SIM-kartalarsiz Apple, «Raqamli prokuror», Marsda olingan yangi fotosuratlar - hafta texnologik dayjesti

Fan-texnika 13:04 / 02.01.2022 133944

SIM-kartalarsiz Apple

Foto: Getty Images

AQShning Apple kompaniyasi SIM-kartalarsiz smartfon ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bunday smartfonlarda SIM-kartalar o‘rniga eSIM qo‘llanadi. Ushbu texnologiya telefonni jismoniy tashuvchiga (SIM-karta) bog‘lamagan holda bir yoki bir nechta raqamni qo‘llash imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, Apple AQShdagi mobil aloqa operatorlari bilan bu borada muzokaralar o‘tkazib, ularga virtual SIM-karta (eSIM) bilan jihozlangan smartfonlar chiqishiga tayyor turishni tavsiya qilgan.

Insayderlar ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2022 yilning 2-yarmidan SIM-kartalar uchun raz’yomlar bo‘lmagan smartfonlarni ishlab chiqarishni boshlaydi. Ushbu yangilik nafaqat yangi iPhone 14 modellarida, balki hozirda ishlab chiqarilayotgan iPhone 13larga ham tatbiq etiladi.

Xiaomi’dan uchta yangi smartfon

rCTdrOKe7fWWFZTLnpUmZc5CbjnxCP6m.jpg (1200×675)
Foto: Xiaomi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi yangi Xiaomi 12, 12 Pro va 12X smartfonlari taqdimotini o‘tkazdi. Barcha smartfonlar tasvirning yangilanish chastotasi 120 Gsni tashkil qiluvchi va HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi displey, tezkor xotira va quvvatlash texnologiyasi bilan jihozlangan.  

Xiaomi 12

Narxi: 8+128 Gbli versiya – 3699 yuan (580 dollar), 8+256 Gb – 3999 yuan (627 dollar), 12+256 Gb – 4399 yuan (690 dollar).

Xiaomi 12 Pro

Narxi: 8+128 Gb – 4699 yuan (738 dollar), 8+256 Gb – 4999 yuan (784 dollar), 12+256 Gb – 5399 yuan (847 dollar).

Xiaomi 12X

Narxi: 8+128 Gb – 3199 yuan (502 dollar), 8+256 Gb – 3499 yuan (550 dollar), 12+256 Gb – 3799 yuan (597 dollar).

Smartfonlar Xitoyda 1 yanvardan sotuvga chiqarilgan.

Marsda olingan yangi fotosuratlar

Foto: CNSA

Xitoyning «Tyanven-1» zondi Marsda olgan yangi fotosuratlarni e’lon qildi.

Suratlarda zond va Marsning umumiy tasviri, «Tyanven-1» qurilmasi, sayyoraning shimoliy qutb qalpog‘i va Mars yuzasini suratga olayotgan «Chjurong» marsoxodi aks etgan. 

Qayd etilishicha, zond va marsoxod me’yordagidek faoliyat olib bormoqda.

«Tyanven-1» zondi 527 kundan beri ishlamoqda, u Yerdan 350 mln km masofada joylashgan.

Marsoxod o‘tgan vaqt davomida 1400 metr masofani bosib o‘tdi. Ikki qurilma Marsga oid jami 560 Gb ma’lumot to‘plagan.

«Tyanven-1» 2020 yil 23 iyulda Marsga jo‘natilgandi. Zond yetti oydan so‘ng — 2021 yil 10 fevralda sayyoraga yetib borgan.

To‘liq o‘zini o‘zi boshqaruvchi yuk mashinasi

Foto: twitter.com/Customer3SIXTY

AQShning Arizona shtatida haydovchisiz va masofadan boshqarilmaydigan yuk mashinasi dunyoda birinchi marta umumiy yo‘llar bo‘ylab yurdi. Bu haqda transport vositasini ishlab chiqqan TuSimple kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi

Ta’kidlanishicha, mashinaning sinovi 22 dekabrda, tungi vaqt o‘tkazilgan. O‘zi boshqariluvchi yuk mashinasi 80 daqiqa vaqt ichida 130 km yo‘l bosib o‘tgan.

Mashina sinov vaqtida chorrahalardan muvaffaqiyatli o‘tgan, zarurat yuzaga kelganda harakatlanish polosasini o‘zgartirgan va bunda yo‘ldagi boshqa mashinalar bilan hamjihatlikda harakatlangan.    

Kompaniya yuk mashinani ishlab chiqish ustida 1,5 yil ish olib borgan.

«Raqamli prokuror»

Foto: Shutterstock

Xitoyning Shanhay shahridagi rayon prokuraturalaridan birida ayblov xulosasini tuzish uchun sun’iy ongdan foydalanildi. Bu haqda South China Morning Post gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, sun’iy ong 2015 yildan 2020 yilgacha Shanhay sudlarida ko‘rilgan 17 mingdan ortiq ishni o‘rganib chiqqanidan so‘ng prokurorlik qobiliyatiga ega bo‘lgan.

«Raqamli prokuror» 97 foiz aniqlikda ayblov e’lon qiladi.

Xabar qilinishicha, «raqamli prokuror» Shanhayda keng tarqalgan kredit kartalari bilan tovlamachilik qilish, qimor o‘yinlari tashkil etish, avtomobilni xavfli boshqarish, qasddan jarohat yetkazish, hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish, o‘g‘rilik, firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha hukm chiqaradi.

Tesla avtomashinalaridagi nosozliklar

Foto: istockphoto.com

AQShning Tesla kompaniyasi 500 mingga yaqin Model 3 va Model S elektrokarlarini yukxona va kapotdagi muammolar sababli ortga chaqirtirib oladi. Bu haqda kompaniyaning AQSh yo‘llardagi harakat xavfsizligi boshqarmasiga (NHTSA) yo‘llagan maktubiga tayanib Barron’s nashri xabar bermoqda.

Kompaniya NHTSA’ni 2017—2020 yillarda ishlab chiqarilgan Model 3 va 2014-2021 yillarda ishlab chiqarilgan Model S avtomobillarida yukxona va kapotning ochib-yopilishida muammolar borligidan xabardor qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: