Radiatsiya bilan yashayotgan hudud - “Manzil”da xavfli makon

O‘zbekiston 15:39 / 31.12.2021 21158

Bu qishloqda yashab, u yerdan ko‘chib ketgan ruslar, oradan bir ikki-yil o‘tib vafot etgan. Qishloqdagi konda ishlaganlar esa u yerdan qanday modda qazib olinishi, u nimaga ishlatilishi haqida umuman bilishmagan. “Manzil” loyihasining maxsus soni – uzoq yillar sir saqlangan va ko‘plab odamlarga zarar keltirgan kon haqida.

“Manzil” loyihasining navbatdagi soni Namangan viloyati Pop tumanidagi Qasarak qishlog‘ida tasvirga olindi. Rejamiz – qishloqning o‘zi, u yerdagi insonlar haqida sizga yetkazish edi. Tasvirga olish jarayonida uchratgan tashlandiq kon esa rejalarimiz boshqa tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.

Keling, avvalo, Qasarak qishlog‘i va uning oddiy odamlari haqida gaplasha qolamiz. Bizni hayratlantirgan va hatto ko‘plab savollar uyg‘otgan uran koni haqida esa bir ozdan so‘ng aytib bersam.

Qasarakda yuzga yaqin xo‘jalik istiqomat qiladi. Aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi va chet elda ishlaydi. Qishloq to‘liq tog‘ bilan o‘ralgan.

Qishloqda bizni qiynagan holat aloqa yomonligi bo‘ldi. Bu masala qishloqliklarni ham anchadan buyon qiynab kelar ekan.

Tog‘da qo‘y boqib yurgan bolalar oldiga borishga qaror qildik. Toqqa chiqishimiz rejalarimizni o‘zgartirib yubordi. Qo‘y va echkilarini boqib yurgan Shohjahon hamda Og‘abek ismli bolalarni suhbatga tortdik. Bolalar tog‘da eski kon tunneli borligi va uning uzunligi sal kam 150 metrga yetishini aytdi. Kon o‘tgan asrning 60-yillarida ochilgan va keyinchalik shunday tashlab ketilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qasarakka yaqin Chorkesar qishlog‘ida juda katta uran koni faoliyat yuritgan. 1950 yillarda ochilgan kon 1985-1990 yillarga kelib qazib olish kamaygan va faoliyatini tugatgan. Holatning qiziqligi shundaki, umrining katta qismini o‘sha konda o‘tkazgan Rahmonali Haydarov va uning hamkasblari u yerdan qanday modda qazib olinishi, u nimaga ishlatilishi haqida bilishmagan. Kon rahbariyati ham bu ma’lumotni sir saqlagan.

Kon va uning atrofidagi qishloq ta’minoti to‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvadan olib borilgan. Hatto Popdagi biror bir sohaga aralashmay qolmagan, dong‘i butun respublikaga yoyilgan Ahmadjon Odilov ham kon ishiga umuman aralashmagan.

Biz esa tashlandiq konni izlab, tog‘ oralab yo‘lga chiqdik. Aslida kon ikki nuqtada faoliyat yuritgan: biri aholiga yaqin joyda, ikkinchisi tog‘lar orasida. Biz, avvalo, tog‘ orasidagi kon qoldiqlarini topishga harakat qildik.

Aslida uran qazib olingan hudud radiatsiya maydoni hisoblanadi. Kon hududiga kirib borishda buni ko‘rsatib turuvchi belgilar o‘rnatilgan.

Mustaqillikka erishilgandan so‘ng, hududda radiatsiya borligi va bu yerda yashash hayot uchun xavfli ekani ma’lum qilingan. Orada konga yaqin hududdagi aholini boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha ishlar ham boshlangan, aholi ko‘chishni xohlamagani sababli ko‘chirish ishlari to‘xtatilgan. Shunday bo‘lsa-da, radiatsiya atrofida yashash o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.

Ha, uran koni asorati inson sog‘ligi uchun katta zarar hisoblanadi. Afsuski, sobiq ittifoq davridan O‘zbekiston hududida 4 mln tonna radioaktiv chiqindi saqlanib qolgan.

Bu chiqindilar joylashgan hududlarda ekologik sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi hamda qator davlatlarning homiyligi yordamida 2 mln yevro miqdorida birinchi grant ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Ushbu harakatlar oz bo‘lsa-da radiatsiya zararni pasaytirishga xizmat qiladi degan umiddamiz.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Ko‘proq yangiliklar: