Topshiriqni hokimlik beradi, pulni-chi? G‘ijduvonda bozor qurgan tadbirkorlar pulini ololmay, bankrotlik yoqasida turibdi

Jamiyat 19:08 / 10.01.2022 17039

2017 yil 27 martdagi prezident qarori bilan dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturi tasdiqlangan. Dasturning 10-bandida “G‘ijduvon dehqon bozori” ham bor.

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatda aynan shu “G‘ijduvon dehqon bozori”ni qurgan qurilish firmalarga, bozor foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lganiga qaramay, pullari berilmayotgani aytiladi.

Buxoro viloyat va G‘ijduvon tuman hokimliklari o‘rtasida “koptok qilinayotgan” pudratchilar mazkur muammoga hukumat rahbarlari va jamoatchilik e’tibor qaratishini istamoqda. Ularning ayrimlari bozorga sarflangan mablag‘larini ololmayotganilaridan kasodga uchragan bo‘lsa, boshqalari bankrotlik yoqasiga kelib qolgan.

Tolib Ismatov “Evrika Stroy dizayn” ta’sischisi

“2019 yil 24 dekabrda qurilishni shartnoma asosida to‘liq tugatib berganmiz. Bozor ma’muriyatining 1,7 mlrd so‘mga yaqin qarzdorligi bor. Shu mablag‘ to‘lanmagani bois, qator muammolarga duch keldik. Hozirda, “Evrika Stroy dizayn” bankrot bo‘lgan, ishchilarni bo‘shatganmiz, ammo ularning ish haqlari berilgani yo‘q. Do‘konlardan qarzga olingan qurilish mahsulotlarning puli ham berilmagan”, – deydi “Evrika Stroy dizayn” ta’sischisi Tolib Ismatov.

Uning aytishicha, viloyat va tuman hokimligining o‘sha vaqtdagi rahbarlari tomonidan quruvchi firmalarga bozorni tez fursatlarda jadallik bilan qurish vazifasi yuklatilgan.

“Shuning uchun biz bor mablag‘imizni qurilishga sarfladik. Jami qarzdorligimiz 1,3 mlrd so‘mdan ortiq. Biz xo‘jalik do‘konlaridan mahsulotlarni qarzga olgan vaqtimizda 1 tonna metall 6 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozir 12 mln so‘m. Ular dollar hisobida qayd etib qo‘yishgani bois, so‘mdagi miqdor o‘zgarib boraveradi. Biz o‘zgargan qiymatda to‘lashga majburmiz”, – deya oydinlik kiritadi firma ta’sischisi.

“Evrika Stroy dizayn” pulini o‘z vaqtida olmagani uning bankrotlikka uchrashiga olib kelgan.

“Biz bajarilgan ishlar bo‘yicha, garchi pullarni olmagan bo‘lsak-da, soliq idorasiga hisobot topshirganimiz bois, firmaga QQS hisoblandi. Belgilangan soliqlarni to‘lay olmaganimiz sababli korxonaga inkassa qo‘yildi. Bugungi kunda 450 mln so‘m qarzdorligimiz bor. Uni to‘lamasak, bizga qarashli bo‘lgan “Yoshlar mehnat guzari”ni sotuvga chiqarishmoqchi”, – deydi Ismatov o‘zi duch kelgan vaziyatni izohlarkan.

Quruvchilarning ta’kidlashicha, tuman va viloyat hokimlariga bir necha marotaba murojaat qilingan, ammo natija bo‘lmayapti. Viloyat hokimi Botir Zaripovga yozilgan murojaatdan so‘ng esa qayta tekshiruv tayinlangan va barcha pudrat tashkilotlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘dan 6 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda kamaytirilgan.

Biz “G‘ijduvon bunyodkor qurilish” MChJ rahbari Eson Azimov bilan ham suhbatbatda bo‘ldik.

“G‘ijduvon dehqon bozori qurilishida jamoamiz bilan qatnashdik va taqsimot bo‘yicha ishlarni amalga oshirdik. Jami 3 mlrd so‘mlik ish bajarganmiz. O‘sha vaqtda bajarilgan ishlar bo‘yicha qisman-qisman pul o‘tkazib turildi va hozirgi kunga kelib “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ bizdan 1,7 mlrd so‘m qarz. Qo‘shimcha taftish o‘tkazilgandan keyingi qarzdorlik summasi 1,56 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bozor 2019 yil 25 dekabrda ochilgan bo‘lsa, 18 tadbirkor 2020 yil yanvar oyidan beri pul olganimiz yo‘q”, – deydi E. Azimov.

Aytish joizki, Eson Azimov va’daboz buyurtmachilar hiylasiga 2 marta chuv tushgan, desak yanglishmaymiz. Chunki...

“G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJdan tashqari, “G‘ijduvon dehqon bozori” bilan alohida pudrat shartnoma asosida ma’muriy binoni qurib berganman. Lekin 1,09 mlrd so‘mlik ish bajargan bo‘lsam, uning 76 mln so‘mi to‘lab berildi, xolos. 3 qavatlik bino uchun bozor ma’muriyati pulni to‘lamayapti. Ular bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlardan patta va ijara pullarini olib turgan bo‘lsa-da, kreditga to‘lov qilyapmiz, degan turli vajlarni keltirmoqda”, – deydi Azimov.

Tadbirkorning aytishicha, 1 mlrd so‘mni aylantirganida yiliga 200 mln so‘m daromad topgan bo‘lar edi. U bir yilda 6-10 mlrd so‘m mablag‘ni aylantirib, daromad ko‘rgan, 48 kishini doimiy ish bilan ta’minlagan. Ammo vaziyat korxonaning bankrotligi tomon ketmoqda.

“Bu – 2 yilda 400 mln so‘m pul degani. Korxonamizda 48 ishchimiz bor. Bozordagi ishlarni amalga oshirishda turli firmalardan mahsulotlarni qarzga olganmiz, ayrimlariga o‘zimiz mablag‘imizdan to‘lab keldik, shu bugungi holatda 1 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorligimiz mavjud. Sharoitimiz haqiqatdan og‘ir. Kasod bo‘lish ehtimolimiz bor.

Mutasaddilar yaqin orada bu masalani hal qilib bermasa, ahvolimiz yomon. Biz ham ko‘p qavatli uylar qurish buyurtmalarida ishtirok etishni istaymiz, lekin moddiy-texnika bazamiz yaxshilanmasa, ko‘p qatori qurilish ishlarini bajara olmaymiz. Odatda har yili 6-10 mlrd so‘mgacha mablag‘ni aylantirardik. Shu bozorning o‘ziga ham 1,5-3 mlrd so‘m pulimizni sarfladik”, – deya so‘zlaydi Eson Azimov.

Azimov ham bajargan ishlari uchun hisobot topshirishi ortidan olmagan daromadi uchun 480 mln so‘m soliqni kredit olib to‘lashga majbur bo‘lgan.

G‘ijduvon dehqon bozori qurilishida ishtirok etgan va biz bilan suhbatlashgan “Ostona qurilish fayz” MChJ ta’sischisi R. Asadov 850 mln so‘m pulini ololmayotgani, soliqni to‘lash uchun 500 mln so‘m kredit olishga majbur bo‘lganini bildirdi.

Boshqa bir quruvchi 516 mln so‘m mablag‘i “G‘ijduvon dehqon bozor qurilish” MChJ hisobida turganini bildirgan bo‘lsa, “206-son xo‘jaliklararo mexanizatsiyalashgan kolonna” rahbari Ma’ruf Naimovga ko‘ra, korxona bajargan ishlari uchun 628 mln so‘mni olganicha yo‘q.

Umuman olganda, “G‘ijduvon dehqon bozor qurilish” MChJning turli korxonalardan jami qarzdorligi 23,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu raqamni Buxoro viloyati hokimligi apparatining 2021 yil 5 apreldagi javob xati, G‘ijduvon tumanining sobiq hokimi M.Umarov imzosi bilan viloyat hokimi B. Zaripovga 2021 yil 16 iyulda yuborilgan xat ham ko‘rsatadi.

12 ta qurilish tashkilotining Prezident administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov, bosh vazir A.Aripov, bosh prokuror N.Yo‘ldoshev va boshqalarga yozgan ariza va iltimosnomalarida quyidagi raqamlar ko‘rsatilgan.

1.    “G‘ijduvon umum qurilish sifat” MChJ – 516 mln 164 ming so‘m

2.    “Oltin Po‘lot” XK – 843 mln 037 ming so‘m

3.    “Govshun qurilish montaj” XK – 300 mln so‘m

4.    “G‘ijduvon mukammal qurilish servis” MChJ – 1,479 mlrd so‘m

5.    “G‘ijduvon bunyodkori” ITKT – 621 mln 328 ming so‘m

6.    “Soktare mukammal qurilish” ITK – 347 mln so‘m

7.    “Qoraxoni mukammal qurilish” MChJ – 437 mln so‘m

8.    “Alisher Sharof bunyodkor quruvchi” MChJ – 1,049 mlrd 865 ming so‘m

9.    “Ostona qurilish fayz” MChJ – 1,052 mlrd 196 ming so‘m

10. “Ekstra plyus” – MChJ 500 mln so‘m

11. “Evrika stroy dizayn” MChJ – 1,7 mlrd so‘m

12. 206-son XKMK – 628 mln 613 ming so‘m

Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi? Aybdor kim? Pulni kim to‘lashi kerak?

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ rahbari Vali Sodiqov, tashkilot yuristi va qurilish bo‘yicha mutaxassislari bilan uchrashdik.

Olima Fazliyeva – “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ yuriskonsulti

“2018 yil 31 mayda “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ ro‘yxatdan o‘tgan. Bu jamiyatga G‘ijduvon dehqon bozorini rekonstruksiya qilishda qurilish ishlarini tashkil etish va boshqarish vazifasi yuklatilgan. Pudrat tashkilotlarini esa viloyat hokimligi yollagan.

Ammo pudrat shartnomasi direksiya bilan tuzilgani bois qurilish tashkilotlari pulni direksiyadan talab qilmoqda. Aslida mahalliy budjetdan qurilish uchun pullar ko‘chirilmagan”, – deydi Olima Fazliyeva.

Umuman, bugungi kunda MChJning 28ta pudrat tashkilotidan 27,6 mlrd so‘m qarzdorligi bor. Bundan tashqari, Xalq bankidan 26 foizlik 10 mlrd so‘m kredit ham olingan. Shundan 2,1 mlrd so‘mlik muddati o‘tgan kredit to‘lovi ham amalga oshirilishi kerak.

“2 yildirki, tuman va viloyat hokimliklari, tuman va viloyat prokuraturalari, boshqa idoralarga yozayapmiz. Qolaversa, PQ-2853-son bo‘yicha komissiya ham tuzilgan bo‘lib, ushbu komissiyaga ham murojaat qildik. Qarzdorliklarni to‘lab berish uchun harakat qilinyapti.

Iqtisodiy sudlar (qarori bilan) penya va davlat bojlari bilan inkassamiz to‘lib ketdi. Direksiya bu pullarni qanday qoplaydi, uning ishlab chiqarishi bo‘lmasa, daromad manbayi bo‘lmasa. Biz ishni tashkillashtirib bergan bo‘lsak, davlat bozordan tushayotgan daromadning 51 foiz ulushini olib turgan bo‘lsa”, – deydi Olima Fazliyeva.

“G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ mutasaddilarining aytishlaricha, viloyatning sobiq hokimi O‘ktam Barnoyev o‘z vaqtida kelib, G‘ijduvon dehqon bozori hududida barpo etilayotgan zamonaviy savdo majmuasi chiroyli qurilayotganini ko‘rgach, dehqon bozori qurilishini ham ushbu tadbirkordan iltimos qiladi.

Qahhor G‘afurov “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ mutaxassisi

Qahhor G‘afurov

“Bozor qurilishidan avval, viloyat hokimligi rahbarlari ishtirokida katta yig‘ilish o‘tkazildi. Tumanda 23 ta qurilish tashkiloti bo‘lsa, hammasi shu bozor qurilishiga jalb qilingan edi. O‘sha yig‘ilishda viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari N. Hamdamov tomonidan bajariladigan ish jadvali tuzilib, qurilish tashkilotlariga ishlar taqsimlab berildi.

Belgilangan muddatda ishlar bajarildi. G‘ijduvon dehqon bozorini qurishga 120 mlrd so‘m sarflangan bo‘lsa, 90 mlrd so‘m atrofidagi mablag‘ do‘konlarni sotish evaziga qoplandi. O‘ktam Barnoyev (Buxoro viloyatining sobiq hokimi) qolgan qismini budjetdan (mahalliy) to‘lab berishga va’da bergan edi. Lekin budjetdan 3 mlrd so‘m pul berildi, xolos.

23 mlrd so‘mlik qarzdorlikni 2 yildirki to‘lay olmayapmiz. Ammo bu pullar budjet tomonidan berilishi kerak. Bozor har oy kamida 500 mln so‘m daromad qiladi. Bozorni ishlatishyapti, ammo tadbirkorning, quruvchining pulini bergani yo‘q. Shu bozorning orqasidan qancha quruvchilar bankrot bo‘ldi. Lekin har oy o‘z ulushi sifatida 250 mln so‘m oladigan tuman hokimligi ham pul bermayapti. Taftish ham o‘tkazishdi. Beriladigan pullarni qisqartirishdi, lekin pulni bermaydi. Pulni to‘lash niyati ham yo‘q, yana bilmadim.

Bizga majburlab, ikkinchi qavatni qurdirdi. Uni sota olmayapmiz. Vaqtida 2-qavatni qurmaslikni aytdik, ammo qurdirishdi. Endi sotilmasdan bo‘m-bo‘sh turibdi”, – deydi Qahhor G‘afurov.

Bizga aytishlaricha, bozor va tevarak-atrofini obodonlashtirish, panjaralar, avtoturargohlar va ma’muriy binolar qurish xarajatlari mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirilishi lozim edi, biroq atigi 3 mlrd so‘m pul berilgan. 1 mlrd so‘m keyinchalik qaytarish sharti bilan taqdim qilingan.

“G‘ijduvon dehqon bozori” MChJ rahbari esa, yaqinginada tayinlanganini aytar ekan, to‘lovlar qanday amalga oshirilgani, qarzdor direksiyaning moliyaviy ahvoli qandayligi bo‘yicha taftish ketayotgani bilan cheklandi.

“G‘ijduvon dehqon bozori rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ tashkil etilgan va to‘lov ham ushbu MChJ tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan. Hozirgi kunda, to‘lovlar qanday amalga oshirilgani, iqtisodiy holati qandayligi yuzasidan taftish olib borilmoqda. Taftish yakuni bo‘yicha xulosa beriladi. To‘lovlar amalga oshirilishi albatta kafolatlanadi. “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ nizomida, bozor qurilishi yakunlangach, jamiyat ham tugatilishi ko‘rsatilgan”, – deydi Vali Sodiqov.

Tuman hokimi bilan suhbatimiz juda qisqa bo‘ldi. Sherzod Ashurov bozor hali foydalanishga qabul qilinmagani, u hamon direksiya ixtiyorida ekanini ta’kidladi.

Sherzod Ashurov – G‘ijduvon tuman hokimi

“Hali bozor (foydalanishga) topshirilgani yo‘q. Avval u foydalanishga qabul qilinishi kerak. Qurilgan binolar (do‘konlar) Direksiyani hisobida. Uni sotishga davlat yordam bera olmaydi. Ikkita yuridik firma orasiga ham davlat aralasha olmaydi”, – dedi Sherzod Ashurov.

Shu o‘rinda, hokim Sherzod Ashurovning so‘zlari haqiqatga mos kelmasligini hujjatlar asosida tahlil qilib ko‘ramiz.

1-fakt. Hujjatlarga ko‘ra, “G‘ijduvon dehqon bozori” qurilishi yakunlangan va foydalanishga topshirilgan. Bozorni foydalanishga qabul qilish komissiyasining dalolatnomasi asosida tumanning sobiq hokimi M.Umarov 2020 yil 14 avgust kuni 598-son qarorni imzolagan.

2-fakt. 2018 yil 27 fevralda G‘ijduvon tumani hokimi M.Umarov “Tumandagi dehqon bozorini qayta qurishga ruxsat berish to‘g‘risida”gi 438-sonli qarorini chiqargan. O‘sha yil 3 aprelda Buxoro viloyat hokimi (marhum) O‘ktam Barnoyev 199-sonli qarorni imzolash orqali G‘ijduvon dehqon bozori hududi kengayishi va rekonstruksiya qilish ishlarini boshlashga ruxsat beradi. Shu bilan birga, ushbu qarorning 5-bandida “muassis sifatida G‘ijduvon tuman hokimligining G‘ijduvon dehqon bozori ustav fondidagi ulushi kamida 51 foiz bo‘lishi” belgilangan.

Shu o‘rinda, Buxoro viloyati moliya bosh boshqarmasining 2021 yil 12 iyuldagi GB06133727-sonli javob xatida ta’kidlanishicha, “G‘ijduvon dehqon bozori” MChJni rekonstruksiya qilish va uning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zmilliybank” G‘ijduvon bo‘limi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan”.

Ammo, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki G‘ijduvon bo‘limi bozorni rekonstruksiya qilish va qurishga bir tiyin ham mablag‘ ajratmagan. Aksincha, qurilish ishlarining barchasi qayta qurilgan savdo do‘konlarini sotish orqali moliyalashtirilgan.

O‘sha xatda qayd etilganidek, “... Budjet kodeksining 142-moddasiga asosan, “G‘ijduvon dehqon bozori” MChJning xarajatlarini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Bu holatda savol tug‘iladi: Bozor qurilishida hech bir asosda moliyaviy ishtirok etmagan, hatto bozor hududini obodonlashtirish xarajatlarini qoplamagan tuman hokimligi bozorning 51 foizlik ulushga egalik qilayotgani, qolaversa, berilmayotgan pullarni undirish ikki yuridik shaxs o‘rtasidagi munosabatligini ta’kidlashi “tayyorga ayyorlik” emasmi?

Tuman hokimligi, bu o‘rinda o‘z hududida qurilish ishlarini amalga oshirib kelgan va kelayotgan, bir necha yuz kishini doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlayotgan qurilish tashkilotlarining manfaatlarini nima uchun himoya qilmasligi kerak?

Bozorni qurish chog‘ida topshiriqlar bergan va “muddatida bitirish”ni talab qilgan tuman va viloyat hokimliklari emasmidi? Bozorga tushayotgan pul mablag‘larini nahotki qarzlarni to‘lashga yo‘naltirmasa?!

Qolaversa, muammoda viloyat hokimligining ham bevosita ishtiroki bor. Ya’ni 2019 yil 26 sentyabrda Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” hamda “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ rahbari V. Sodiqov o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘z yugurtirsak, vaziyat yanada oydinlashadi. Unda “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” – loyihani moliyalashtiruvchi sifatida, “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJ esa bajaruvchi sifatida qayd qilingan.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, viloyat hokimligi o‘z zimmasidagi to‘lovni amalga oshirish o‘rniga, uni bajaruvchi zimmasiga yuklab qo‘ymoqda. Bu bilan bajaruvchidan “yemagan somsasiga pul to‘lash” talab qilinyapti, deyish mumkin.

Tasavvur qiling, siz sherigingizning lafziga va u bilan tuzilgan kelishuvga ishonib, ishchilarni yolladingiz, ularni o‘zlarining hisobidan ishlatdingiz, ish bitgach, to‘lovga kelganda do‘stingiz va’dasida turmadi va sizning yuzingiz shuvut bo‘lib qolmoqda. Bu insofga to‘g‘ri keladimi? Aslida, moliyalashtiruvchi sifatida “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” pudrat tashkilotlar savollariga javob berishi kerak emasmi?

Xullas, Buxoroning G‘ijduvonida mana shunaqa gaplar. Qurilish tashkilotlari “G‘ijduvon dehqon bozori qurilish” MChJni sudga bergan bo‘lsa, MChJ navbatdagi qadam sifatida viloyat hokimligini sudga berishni rejalashtirmoqda. Tadbirkorlarga alam qilayotgani “ishni bajartirib, kattalar oldida “ochko”ni olgan mutasaddilarning “bor otangga, bor onangga” qabilida ish qilayotganlaridir.

Masalaning yana bir jihati bor, bu – qurilishlarning tepasida turgan hokimlarning biri marhum, biri boshqa ishga o‘tkazilgan. So‘nggi vaqtlar O‘zbekistonida yangilar (Botir Zaripov, Sherzod Ashurov) eskilarning majburiyatlari uchun javob bermaslikni odatga aylantirmoqdalar.

Bunday noxush va ko‘ngilsiz ishlar tasavvuf olamida mashhur kishilardan bo‘lgan Abdulxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohining yonginasida sodir bo‘layotgani, tadbirkorlarning norozi qilinishi, ayrimlarining biznesi kasodga uchrashi, buning ortidan qurilishda ishlaganlarning ish haqi berilmay kelinayotgani afsuslanarli va achinarli hol. Nahotki, G‘ijduvon va Buxoro viloyati mutasaddilari birovlarning haqidan qo‘rqmaydigan bo‘lib ketishgan bo‘lsa?!

Ko‘proq yangiliklar: