Qashqadaryoda nafaqa tayinlashda yordam berganini aytib, fuqarodan pul so‘ragan MFY raisi o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 15:06 / 03.01.2022 1660

Ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod tumanidagi MFY raisi o‘rinbosari nafaqa tayinlanishida ko‘maklashganini aytib, fuqarodan pul talab qilgani, pulni klik orqali olishga uringani haqida xabarlar tarqaldi. Dehqonobod tumani hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, hozirda MFY raisi o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro Yu.M. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan.

Uning arizasi yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish davomida Dehqonobod tumanida yashovchi H.B. 2021 yilning 29 yanvar kunidan hozirgi kunga qadar MFY raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelib, xizmat mavqeyidan foydalanib, boshqalar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan.

So‘ng o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, o‘zlarida bo‘lmagan vakolatlarni namoyon qilib, 2021 yilning noyabr oyida fuqaro Yu.M.ga 14 yoshga to‘lmagan besh nafar farzandi uchun kam ta’minlangan oilalarga ajratiladigan ijtimoiy nafaqa chiqarib berishini va’da qilib, undan jami 250 ming so‘m pullarni talab qilib olgan va firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan MFY raisi o‘rinbosari H.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: