2016 yil 23 noyabrda “2017–2021 yillarga mo‘ljallangan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida” hamda 2021 yil 2 aprelda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorlariga asosan Qashqadaryo viloyatida 1500 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 400 dona transformator punktlarida yangi qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda 1500 km elektr uzatish tarmoqlari va 400 dona transformator punktlarida ko‘zda tutilgan ishlar amalga oshirildi.
Natijada 479 ta mahalladagi 271 ming aholi xonadonlariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifati yaxshilandi.
Davlat dasturlari doirasida elektr tarmoqlarida amalga oshiriladigan rekonstruksiya-modernizatsiya ishlarini jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish maqsadida jamiyat qoshida temir-beton ustunlar ishlab chiqarish hamda tayanch traversasi yasash sexlari ishga tushirilib, 35 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.
Natijada boshqa korxonalardan bir dona temir-beton ustuni sotib olish uchun 1,2 mln so‘m atrofida qilinadigan xarajatdan voz kechilib, korxona huzuridagi sexda o‘rtacha 860 ming so‘mdan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali yiliga 5,1 mlrd so‘m xarajatni kamaytirishga erishildi.
Aytish joiz, aholi hamda ulgurji iste’molchilarga jami 674435 dona zamonaviy hisoblagichlar, 9932 dona ma’lumot yig‘ish konsentratorlari hamda 9432 balans hisoblagichlar o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha rejada ko‘rsatilgan barcha hisoblagichlar, konsentratorlar, balans hisoblagichlar o‘rnatib bo‘lindi.
Viloyatda iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish, elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash, energiya tejovchi qurilmalarni o‘rnatish borasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, elektr tarmoqlari obektlari bo‘yicha 2022–2026 yillarda 1 186,6 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 6199,1 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 1673 dona transformator punkti hamda 13 dona nimstansiya qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shundan 2022 yilda 339,4 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 1215 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari, 333 dona transformator punkti hamda 3 dona nimstansiya qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.
2022–2026 yillarda amalga oshirilishi belgilangan ishlar natijasida viloyatdagi 729 ta mahalladagi 319 mingdan ortiq iste’molchining elektr ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan va tashkil qilinayotgan ishlab chiqarish korxonalariga barqaror elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ Ⓣ