Quyuq tuman O‘zbekistondagi bir qator aeroportlar faoliyatini cheklab qo‘ydi

O‘zbekiston 13:54 / 07.01.2022 3857

Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, Namangan aeroportida quyuq tuman tufayli – ko‘rish masofasi 150 metrga yaqin – «Aeroflot» aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan uchgan AFL602 reysi soat 07:05 da belgilangan aeroportga qo‘na olmadi va Toshkentdagi zaxira aerodromga jo‘nab ketdi. Ayni damda aviakompaniya yo‘lovchilarni oziq-ovqat va mehmonxona bilan ta’minlagan. Toshkentdan Namanganga parvoz mahalliy vaqt bilan soat 18:40 ga belgilangan.

Shuningdek, ob-havo sharoiti tufayli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent – Namangan – Novosibirsk yo‘nalishidagi navbatdagi HY3669/69 reysining mahalliy vaqt bilan soat 10:35 da Namanganga yetib kelishi kerak bo‘lgan parvozi kechiktirildi. Hozirda bort Toshkentda turibdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentdan uchish soat 13:35 ga belgilangan.

Ertalab quyuq tuman yana ikkita – Andijon (ko‘rish masofasi 400 metrga yaqin) va Navoiy (ko‘rish masofasi 50 metrga yaqin) aeroportlarida kuzatildi. Bu vaqtda, reyslar jadvaliga ko‘ra, ushbu aeroportlarda parvozlar amalga oshirilmagan. Hozirgi vaqtga kelib tuman deyarli tarqaldi, aeroportlar parvozlarni qabul qilishga tayyor.

Ko‘proq yangiliklar: