Andijonda daraxtlar kesilishi yuzasidan hokimlik mansabdorlaridan biriga jinoiy ish ochildi

Jamiyat 17:18 / 18.01.2022 21814

Bosh prokuratura Andijon viloyati perinatal markazi hududida noqonuniy ravishda daraxtlar kesilgani bilan bog‘liq holat yuzasidan tuzilgan ishchi guruhining o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat yuzasidan Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi «Respublika ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.

Shunga qaramasdan, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh. tomonidan Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi Eldor qarag‘ayi (Pinus eldarica) navli 12 tup daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 115,5 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, viloyat perinatal markazi xodimlaridan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda daraxtlar viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘i bilan kesilganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: