Xodimini haqoratlagani ortidan ishdan olingan Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari “uchastkavoy”lik qilmoqda

Jamiyat 19:32 / 26.12.2021 29521

25 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng Kun.uz muxbirining quvalik sobiq inspektor bilan bog‘liq xizmat tekshiruvi natijasi hamda mayor Ahmadjonovning ishdan ketgani nima uchun rasman e’lon qilinmayotganiga javoban Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev audio internetda tarqalgach, Ahmadjonovni lavozimidan olib, oddiy profilaktika inspektori lavozimiga tayinlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritilganini ma’lum qildi.

“IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev ham bu borada intervyu berdi. Mayor Ahmadjonov mana shu holat sabab ishdan olindi. Bundan avval lavozimidan olish uchun asos bo‘lmagan.

Sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonov tomonidan yozib olingan audioyozuv chiqqanidan keyin biz mayor Ahmadjonovni lavozimidan olib, oddiy profilaktika inspektori lavozimiga tayinlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritganmiz. Bu biz uchun jinoiy ish yoki ichki ishlar idoralaridan haydash uchun yetarli asos emas. Rahbar bo‘lib turib shunday gaplarni gapirishi, haqorat qilishi, so‘kishi hammasi.

Lekin shu bilan birga bu jinoyat bo‘ladimi, jinoiy tartibga tortadimi yo‘qmi, xizmat tekshiruvi uchun prokuraturaga berildi. Agar prokuratura mazkur holatda jinoyat alomatlari bor, deb topsa va jinoiy javobgarlikka tortilsa, sud hukmiga asosan biz xodimni ichki ishlar tizimidan bo‘shatamiz. Hozirda mayor Ahmadjonov Toshloq tuman IIBda profilaktika inspektori bo‘lib ishlayapti”, degan Toshxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, Quva tumani Baynalmilal mahallasi profilaktika inspektori lavozimida ishlagan, ayni paytda vazifasidan chetlashtirilgan sobiq xodim Nozimjon Nishonov 9 noyabr kuni Facebook orqali ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hamda vazirlikning Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Mirzayevga videomurojaat bilan chiqqandi. Videomurojaatda u mayor Ahmadjonov profilaktika inspektorlarini molxonasi qurilishida ishlatgani, ulardan 55 ming so‘mdan pul yig‘ib olgani, haydovchilarni jarimaga tortish bo‘yicha “plan” belgilaganini aytgandi.

Mayor Aziz Ahmadjonov

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida xizmat tekshiruvlari davomida Quva tumani ichki ishlar bo‘limi rahbarlarining tamagirligi, profilaktika inspektorlarini molxona qurilishida ishlatgani bilan bog‘liq faktlar tasdig‘ini topmaganini aytgandi.

Biroq shundan keyin sobiq inspektor navbatdagi videomurojaat bilan chiqdi. Videoda Quva tumani IIB rahbarlaridan biri deyilayotgan shaxs inspektorni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlagani, unga tahdid qilgani eshitiladi.

Shu paytga qadar IIV yoxud viloyat IIB tomonidan mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari jamoatchilikka oshkor qilinmagandi. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov xizmat tekshiruvi yakunlanmagani bois mayor Aziz Ahmadjonov va boshqa mansabdor shaxslarning lavozimidan chetlashtirilganini tasdiqlay olmasligini, tekshiruv yakunlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilishini ma’lum qilgandi.

Kun.uz o‘z manbalariga tayanib, Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Aziz Ahmadjonov 28 noyabr kuni vazifasidan chetlatilgani, shuningdek, internetda tarqalgan videomurojaatlarga aloqador barcha xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani, bu tekshiruvlar natijasida Quva tumani ichki ishlar bo‘limining yana bir nechta mulozimi intizomiy javobgarlikka tortilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Ko‘proq yangiliklar: