AQShda armiya generalini Xitoyga ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq uchun qatl etishga chaqiriq yangradi

Jahon 21:21 / 28.12.2021 21558

AQSh vakillar palatasiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Noy Maljyeri mamlakat qurolli kuchlari shtablari boshlig‘i qo‘mitasi raisi, general Mark Millini qatl etishga chaqirdi. Siyosatchining bunday keskin ohangda gapirishiga Millining xitoylik harbiylarga qo‘ng‘iroq qilib, AQSh Xitoyga hujum qilmasligi, agarda bu yuz bergudek bo‘lsa ham, bu haqda Pekinni xabardor qilishga va’da bergani sabab bo‘lgan.

Nevada shtatidan nomzod bo‘lgan Maljyeri Veterans in Politics nashriga bergan intervyusida AQShning bosh generali jinoyatlarini tergov qilish uchun kongress komissiyasini chaqirishga hojat yo‘qligini aytgan.

“U harbiy xizmatdagi askar hisoblanadi. Shunchaki harbiy tribunal chaqirtiring. Sud qoralagan sotqinlarni nima qilishgan? Ularni qatl etishgan. Hali ham AQShning bu boradagi qonuni bor. Agar harbiy tribunal uni aybdor deb topsa, unda u osilishi kerak”, deb aytgan siyosatchi.

Millining xitoylik harbiylarga qo‘ng‘iroq qilgani haqida The Washington Post’da nashr muharriri yordamchisi Bob Vudvord va milliy siyosiy muxbir Robert Kostning kitobidan chop etilgan parchalardan ma’lum bo‘lgan. Ularda aytilishicha, general Milli Xitoy armiyasi generali Li Tszochenga qo‘ng‘iroq qilib, AQSh Xitoyga hujum qilmasligini aytgan, biroq bu yuz bergudek bo‘lsa ham, u Pekinni ogohlantirishga va’da bergan.

Ko‘proq yangiliklar: