Xorijga o‘zim ham ko‘p marta chiqqanman. Aniq ayta olaman, xorijga borgan insonda ikki xil kayfiyat uyg‘onadi. Birinchisi, menga ushbu sharoitlar yoqdi, bu yerda haqiqatan ham o‘z qadrimni sezyapman, bu sharoitlarda men o‘saman, unaman, bu sharoitlar aynan men uchun yaratilgan. Men bu davlatda qolaman. Ikkinchi kayfiyatni aytaman, shaxsan o‘zimning kayfiyatim desam ham bo‘ladi. Menga bu davlat yoqdi, sharoitlarni qarang, inson qadrini qarang, qonun ustuvorligini qarang, imkoniyatlarni qarang. Shularning hammasini o‘rganib, O‘zbekistonga olib qaytaman. Xuddi shu kayfiyat, xuddi shu qonun ustuvorligi, xuddi shu maoshlar, xuddi shu imkoniyatlar O‘zbekistonda bo‘lishi uchun o‘zimni safarbar qilaman. Albatta, barchamizda ikkinchi kayfiyat uyg‘onishi tarafdoriman.

O‘zbekiston xuddi shu kayfiyatda yoshlarimizni kutib olishi uchun nima qilishimiz kerak? Birinchi navbatda, bir narsani tan olishimiz kerak, barcha imkoniyatlari bor davlatlar mustaqilligi 30 yil oldin bo‘lmagan, kimdir 50 yil oldin kimdir 100 yil oldin, AQSh 300 yil oldin o‘z mustaqilligiga ega bo‘lgan va 300 yildan beri harakat qilyapti. Biz barchamiz qo‘ziqorindek xorijda tug‘ilib qolmaganmiz, lekin biz yaxshi sharoitning xo‘rozqandini tanlaydigan bo‘lsak, o‘zimiz non-tuz yegan joyga xiyonat qilib qo‘ygan bo‘lamiz.

— Uzr, shu yerda savolim bor, kelsa, uni bu yerda tan olishmasa, ya’ni foydalanishmasa yoki ilmi bu yerda xor bo‘lsa, bu vaziyatda yana chet elni tanlab qo‘ymaydimi?

— Mening bir shifokor urolog tanishim bor. Kitob tumanida xususiy klinikasi bor. O‘zbekistonda barmoq bilan sanarli urolog xirurglardan, juda ko‘p davlatlarda bo‘ladi, Turkiyaga doim boradi. To‘g‘ri, u kishi xorijda o‘qimagan, lekin xorijdan juda ko‘p tajriba olib kelgan. Mana shu insondan nega aynan Kitob tumanida klinika ochgani haqida so‘raganman. Qiyin bo‘lmadimi, bosim bo‘lmayaptimi, xorijda qolganingiz sizga yaxshi emasmidi, deganimda, juda bir chiroyli gapni aytgan: «Yoshligimda shu yerda o‘qidim, shu joyda ilm oldim. Kamchiliklarni yoshligimda ham ko‘rardim. Yoshligimdan maqsad qilgandim, nimaiki sodir bo‘lmasin, shu kamchiliklarni tuzataman, deb.Tibbiyot sohasida ko‘p kamchiliklar bor edi, agar men tuzatmasam, kim tuzatadi? Mayli kamchiliklar bordir, mayli qayerdandir bosimlar bordir, lekin hozirgi holatda davomiy tarzdagi muammolar sodir bo‘lmayapti, muammolarga yechimni faqatgina muammolarimizni yechib bering, deb davlatdan talab qilishimiz – nohaqlik. Agar sen dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsang, o‘zingdan boshla, o‘zingni jamiyatingdan boshla».

— Jamiyatdagi qaysi muammolar sizni qiynaydi?

— Jamiyatda eng qiynaydigan muammolardan biri ko‘pchilikdagi beparvolik kayfiyati. Juda ko‘p muammolarning gazak olib ketishiga ham beparvoligimiz sabab bo‘lyapti. Ko‘chada kimdir yotgan bo‘lsa, ko‘pchiligimizning hayolimizga birinchi bo‘lib, ha ichib olibdi-da degan fikr keladi. Hech kim o‘ylamaydi, balki qayeridir og‘riyotgandir, balki shifokor chaqirish kerakdir. Yoki nimagadir korrupsiya holati bo‘lyapti deylik, o‘quvchilardan pul yig‘ib olish kabi, shunga ham beparvomiz, «e mayli, ber ishimiz hal bo‘ladi», deymiz.

Agar biz shunga Vatan hissi, daxldorlik hissida beparvo bo‘lmasdan, «ey shoshmagin, bu bir kichkina korrupsiya holati bo‘lsa, ertaga gazak olib ketsa-chi» degan e’tibor bilan yondashadigan bo‘lsak, hamma bir yoqadan bosh chiqarib, shu narsaga qarshi bo‘lib tursa, jamiyatimizda muammolar kamayadi. Shuning uchun aytardimki, bu beparvolik hissini yo‘qotaylik. Bu sening viloyating, bu mening viloyatim, degan tushunchani yo‘qotishimiz kerak.

— Hayotda maqsadini topa olmayotganlarga nima degan bo‘lar edingiz?

— Ko‘pchilik yoshlarimiz universitetga kirgandan keyin maqsadlarini yo‘qotib qo‘yishadi. Yoshlikdagi eng katta maqsadlari universitetga kirish bo‘lib qolgan, kira olishdi, undan keyin-chi? Ko‘pchilik undan keyin yo‘lini yo‘qotib qo‘yadi. Shuning uchun, o‘zining hayotdagi maqsadini, missiyasini topib olishi kerak. O‘z missiyasini, oliy maqsadini qanday topadi, desa, men oliy maqsadimni, tajriba olish maqsadida amaliyotga borish orqali topganman.

Birinchi maslahatim, yoshlar ham o‘zining oliy maqsadini, hayotdagi missiyasini topishi uchun o‘zini qiziqtirgan bir qator sohalarda ishlab ko‘rishini, amaliyot, tajriba orttirishini so‘ragan bo‘lar edim. Oylik so‘ramasin, o‘sha sohani ko‘rsin, bilsin yuragi jiz etyaptimi-yo‘qmi. Ikkinchi maslahatim, hayotda o‘zining yo‘lini topa olmayotgan yoshlarga barcha muammolarning kaliti bor. Bu ota-onamiz va ustozimiz duosi. Hayotda juda ko‘p marta aynan ularning duosi sababli muammolarimni hal qilgan yoki men xohlayotgan muvaffaqiyatga yetishtirgan holatlar bo‘lgan.

— Kelajak rejalar qanday?

— O‘quv markaz sohasida, xorijiy tillarni yoyish va Prezident maktabidagi o‘quvchilarimiz bilan ham qiladigan kelajak rejalarimiz ko‘p. Men xohlaymanki, har bir o‘sib kelayotgan yoshlarimiz 5 yoki 10 yildan keyin bo‘ylari yetgan, universitetlarni bitirgan, kimdir qaysidir davlatda katta-katta joylarda ishlaydigan, kimdir O‘zbekistonda o‘ziga yetarli darajadagi vazifalarda faoliyat yuritadigan yoshlar bo‘lishini. O‘zbekistondan boshqa bir davlatlar o‘rnak olib, ushbu yoshlarimiz mana men shu sohaning professionali, desin. Butun dunyo O‘zbekistondan o‘rgansin, dunyo bilimi O‘zbekistonning yoshlarida bor. Men kelajakni shunday ko‘raman. O‘zbekistondagi universitetlar Top-100 talik Top-500 talikka kirsin, chet elliklar bizning universitetlarda o‘qish uchun raqobatlashishsin.

To‘g‘ri, bu qaysidir darajada balandparvoz gaplardir, lekin men ishonaman, hech qaysi bir davlatning taraqqiyoti uning tabiiy resurslariga bog‘liq emas. Inson resurslari shakllangan joyni, u davlatni yengib bo‘lmaydi. Biz doim yoshlarni «oltin fondimiz» deb aytamiz, yoshlarimizda inson resurslari shakllansin. Shu resurslarni shakllantirish uchun qanchalik harakat, qanchalik umr, matonat kerak bo‘lsa, men tayyorman…

Ko‘proq yangiliklar: